Qashqadaryoda 75 mln dollarlik loyiha – yangi siquv kompressor stansiyasi ishga tushdi

Jamiyat 18:56 / 01.03.2021 8188

Odatda tabiiy gaz konlari ko‘proq cho‘l hududlarida uchrashi sababli soha inshootlari ham juda tarqoq joylashgan. Alan koni ham Qarshi shahridan keyin 150 kilometr masofada.

Aslida bu kon o‘tgan asrning 70-yillarida ochilgan. Yillar davomida foydalanilgach, gaz bosimi pasayib, jaydari tilda aytganda «o‘lik» konga aylangan. Siquv kopmressor stansiyasini ishga tushirishdan maqsad – ana shu past bosimli konni yirik salohiyatli konga aylantirish.

Samarasi past konlarda bu kabi stansiyalar ishga tushirish olinayotgan gaz hajmini bir necha o‘n baravarga oshiradi.

Loyihaning umumiy qiymati – 75,12 mln dollar. Loyiha prezidentning bir nechta qarorlari asosida, «O‘zbekneftgaz» AJ, «Natural Gaz-Stream» MChJ QK va «ERIELL OILFIELD SERVICES MIDDLE EAST DMCC» kompaniyalari xamkorligida amalga oshirildi.

Siquv kompressori ochilishi marosimida «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev qatnashdi.

 

«Muborak neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli bu kon 1977 yilda ochilgan yirik konlardan biri bo‘lib, boshlang‘ich zaxirasi 220 mlrd kubometr tabiiy gazni tashkil qilgan. Keyinchalik bosimning keskin tushib borishi sababli 2015 yilda dastlabki siquv kompressor stansiyasi ishga tushirilgandi.

Kondagi qoldiq zaxirasi hozirda 25 mlrd kubometrni tashkil etmoqda. Gazni samarali qazib chiqarish maqsadida o‘tgan yili 2-stansiyani ham qurishga qaror qildik. Chunki ehtiyojdan kelib chiqib gaz hajmini ko‘paytirishni oldimizga maqsad qilganmiz.

Mazkur obekt qisqa muddatda qurib bitkazildi. Uskunalar yetakchi xorijiy kompaniyalardan keltirildi. Endilikda mazkur majmuada kunlik bir million kubometr qo‘shimcha gaz qazib chiqariladi.

Ta’kidlash joizki, bu loyiha hukumat rahbariyati tomonidan sohani rivojlantirishga qaratilgan ishlarning faqat bir qismi bo‘lib, bunday loyihalar tizimli ravishda davom ettiriladi. Bundan maqsad – aholini tabiiy gaz, suyultirilgan gaz va neft mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlashdir.

O‘tgan 2020 yilning asosiy qismi pandemiya davriga to‘g‘ri kelganiga qaramasdan, neft-gaz sohasida samarali yil bo‘ldi. Yirik qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, Muborak neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida ham yangi majmualar ishga tushirildi», – dedi Mehriddin Abdullayev.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi rahbariyati, qurilish tashkilotlari, soha faxriylari ishtirokida siquv kompressor stansiyasi faoliyatiga tantanali start berildi.

Shundan so‘ng loyihani amalga oshirishda xizmat qilgan hamkor tashkilotlar, qurilish tashkilotlari hamda neft-gaz sohasi vakillariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

E31nOTXIwbK66tsX9Ly2tgNqionzLyIs.jpg (1280×853)

Shu tariqa 6 oy ichida qurib bitkazilgan, yiliga 3,3 mlrd. m3 tabiiy gaz olish imkonini beradigan siquv kompressor stansiyasi ishga tushdi.

Stansiya gaz bosimini oshirish bilan bir qatorda uning tarkibidagi suyuq komponentlarni ajratib olish uchun gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga yetkazib berishga xizmat qiladi.

 «O‘zbekneftgaz» ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil yakuniga qadar Alan konida 14 ta yangi quduqlarni burg‘ulab ishga tushirish va natijada qo‘shimcha 164,7 million kubometr tabiiy gaz hamda 3,6 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, 36 ta quduqda kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlarini bajarish orqali qo‘shimcha 63,7 million kubometr tabiiy gaz va 1,2 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish rejalashtirilgan.

Shuningdek, bu uskuna va qurilmalarning barqaror ishlashini ta’minlash orqali tabiiy gaz qazib chiqarish xajmlarini oshirishga erishish maqsadida 530 x 16 mm diametrli uzunligi 2,9 km bo‘lgan «BVN-2 – Alan SKS-2» hamda gaz 2,1 km uzunlikdagi «BVN-4 – Alan SKS-2» gaz quvurini hamda Alan stansiyasining 2-navbatini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga ko‘ra, bu loyihalar xonadonlarga yetib boradigan tabiiy va suyultirilgan gaz hajmi oshishiga xizmat qiladi.

Jurnalist Isomiddin Po‘latov
Operator va montaj ustasi Faxriddin Hotamov

 

Ko‘proq yangiliklar: