Ronaldu «Yuventus»ni YeChLda torta olmadi. Ammo muvaffaqiyatsizlik uning aybimas

Sport 15:05 / 10.03.2021 20138

Chempionlar ligasi. 1/8 final. Javob o‘yini
«Yuventus» (Italiya) — «Portu» (Portugaliya) — 3:2, q.v. (0:1, 2:0, 1:1)
Gollar: Serjiu Oliveyra, 19 — penalti (0:1). Keza, 49 (1:1). Keza, 63 (2:1). Serjiu Oliveyra, 115 (2:2). Rabo, 117 (3:2).
«Yuventus»: Shchensni, Bonuchchi (de Ligt, 75), Aleks Sandru, Merix Demiral, Remsi (Makkenni, 75), Rabo, Artur (Bernardeski, 102), Krishtianu Ronaldu, Kuadrado, Morata, Keza (Kulushevski, 102).
«Portu»: Marchesin, Pepe, Mbemba, Manafa, Sanusi (Dias, 71), Serjiu Oliveyra (Diogu Leyte, 118), Otaviu (Sarr, 61), Uribe (Gruich, 90), Korona (Lum, 118), Marega (Martines, 106), Torimiy.
Ogohlantirishlar: Otaviu, 45+2. Torimiy, 52. Keza, 90+3. Kuadrado, 92. Serjiu Oliveyra, 97. Bernardeski, 103. Rabo, 114. Mbemba, 120+2.
Chetlatish: Torimiy, 54.
Sudya: Kaypers (Niderlandiya).
9 mart. Turin. «Allyans» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:2.

Qariyb uch yil muqaddam, 2018 yil yozida «Yuventus»  Krishtianu Ronalduni «Reala»dan 117 mln yevro evaziga sotib olgandi, turinliklar portugaliyalik mergan yordamida Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishni maqsad qilishgandi. 2015 va 2017 yillardagi finallardagi omadsizliklardan keyin jamoa rahbariyati klubga muhim o‘yinlarni hal qiluvchi figura yetishmayapti, degan qarorga kelgandi. Ammo, qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, Ronaldu kelganidan keyin «Yuventus» yanada kuchsizlanib, jamoaning natijalari yildan yilga pasayib bormoqda. Jamoa 2018/2019 yilgi mavsumda chorak finalda sensatsion ravishda «Ayaks»ga yutqazib turnirni tark etdi, 2019/2020 yilgi mavsumda – Yevropa miqyosidagi boshqa bir o‘rtamiyona jamoa «Liona» klubni 1/8 finaldayoq turnirdan chiqarib yubordi, bu mavsumda ham nimchorak finalda – yana kuchli beshlikdagi ligalar vakili bo‘lmagan «Portu»ga sharmandalarcha mag‘lub bo‘lindi.

«Yuventus» bosh murabbiyi Andrea Pirlo javob o‘yini uchun g‘alati sxema tanladi. Bu safar turinliklar to‘pga egalik qilgan holda uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynashmadi. O‘ng qanot to‘liq Xuanu Kuadradoga berildi, chap qanotda Aleks Sandro va Federiko Keza almashib harakatlanishdi. Chap qanotdagilar ko‘proq markazga yaqin o‘ynashdi. Ammo Kuadradoning sa'y-harakatlari bilan «Keksa sinora» tanaffusgacha ikki marta «yuz foizlik» vaziyat yaratdi: ammo «Portu»ning argentinalik posboni Agustin Markesin Alvaro Morataning qiyin zarbalarini bartaraf eta oldi.

Umuman olganda, «Yuventus» bu safar ham yaxshi o‘yin g‘oyasiga ega bo‘lmagan jamoadek ko‘rindi. «Portu» himoyachilari ortiga ko‘plab uzatmalar berildi, ammo mehmonlar barcha urinishlarni oson bartaraf etishdi. Faqatgina Ronalduning va boshqa hujum yetakchilarining individual harakatlariga hamda standart vaziyatlarga umid qilish mumkin edi. Turinliklar to‘pni yo‘qotgach, uni qaytarib olish uchun yetarlicha tajovuzkorlik ko‘rsatishmadi, yevrokubok o‘yinlarida esa sifatli pressingsiz g‘olib bo‘lish qiyin. «Ajdarlar» xavfli qarshi hujumlar uyushtirishdi. Eronlik forvard Mahdi Torimiy dastlab to‘sinni ko‘zladi, keyin Merix Demiral bilan to‘p uchun kurash vaqtida yiqilib, penalti ishladi. Voysex Shchensni to‘p yo‘nalishini topa olmadi, Serjiu Oliveyra hisobni ochdi. Portugallar birinchi bo‘limda raqibdan har tomonlama ustun edi – 9:7 (aniq zarbalar bo‘yicha – 4:4). Ronaldu faqat bir marta zarba bera oldi (noaniq), u Portudagi o‘yinda 90 daqiqa davomida ham faqat bir bor zarba yo‘llagandi.

Tanaffusdan keyin «Yuventus»dan o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tkazish uchun kamida ikki gol urish talab etilardi. Bu murakkab vazifa edi, Pirlo jamoasi birinchi bo‘limda «Portu» himoyasidan o‘tishga qiynaldi (mehmonlar safarda gol urib olgach, ikki qavatli himoya o‘rnatishdi). Ammo ikkinchi bo‘lim boshida yo‘q joydan gol o‘tkazib yuborildi, 49-daqiqa boshlanganida to‘p mehmonlar jarima maydoniga havolatib uzatib berildi, Krishtianu ofsaydga tushmagan holda to‘pga yetib oldi va uni Vilson Manafudan yashirgan holda biroz ortga tashlab berdi, Federiko Keza osonlik bilan darvozani ishg‘ol qildi. Ko‘p o‘tmay «Yuventus» qo‘shimcha ustunlikka ega bo‘ldi. Hakam qoida buzilgani haqidagi hushtak chalganida Torimiy to‘pni uzoqqa tepib yubordi va ahmoqona tarzda maydonni tark etdi.

Endi barchasi «Keksa sinora»ning o‘z qo‘lida edi. Italiya chempionlari ikkinchi golni ham uzoq kuttirishmadi. Kuadradodan chiroyli kross, Kezadan bosh bilan chiroyli yakun. «Portu» himoyachilari «Yuventus»ning qaysi futbolchisidan nima kutishga tayyor emasliklari ko‘rinib qoldi.

Hisob 2:1 ekanida krosslar va jarima maydoniga uzun uzatmalar turinliklarning asosiy quroliga aylandi. Masalan, Kuadrado Ronaldu uchun juda qulay imkoniyat yaratib berdi. Ikkinchi bo‘limda «Yuventus» jami 13 zarba berdi (oltitasi – aniq), shundan ikki zarba Krishtianuga tegishli edi. Lekin asosiy vaqtda boshqa gol urilmadi. 90+3-daqiqada Kuadradoning zarbasi ham to‘singa tegib qaytgach, «Portu» qo‘shimcha bo‘limlarga yetib oldi.

So‘nggi yarim soat tinimsiz hujumlar bilan o‘tdi. Qo‘shimcha vaqtlarda ikki tomonga yanada ko‘proq gollar urilishi, pozitsiyasini o‘zgartirgan va Kuadradoning qanotida faol o‘ynashda davom etgan Keza chetlatilishi, Ronaldu jarohat olishi (u darvozabon bilan to‘qnashuvdan keyin yelkasini ushlab qoldi) mumkin edi.

«Portu» ham o‘z o‘yini bilan tomoshabinlar simpatiyasiga ega bo‘ldi. Shuningdek, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra g‘alabaga ham. Serjiu Oliveyra jarima zarbasini golga aylantirdi, uning yerlatib bergan zarbasi Krishtianuning oyoqlari ostidan o‘tib ketdi.

«Yuventus» botqoqdan chiqib ketishga harakat qildi. Adriyen Rabo burchak zarbasidan keyin bosh bilan gol urdi, Matteys de Ligt ayyorlik bilan penalti ishlashga harakat qildi. Ammo agar bu ikki o‘yindagi harakatlari bilan «Keksa sinora» chorak finalga chiqqanida adolatsizlik bo‘lardi. Bu safar Ronaldu jamoani qutqara olmadi. Bundan kelib chiqmoqdaki, «Real» yulduzi uchun sarflangan pullar bekor ketgan, qatorasiga uchinchi mavsumdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin portugaliyalik bilan shartnoma uzaytirilishi ehtimoli juda kam. 

«U shunday o‘yinlar uchun yaratilgan. Ronaldu yonmoqda, u hordiq chiqardi va endi «Portu»ga qarshi o‘yinni sabrsizlik bilan kutmoqda». Bu Andrea Pirloning o‘yindan oldingi so‘zlaridan iqtibos, u «Yuventus»ning Chempionlar ligasidagi natijalari Krishtianuga naqadar bog‘liq ekanini eslatgandi. Chindan ham, portugaliyalik futbolchini Turinga jamoa nihoyat yevrokubokni qo‘lga kiritishi uchun taklif etishgandi, garchi «Keksa sinora» bunday yuqori cho‘qqiga chiqishga tayyor emasligi bilinib turgan bo‘lsa-da, mo‘jizaga va portugaliyalikning dahosiga ishonch hamon yashayotgandi.

Bu Ronalduning darajasida normal holat. 2018-2019 yilgi mavsumda Madriddagi 0:2 hisobidan keyin Turindagi javob o‘yinida «Atletiko» darvozasiga het-trik yo‘llanishi — «Oltin to‘p»ning besh karra sohibi uchun odatiy qahramonlik edi. Ammo keyinroq Krishtianuning o‘sha mavsumda «Ayaks»ga qarshi o‘yinlarda (1:1, 1:2) va o‘tgan mavsumda «Lion»ga qarshi o‘yinlarda (0:1, 2:1) urgan gollari jamoaga yordam bera olmagani - noodatiy holat edi.

O‘tgan oyda «Portu»ga qarshi o‘yingacha YeChL pley-off o‘yinlarida qariyb uch yil mobaynida turinliklar safida faqat Ronaldu gol urdi. Taqdir hazilini qarangki, 2018 yil aprelida aynan Krishtianu hozirgi jamoasini turnirdan chiqarib yuborgandi va bir oy o‘tib «Real» libosida «quloqli» kubokni so‘nggi bor boshi uzra ko‘tardi.

Uch yil oldingi «Dragau»dagi o‘yinda esa Keza gol urdi. Bu ko‘p vaqtdan buyon portugaliyalik yulduzga Turinda yetishmayotgan yordamchi edi. «MYu»da Ronalduning yonida Skoulz, Giggz va Runi bor edi. «Real»da — Beyl, Benzema va Modrich uning omadi kelmagan vaqtlarda gol urib turardi. Turinda esa Chempionlar ligasi o‘yinlari boshlanganida bo‘shliq yuzaga kelardi. Bunday hollarda Krishtianuda soyaga o‘tish huquqi yo‘q edi.

Seshanba oqshomidagi o‘yinda esa Keza «Yuve»ni o‘z yelkasida keyingi bosqichga olib o‘tishga harakat qildi, o‘yindan oldin Pirlo aytganidek, ehtimol «Portu»ga qarshi javob o‘yini burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin edi. Ronaldu yorqin porlamagan o‘yindagi irodali g‘alaba yangi jamoa tug‘ilishi uchun deyarli ideal ssenariy bo‘lardi.

Ammo ma'lum bo‘ldiki, hozirda Turinda yangi jamoa yo‘q. Jamoaning hozirgi holati ambitsiyalariga mos emas. Va bu Ronalduning aybi emas, uning qayg‘usi shuki, galaktik masshtabdagi yulduzni sotib olarkan, «Keksa sinora» bosslari boshqa muhimroq narsalarni unutishgandi. Boshqa transfer xatolari haqida ko‘p gapirish mumkin, masalan, Pyanich Arturga, Joau Kanselu — Daniluga almashtirilgani.

«Barselona» Arturning transferi orqali soliqchilarning e'tirozlaridan qutuldi. «Manchester Siti» ajoyib ijrochiga ega bo‘ldi, yosh futbolchi Pep Gvardiolaning qo‘lida butunlay boshqacha o‘yin ko‘rsata boshladi. Bu o‘rinda ispaniyalik murabbiy eslab o‘tilgani bejiz emas, chunki murabbiylik masalasi — turinliklar superklubining qulashidagi muhim jihatdir.

Massimiliano Allegrining nimasi yomon edi — bu savolga javob yo‘q. Albatta, «Yuve» rahbariyatida o‘ziga yarasha sabablar bo‘lgandi, ammo murabbiyning og‘ir xarakteri, uning talablari va rahbariyat yanada jozibador futbol istashi - natija bo‘lmagan taqdirda mantiqsizdir. Lekin natija ham Mauritsio Sarrini qutqara olmadi, u bir yillik ishdan keyin ishdan haydalishi — avvalgi qaror xato bo‘lganini tan olish edi.

Kuchli «Napoli»ni tuzgan mutaxassis «Yuventus»ga taktik tomondan ham, ruhiy tomondan ham to‘g‘ri kelmadi. Faqat xatolarni to‘g‘rilash kerak edi, murabbiylikda tajribaga ega bo‘lmagan Pirloning tanlanishi esa uyoqdan buyoqqa sakrayotgan klub qaysi tomonga harakatlanishni bilmayotganini ko‘rsatib qo‘ydi.

Bu qarorni Zidan fenomeni bilan asoslash mumkinmi? Ha, u fenomen. Lekin fransuz «Real»ning asosiy jamoasiga kelishdan oldin «Kastilya»ni boshqargan va Karlo Anchelottiga yordamchi bo‘lgan. Yaqin o‘tmishdagi daho futbolchi bo‘lgan Pirlo esa «Yuventus» yoshlar jamoasida endigina o‘n kun o‘tkazgandi. Maydonda u o‘yinni tushunishda benazir edi, ammo murabbiylik o‘rindig‘i hali Andrea uchun emasdi.

Jarohatlar va boshqa muammolar oqlay olmaydi, jamoa zaxira o‘rindig‘ida ham o‘z salohiyatini ko‘rsatishga imkon topa olmayotgan sifatli ijrochilar ko‘p. Italiya grandi bilan taqqoslaganda mavsumni barqaror o‘tkaza olmayotgan «Portu» esa ikki o‘yinda to‘rt bo‘limdan uchtasida hisobda ustunlik qildi, hatto bir kishi kam bo‘lib ham kuchli raqibni qiynab qo‘ydi. Shunday ekan, bu juftlikda barchasi haqqoniy natija bilan tugadi, Serjiu Oliveyraning jarima zarbasi vaqtidagi himoya «devori» esa — hozirgi «Yuventus»ni yaqqol ifodalaydi.

Ko‘proq yangiliklar: