Nukus shahar tibbiyot birlashmasida koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemorlarni diagnostik saralash va davolash uchun mo‘ljallangan markazda ishlagan, lekin rag‘batlantirish pullari to‘liq to‘lab berilmagan ikki fuqaroning muammosi ijobiy hal etildi. Bu haqda Nukus shahar adliya bo‘limi Kun.uz muxbiriga xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2 nafar hamshira rag‘batlantirish pullari to‘liq to‘lab berilmaganidan norozi bo‘lib, Nukus shahar adliya bo‘limiga murojaat qilgan.
O‘rganishlar davomida fuqarolar N.X. va A.D. COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan maxsus kasalxonaga aylantirilgan Respublika o‘yin turlari, yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabiga Nukus shahar tibbiyot birlashmasi buyruqlariga asosan hamshira qilib biriktirilgani ma'lum bo‘ldi. Ular markazda haqiqatan ham kuniga 12 soatdan ishlagani aniqlangan (N.X. - 360 soat, A.D. - 324 soat).
Ta'kidlanishicha, birlashma tomonidan tasdiqlangan tabelda fuqarolar N.X. va A.D. kunlik 8 soatdan ishlagan, deb noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 sentyabrdagi 583-sonli qarori bilan «Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash obektlarida hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan xodimlarga maxsus rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomi tasdiqlangan. Tibbiyot birlashmasi nizomda keltirilgan maxsus to‘lovlarni ikki nafar hamshiraga to‘lab bermagan.
Shu bois, adliya bo‘limi tomonidan birlashmaga «qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va unga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilish» to‘g‘risidagi taqdimnoma kiritilgan, biroq tibbiyot birlashmasi tomonidan bo‘lim qonuniy talablari bajarilmasdan, taqdimnoma qanoatlantirilmagan.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritilgan. Da'vo arizasiga asosan, fuqaro N. X.ga 7 million so‘m va fuqaro A.D.ga 6,75 million so‘m undirib berish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilgan.
Oldinroq, Nukusdagi 2 mingdan ziyod MTT ishchilariga 462,3 mln so‘mlik ish haqi undirib berilgandi.