Qotillik 2 martdan 3 martga o‘tar kechasi Buvayda tumanining «Oqtepa» MFYda sodir bo‘lgan. Yangi qishloq mahallasida tug‘ilgan 19 yoshli kuyov K.I. qo‘shni qishloq — «Oqtepa» mahallasida istiqomat qiluvchi qaynotasi A.I. hamda o‘zining homilador rafiqasi S.I.ni o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sabab chopqi (dastkalla) bilan chopib tashlagan. Oqibatda qaynota A.I. og‘ir tan jarohati olib, ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramasdan, vafot etgan. Uning qizi S.I. esa shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Voqea mahallaning o‘zida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, viloyat va tuman mas'ullari hamda mahalla ahli ishtirokida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Sobirov viloyat va tuman huquq-tartibot idoralari rahbarlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda ushbu jinoyat sodir etilishiga oiladagi doimiy ravishdagi turli kelishmovchiliklar sabab bo‘lgani qayd etilgan. Fuqaro K.I. ayoli S.I. bilan sha'riy nikohdan o‘tib yashab kelgan. Mahalla ahlining ma'lum qilishicha, kelin hozirda Farg‘ona viloyati markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida hushsiz holda qolmoqda. Ahvoli og‘ir.
Voqea guvohlaridan biri — marhum A.I.ning akasi Anvarjon Ismoilov bo‘lgan voqeani Kun.uz muxbiriga quyidagicha hikoya qilib berdi.
«Ukamniki bilan uyimiz o‘rtasida bir devor bor, xolos. Xabar topishim bilan yugurib kirdim. Kirsam — «tez yordam» kelgan ekan. Ular ham shoshilinchda ishlashdi. Zambilni olib kirishga qarashdim. Uy ichiga kirsam — hammayoq qon. Ukam hushsiz polda yotibdi. Shifokorlar boshini bog‘lagan bo‘lishiga qaramay, tinimsiz qon oqardi. Olib chiqdik va «tez yordam» mashinasiga ortib, shifoxonaga olib ketdik.
Olib ketishimizda mashina ichida ukamning qo‘li osilib qoldi. Keyin bilsak, qo‘li ham singan ekan. Shifoxonada yordam ko‘rsatilishiga qaramay, ukamning joni uzildi. Uni shu darajada vahshiylarcha o‘ldirganki, bunday voqeani faqat kinolarda ko‘rganman. Ko‘rganlarimni so‘z bilan ta'riflab berishim qiyin. Ukam bunday o‘limga loyiq emas edi», deydi marhumning akasi.
Buvayda tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi, profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Saidbek Qazaqov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida bu hodisaga profilaktika inspektorlari bilan yaxshi ish olib borilmagani ham sabab ekanini aytib o‘tdi.
«Ushbu voqea bizga juda katta saboq bo‘ldi. Profilaktika inspektorlari bilan ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmaganimiz — bizning aybimiz. Kelgusida bunday holatlarning oldini olamiz. Hududlardagi notinch oilalar bilan yanada ko‘proq ishlaymiz», degan u.
Buvayda tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Oliya Akbarovnaning ma'lum qilishicha, Oqtepa qishlog‘i tuman markazidan 9 km uzoqlikda joylashgan. Qishloq «qizil hudud»ga tushgan. Shar'iy nikohda bo‘lgan fuqarolar K.I. hamda S.I. mahallada notinch oilalar ro‘yxatida turgan.
«Biz mahalla vakillari ishtirokida oila a'zolari bilan bir necha marta suhbatlashganmiz. Yarashtirish ishlarini olib borganmiz. Oila shar'iy nikohda yashab kelgan. Ularga bir necha bor oilalarini qonuniylashtirish bo‘yicha maslahatlar berganmiz. Bu voqea bizning tumanga, shu qishloqqa katta dog‘ bo‘ldi», dedi hokim o‘rinbosari.
Ayni paytda mazkur voqea yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi viloyat prokurori nazoratiga olingan.
Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri