Olmazor tumanida 11 nafar tadbirkor manfaatlariga 3,6 mlrd so‘m zarar yetkazgan shaxslar faoliyati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mahkama huzuridagi departamentning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida, “M.m.” “A.” va “Y.f.” MChJ rahbarlari va boshqalar oldindan o‘zaro til biriktirib, 11ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlardan olingan 3,6 mlrd so‘mlik dori vositalarini naqd pulga sotib yuborib, savdodan tushgan pullarni to‘lamasdan firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbarlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.
Avvalroq, tadbirkorga o‘qotar qurol o‘qtalib, 70 000 dollar pul talab qilgan jinoiy guruh aniqlangandi.