Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining yaratilishi va vaksinaga hammualliflik qanday naf keltirishi haqida gapirdi.
Ma'lum qilinishicha, vazirlik va Xitoy fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti olimlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shu hamkorlik doirasida bevosita vaksina sinovlarining 1-2 fazalarida kuzatuvchi sifatida o‘zbekistonliklar ham ishtirok etishgan. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan butun dunyoda vaksinalar yaratish jarayonini ochiqlamaslik ko‘zda tutilgan edi. O‘zbekiston ham bu shartnomalarga imzo chekkan.
«Kelishuv asosida biz ham bu tadqiqotga qo‘shildik. Shundan so‘ng 2020 yilning noyabr oyida bu vaksinalar yurtimizga olib kelinib 3-faza klinik tadqiqotlari amalga oshirildi. Bunday tadqiqot O‘zbekistonda ilk marta o‘tkazildi va bu biz uchun tajriba bo‘ldi. Ushbu amaliyotda Virusologiya ilmiy tadqiqot instituti hamda vazirlik qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazidan 30dan ortiq olimlar, 112 nafardan ortiq shifokorlar kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etishdi.
Vaksina yaratish bo‘yicha tadqiqotlar Xitoy bilan parallel ravishda O‘zbekiston, Indoneziya, Ekvador va Pokistonda ham o‘tkazildi. Taqqoslaganda bizda juda yaxshi natijalar ko‘zga tashlangach Xitoy davlati tomonidan vaksina yaratilishida muallif sifatida O‘zbekiston ham tan olindi», deydi Ibrohim Abdurahmonov.
Vazirning ta'kidlashicha, avvaldan imzolangan shartnomaga ko‘ra hammualliflikdan O‘zbekistonga quyidagi imkoniyatlar kuzatilishi mumkin:
- O‘zbekistonga imtiyozli ravishda birinchi o‘rinda vaksinaning yetkazib berilishi (har qanday sharoitga qaramasdan);
- O‘zbekistonda vaksina ishlab chiqarishni va tijoratlashtirishni yo‘lga qo‘yish mumkin.
«Butun dunyoda vaksina ishlab chiqarayotgan davlatlarning dunyo aholisini ta'minlay olish imkoni yo‘q. Respublikamizda katta miqdorda ushbu vaksinaga ehtiyoj bor. Bu vaksinani yaratishda mualliflik huquqi birinchilardan bo‘lib olib kelish imkoniyatini yaratadi. 15 martga qadar 1 mln dozadan ortiq ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi keltirilishi rejalashtirilgan», degan vazir.
Avvalroq, O‘zbekistonga mart oyi davomida 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi olib kelinishi ham ma'lum qilingan edi.