Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga subsidiyalar ajratiladi

Jamiyat 13:11 / 04.03.2021 4204

«Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 martdan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kompensatsiya va kafilligidan foydalangan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yo‘nalishidagi krediti bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida qaytarayotgan tadbirkorlarga, ularning kredit bo‘yicha qarzdorligi to‘liq qoplanmaguncha, yangi kreditlar bo‘yicha jamg‘armaning kafilligidan yana foydalanishga ruxsat beriladi.

2021 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 yanvargacha naslchilik sub'yektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llanadi.

Tadbirkorlar tomonidan tegishli ro‘yxatdagi tovarlar O‘zbekistonga olib kirilganda ularni olib kirishda hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddati 180 kunga uzaytiriladi.

2021 yil 1 iyuldan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga respublika budjetidan tegishli miqdorda subsidiya ajratiladi.

2021 yil 1 aprelgacha quyidagilar uchun hukumatning zaxira jamg‘armasidan 3 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi:

  • chorva mollari va parrandalar ozuqasi tarkibini tahlil qilish;
  • parrandalar kasalliklari tashxisini qo‘yish bo‘yicha laboratoriyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash.

«O‘zbekchorvanasl» agentligi markaziy apparati tuzilmasida 5ta shtat birligidan iborat Parrandachilik va quyonchilik sohalarini rivojlantirish boshqarmasini tashkil etiladi.

Parrandalar bosh sonini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta tovonining 50 foizigacha bo‘lgan qismi Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Ko‘proq yangiliklar: