Anqaradagi O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti – TURKSOY hamda Anqara shahar munitsipaliteti bilan birgalikda «Xiva - turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» xalqaro dasturi doirasida 3 mart kuni Turkiya poytaxtida Muhammad al-Xorazmiy yodgorligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Tantanali ochilish marosimida Turkiyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, elchi Alisher A'zamxo‘jayev, Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti — TURKSOY bosh kotibi o‘rinbosari Bilol Chaqichi, Turkiya Buyuk Millat majlisidagi «Turkiya-O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Usmon Maston, Anqara shahar Kechio‘ren munitsipaliteti hokimi Turg‘ut Oltino‘q, Anqara gubernatorligining Kechio‘rendagi vakili Urgut Bulut, shuningdek, mamlakat ilm-fan va madaniyat doiralari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Al-Xorazmiy yodgorligining Anqara shahrida o‘rnatilishi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida TURKSOY tomonidan e'lon qilingan «Xiva – turkiy dunyoning madaniy poytaxti» xalqaro dasturi doirasida amalga oshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston elchisi Alisher A'zamxo‘jayev Muhammad Muso Al-Xorazmiy insoniyat tarixi va tamaddunida alohida o‘rin tutgan buyuk shaxslardan biri ekanini ta'kidladi.
Yodgorlik Anqara shahrining Kechio‘ren tumanidagi mashhur bog‘lardan biri - «Jo‘ka vodiysi» (Ihlamur Vadisi») hududida o‘rnatildi. Turkiya poytaxtidagi mazkur so‘lim bog‘ mahalliy aholi va mamlakat mehmonlarining sevimli maskani hisoblanadi. Bog‘ 2016 yilda qayta ta'mirlanib, shakllantirilgan bo‘lib, 4,5 kilometrlik sun'iy kanal atrofida joylashgan saylgoh sifatida sayqallangan.
Ushbu maskanda ijtimoiy-ommaviy, madaniy tadbirlar tez-tez o‘tkazib turiladi.
Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, bugungi kunda Anqarada «O‘zbekiston» nomli 3ta, «Toshkent» deb yuritiluvchi 12ta, «Samarqand» nomli 8ta va «Buxoro» deb ataluvchi 11ta ko‘cha mavjud.
Kechio‘ren tumanidagi mashhur bog‘da qad rostlagan Muhammad al-Xorazmiy yodgorligi esa O‘zbekistonning buyuk ilm-fani va merosini targ‘ib etuvchi navbatdagi obektlardan biri bo‘ldi.
Muhammad al-Xorazmiy yodgorligining rasmiy ochilish marosimidan so‘ng O‘zbek milliy kiyimlari ko‘rgazmasi va «Mendirman Jaloliddin» filmining namoyishi bo‘lib o‘tgan.