5 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xo‘jayeva «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2021 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida belgilangan vazifalar yuzasidan ma'lumot berdi.
Mazkur qarorga muvofiq, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha davlat siyosati ishlab chiqiladi va joriy etiladi.
Xususan:
- shakllangan dehqonchilik ko‘nikmalari, tuproq-iqlim sharoiti, suv ta'minotidan kelib chiqib, respublikaning barcha tumanlari muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga bosqichma-bosqich ixtisoslashtiriladi;
- ekinlarni joylashtirishda hosildorligi, eksportbopligi va yaxlit maydonlarda yetishtirilishiga e'tibor qaratiladi;
- kooperatsiya va klaster tizimi asosida mahsulot yetishtirish, uni qayta ishlash, saqlash va ichki hamda tashqi bozorlarga sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oshirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda kamida bitta tuman hududini organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtiriladi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda hudud ixtisosligidan kelib chiqib, tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit holda 300 gektargacha yer maydonlarida plantatsiya usulida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish, yetti yil muddatda to‘lash sharti bilan aholiga sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- kooperatsiya shartlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yoshlarga ekin maydonlari ijaraga beriladi, shuningdek, fermer xo‘jaliklari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining ekin maydonlarini ikkilamchi ijaraga beriladi.
Bu jarayonni amalga oshirishda yaqin yerlardan tanlanishiga, konturlar yaxlitligi saqlanishiga, tajribali agronomlar jalb qilinishiga, qishloq xo‘jaligi texnika va mexanizmlari, suv hamda ish qurollari bilan ta'minlashga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotishga ko‘maklashish amalga oshiriladi.