«Xijolat bo‘lmang, sizga non bepul» - Quvadagi novvoyxonada ehtiyojmandlarga non tekinga beriladi

Jamiyat 12:09 / 09.03.2021 27730

Oramizda erta-yu kech xalq xizmatida tinim bilmay mehnat qilayotgan insonlar ko‘p. Ular umri davomida qo‘lidan kelganicha o‘zgalarga mehr-saxovat ko‘rsatish, duo va savob ilinjida birovning hojatini chiqarishga intilib yashaydi, hayotidan umuman nolimaydi. Halol rizq ortidan ro‘zg‘or tebratish barobarida, yon-atrofidagilarga birdek nafi tegadi... va bu ishidan zavq oladi.

Farg‘ona viloyati, Quva tumani, Chaman qishlog‘idagi Farg‘ona – Quva yo‘li yoqasida joylashgan novvoyxona nonidan ko‘plar tatib ko‘rgan.

O‘tgan ketgan yo‘lovchilar, butun mahalla ahli aynan shu nondan sotib olishga odatlangan. Chunki novvoyxona noni boshqa joylarnikiga o‘xshamaydi. Juda mazali. Eng asosiysi, bu yerda yopilgan nonlarni bepul olib ketishingiz mumkin. Novvoyxona faoliyatini ehson qilishga qaratgan.

Novvoyxonada 15 yoshidan buyon mana shu kasb bilan mashg‘ul bo‘lgan Ismoil novvoy ishlaydi. Uni Chaman qishlog‘i ahli yosh-u qari birdek yaxshi taniydi.

Ismoil novvoy har kuni uyidan novvoyxonagacha 2 kilometr masofani velosipedda bosib o‘tadi. Tong sahar 3da uyg‘onib kelib tandirga o‘t qalaydi. Shogirdlari tayyorlab qo‘ygan xamirdan non yopishga kirishadi. Uning deyarli bir kunlik vaqti aynan novvoyxonada o‘tadi. U bir kunda 16 soat ishlab, kech soat 19da velosipediga o‘tirib uyiga ravona bo‘ladi.

Ismoil aka shu sohada ishlayotganiga bu yil 25 yil bo‘ldi. U hayotidan aslo nolimaydi. Ishi unga doim zavq bag‘ishlab kelgan. Odamlarga issiq va mazali non ulashishdan o‘zgacha huzurlanadi.

Ayni kunlarda uning novvoyxonasida bir kunda 6 qopdan 9 qopgacha undan non yopilyapti. Yozda esa ish bundan ham ko‘payadi. Eng asosiysi, yopilgan nonlar ehson qilib turiladi. Novvoyxona atrofiga «Pulingiz bo‘lmasa xijolat bo‘lmang, sizga non bepul», — degan yozuv ilingan. Ayrimlar novvoyxonadan bepul non olib ketadi.

Ismoil Mirzayev: (novvoy)

«Issiqni-issiq, sovuqni-sovuq demay xalq xizmatidamiz. Xudoga shukr, shu kasb orqasidan ro‘zg‘orim but. Qora qozonimiz qaynab turibdi. Novvoyxonamizda ancha-muncha ehson qilib turamiz. Ko‘chadan o‘tgan yosh bolalar, kam ta'minlanganlarga to‘y-ma'rakalarida beminnat non beramiz. Bundan buyog‘iga yana 5 yilmi, 10 yilmi novvoychilik bilan shug‘ullanmoqchiman. Katta o‘g‘lim hozir 13 yoshda. U yonimga kirib qoldi. O‘g‘illarim ishimni davom ettiradi endi. Menga ham otam shu kasbni o‘rgatgan.

Bir yilda 40 martagacha ehson qilamiz. Muhtojlar, kasalxonadan chiqqan bemorlar, o‘tgan-ketganlarga beminnat nonlar beramiz ehson qilib. Yoz kunlarida ishimiz har doimgidan ko‘ra ko‘payib ketadi.

Ayni paytda ikki xil non yopamiz. Kichikrog‘i donasi 2 ming, kattarog‘i 3 ming so‘m. Ehson qilganimiz uchun Yaratgan ishimizga unum va baraka beryapti. Shogirdlarim juda ko‘p. Boshqa novvoyxonalarda ham men chiqargan shogirdlar ishlashadi. Ehson qilib, odamlarning hojatini chiqarganimizning o‘zi biz uchun katta narsa. Aytishadi-ku, «oltin olma, duo ol» deb. Odamlar bizni duo qilib qo‘ysa bo‘lgani».

Ismoil aka bilan suhbatlashib turganimizda, non olish uchun xaridorlar kirib kela boshlashdi.

Chaman mahallasida istiqomat qiluvchi Xosiyatxon aya Olimova novvoyxona haqida mamnuniyat bilan quyidagilarni gapirdi:

«Avvalo, novvoylarimizga rahmat. Tan-u jonlari sog‘ bo‘lsin. Yuzlari nondek aziz bo‘lsin. Doim ehson qilib turishadi. Pulimiz bo‘lmasa ham, bemalol, xijolat bo‘lmay kelib nonlaridan olib ketgan kunlarimiz ko‘p bo‘lgan. Ulardan xalq xursand. Ko‘chadan o‘tgan yetti yot begonalarga ham non ehson qilishadi. Ayniqsa, juma kunlari ehsonlari ko‘paygandan ko‘payadi. Novvoylarning himmati doim ulug‘ bo‘lsin».

Ismoil aka esa tinmay non yopar, tandirdan uzilgan nonlar zum o‘tmay tugab bitardi. Yo‘ldan o‘tayotgan aksariyat mashina haydovchilari ham to‘xtab, non xarid qilib ketar ekan. Maktabdan qaytayotgan o‘quvchilar ham non olgani kelishdi.

Alohida xonachada xamir tayyorlanadi. Kichik uycha. U yerda bir necha shogird qo‘li qo‘liga tegmay biri xamir qorar, kimdir zuvala olar, yana kimdir zuvalani shaklga keltirib, chekich urardi.

Yopishga tayyor holatga keltirilgan doira xamir ustiga qatiq va sedana surtgan yana bir shogird uni tandir yoniga tinmay tashib turardi. Yumush ko‘pligidan ular ishni smena shaklida tashkil qilishgan ekan.

Xamir qoriladigan xona ichidan tashqariga chiqqanimizda nonvoyxona egasi Zohidjon Turg‘unovni tandir oldida uchratdik. Tadbirkor bizga quyidagilarni aytib berdi:

«Novvoychilik bilan bir necha yildan buyon shug‘ullanib kelyapman. Yoz fasligacha ish joyimizni yanada kengaytirish niyatimiz bor. Yana yangi ishchilar olamiz. Yoshlarni ish bilan ta'minlaymiz.

Yaratganga shukr, pandemiya asta-sekinlik bilan ortga chekinyapti. O‘tgan yili pandemiya davrida odamlar qiynaldi. Buni hammamiz birdek ichimizdan his qildik. O‘shanda nonlarni yarim puliga tarqatgan kunlarimiz ham bo‘ldi. Ehsonlar qilib kam bo‘lmadik.

Alloh taolo shunday rahmdil zotki, bizga saxiylikni berdiki, bundan kam bo‘lmadik. Shundan keyin doimiy ravishda ehson qilishni yo‘lga qo‘ydik. Kim kelsa, muhtojmi, puli yo‘qmi hech ikkilanmasdan beryapmiz. «Non bepul», deb yozib ham qo‘yganmiz.

Alloh taolo Qur'oni Karimda «O‘zlaringga rizq qilib bergan narsalaringdan infoq-ehson qilinglar», deb marhamat qilgan. Ehsonning evaziga Yaratgan ko‘paytirib beryapti.

Boshqa tadbirkorlarga ham shuni aytmoqchiman: hech ikkilanmasdan, o‘ylanmasdan bemalol infoq-ehson qilinglar. Buning natijasini, barakasini albatta ko‘rasizlar. Ishning rivojini ko‘rasizlar.

Ehsonlar qilganimizdan odamlar xursand bo‘lib duolar qilishyapti. Hatto «Non bepul» deb yozilgan yozuvni ko‘rib ham duo qilishyapti. Yonimizdagi kasalxonadan bemorlar kelib doriga pul topa olmay qoldim, pulga muhtojman deganiga ikkilanmasdan pul beramiz. Mahalla, qishloq va hatto boshqa viloyatlarda istiqomat qiluvchi muhtojlarga ehson qilishni yo‘lga qo‘yganmiz.

Yoz faslida ishlar ko‘payadi. Saxovatimiz ham ko‘payadi. Yosh bolalar maktabdan qaytayotib novvoyxonaga to‘xtashadi, qo‘liga non tutqazib, siylaymiz. Odamlar keladi: yuzidan, siymosidan sezib qolamiz muhtojligini. Qo‘liga to‘rtta non tutqazamiz. Xursand ketishadi. Ehson qilib maza qilasiz, ichingiz yayraydi. Yaratgan ko‘paytirib berganini ko‘rib, bilib turib yana yayraysiz-da! Kelajakda faoliyatni yanada kengaytirib, ehsonlar sonini bundan-da ko‘paytirishni niyat qilganmiz.

Ismoil aka haqida gapiradigan bo‘lsam, bu kishi menga qadrdon bo‘lib qolgan. Novvoyxona ishini bemalol unga ishonib topshirganman. Yo‘g‘imda o‘rnimni bilintirmaydi. U bir necha yildan buyon men bilan ishlaydi. Ismoil aka yopgan nonlar ko‘pchilikka yoqadi. Akadan hayotda ko‘p maslahatlar olib turaman. U ko‘pni ko‘rgan. Shogirdlarimiz orasida ish o‘rganib boshqa joylarda alohida novvoyxona ochib faoliyat yuritganlari ham ko‘p. Ular orasida Rossiyaga borib, u yerda non yopayotganlari ham bor».

Hassaga tayangan keksa otaxon kelib, non taxlanayotgan supa yonidagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Otaxon qishloqda ancha muddat sartarosh bo‘lib ishlab, hozirda keksalik gashtini surayotgan ekan. U har kuni bu yerga kelib, issiq nondan tatib, novvoylarni duo qilib ketar ekan.

U novvoylarning amalga oshirib kelayotgan ehsonlaridan xalqning boshi osmonda ekani haqida xursand bo‘lib so‘zlab berdi. Ismoil novvoyning mehnatkashligi, u yopgan nonlar o‘zgacha mazaga ega ekanini ta'kidladi.

Ismoil novvoy esa har doimgidek non yopishda davom etar, tandir cho‘g‘ida uning ikki yuzi qip-qizil bo‘lib ketgan edi. Tandir ichiga har boshini suqib non uzayotgan paytda jilmayib qo‘yar, uzilgan nonlar supachaga taxlayotganini ko‘rib samimiyat bilan ich-ichidan quvonardi...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: