Kun.uz bundan bir oy oldin Shahrixon tumanidagi Fayziobod mahallasini qiynab kelayotgan yaroqsiz ko‘prik, hududdagi ichimlik suvi va elektr ta'minotidagi kamchiliklar yoritilgan maqola e'lon qilgan edi.
Videomaqola e'lon qilingach, mahalladagi muammolarga prezident Shavkat Mirziyoyev ham e'tibor qaratib, selektorlardan birida Andijon viloyati hokimidan izoh so‘radi.
Davlat rahbarining topshiriqlaridan so‘ng muammolar qanday hal etilayotganini o‘rganish maqsadida biz yana Shahrixonga yo‘l oldik.
Ayni paytda hududdagi eski alvasti ko‘prik o‘rniga piyodalarga vaqtincha foydalanish uchun yangi ko‘prik qurilibdi. Asosiysi, Shahrixonsoy ustiga zamonaviy, uzunligi 32, eni 6,5 metr bo‘lgan, transport vositalari ham o‘tishiga mo‘ljallangan ko‘prik qurilishi boshlangan.
Loyiha qiymati – 4,5 milliard so‘m.
Ma'lum bo‘lishicha, bir oy ichida mahallaga 1 kilometrdan ziyod yangi elektr tarmog‘i tortilgan. 25 ta simyog‘och o‘rnatilib, transformator yangilangan.
Bundan tashqari, barcha ko‘cha va uylarga ichimlik suvi tortilib, suv qudug‘i va minorasi yangilanib, suv muammosi ham bartaraf etilgan.
«Kun.uz saytidan mahallamizga kelib, holatni o‘rganishgan edi. Mana, bir oyga qolib-qolmasdan ko‘prik qurildi, simyog‘ochlar o‘rnatildi, uylarga suv keldi, bundan mahallamiz ahli juda xursand. Mana, yangi zamonaviy ko‘prik qurilyapti. Tuman hokimligi tomonidan vaqtinchalik bo‘lsa ham mana bu ko‘prik qurib berildi.
Aholi shu ko‘prikdan o‘tib, bola-chaqa juda xursand. Muhtaram prezidentimizning nazari tushib, milliard-milliard so‘m pulga bitadigan katta zamonaviy ko‘prik qurdirib beryapti. Yengil mashina ham, yuk mashinasi ham o‘tadigan holatda bo‘lyapti. Tez va jadal bo‘lyapti bu ishlar», – deydi mahalla oqsoqoli Abdumannob ota Ismonov.
«Andijon suv ta'minoti» MChJ Shahrixon tuman filiali boshlig‘i Valijon Mullajonovning ma'lum qilishicha, «Qo‘rg‘oncha» MFYga qarashli Fayziobod ko‘chasi aholisini to‘liq ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun «Turon tongi» MChJ bilan birgalikda 1,5 km suv tarmog‘i tortilib, yangi quduq ishga tushirilgan.
Fayziobodda elektr ta'minoti bo‘yicha muammolar bartaraf etilgan. 25 dona beton tayanchlar o‘rnatilib, 1,2 km yangi tarmoq tortilibdi.
«Mahallamizda yangi ko‘prik qurilyapti, to‘liq elektr tarmoqlari tortildi, bundan mahalla xursand. Mana, suv tarmoqlari tortildi, hamma xonadonda suv chiqyapti... Mana shu qilingan ezgu ishlarning barchasi muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning e'tiboridan so‘ng boshlandi. Biz mahalla ahlimiz bilan prezidentimizga juda katta minnatdorchilik bildiramiz. Viloyat hokimiga ham, tuman hokimiga ham minnatdorchilik bildiramiz», – deydi «Qo‘rg‘oncha» MFY raisi Azizaxon Rahimova.
Elmurod Ermatov,
Jahongir Mahmudov