Jismoniy va yuridik shaxslarga ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi beriladi

Jamiyat 20:24 / 12.03.2021 4563

Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni ma'qulladi. Ushbu qonunda jismoniy va yuridik shaxslarga ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilishi nazarda tutilgan.

Senat yalpi majlisida bugungi kunda Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning o‘zi tomonidan tasdiqlangan reglament bilan belgilab berilgani, xorijiy mamlakatlarda esa bunday qoidalar Konstitutsiyaviy sud tomonidan emas, balki qonun bilan belgilangani ta'kidlanib, qonunning yangi tahririda ushbu kamchilik bartaraf etilishi bildirildi.

Qonunning yangi tahririda Konstitutsiyaviy sudga masalalar kiritish huquqiga ega bo‘lgan sub'yektlar doirasi quyidagilar hisobiga kengaytirilmoqda:

  • Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi;
  • O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes ombudsman);
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil.

Bundan tashqari, ushbu qonun bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga muayyan ishda qo‘llangan qonun bilan ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda.

Ushbu Konstitutsiyaviy qonun prezident tomonidan imzolanib, rasmiy e'lon qilinganidan so‘ng kuchga kiradi.

Ma'lumot uchun, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning amaldagi tahriri 2017 yil 31 may kuni qabul qilingan bo‘lib, ushbu Qonun bungacha ham ikki marta – 1993 yil 6 may hamda 1995 yil 30 avgustda qabul qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: