Ruslonbek Akmuratov va Ozoda Jumamuratova 2010 yilda turmush qurishgan. 2012 yilgacha Urganch tumani, Chotko‘pir qishlog‘i, Orzu mahallasida istiqomat qilishgan. So‘ngra oilaviy sabablarga ko‘ra uyini tark etishgan. Hozirgi vaqtda er-xotin 9 yoshli o‘g‘li va 4 yoshli qizi bilan Urganch shahri, 6-daha hududidagi chiqindixonada yashab kelishmoqda. Ayol uchinchi farzandiga homilador va ko‘zi yorish arafasida turibdi. Oila mana shu joydagi chiqindilarni saralab, baklashka, shisha idish, makulatura to‘plab, ularni sotib kun ko‘ryapti.
Ozoda Jumamuratova chiqindixonaga kelib qolish sabablari, turmushida duch kelgan qiyinchiliklari haqida gapirib berdi.
«2010 yilda turmush qurganmiz. Oilamiz katta edi, 2 xonali uyda 12 odam istiqomat qilardi. Shu sababli uyga «sig‘may» qoldik. 2012 yilda kvartiraga chiqishga majbur bo‘ldik», - dedi Ozoda.
Ammo oilaning topgan-tutgani kvartira pulini to‘lashga yetmagan. Shu sababli ular Toshkentga, ishlagani ketishadi.
«Kvartira pulini to‘lash og‘irlik qilganidan so‘ng, Toshkent shahriga ishlagani bordik. Ammo u yerda ham topgan pulimiz kvartira to‘lovidan ortmas edi. Qaytib kelishga majbur bo‘ldik. Kvartira pulini to‘lash og‘irlik qilgani uchun, Urganch tumanidagi kanalizatsiya nasos stansiyasi (KNS) qorovulxonasida yashay boshladik. Chiqindixonalardan ro‘zg‘or buyumlari, eski gilam, ko‘rpa-to‘shaklarni yig‘ib keldik. Bir amallab shu qorovulxonada yashadik. Juda ham og‘ir bo‘ldi».
Shundan so‘ng oila Rossiyaga ishlagani ketadi. Ammo u yerda firibgarlar qo‘liga tushib, odam savdosi qurboniga aylanadi.
«Ro‘zg‘or tebratish og‘irlashgach, farzandlarimizni qaynonamga tashlab, Rossiyaga ishlagani ketdik. U yerda o‘zbekistonlik bir odam pasportlarimizni olib qo‘ydi va ish haqimizni to‘liq bermasdan, quldek ishlatdi. Oyligimizni 10 foizini berdi xolos. Shundan so‘ng, bir ilojini qilib, uyga qaytdik».
Ozoda Jumamuratova juda nochor ahvolda bo‘lgani sababli, mahalla qo‘mitasidan bir necha marta yordam so‘ragan, ammo har safar rad javobini olgan.
«Mahalla raisidan bola parvarishlash nafaqasi so‘raganman. Ammo «oilangizda propiskada ko‘p odam bor, daromad yuqori, bola puli berilmaydi» degan rad javobini olganman. Ikkinchi farzandim tug‘ilganida ham yordam so‘rab borganman, biroq shunda ham berishmadi. Axir menda qanday daromad bo‘lsin, kunimiz chiqindi saralash bilan o‘tmoqda?!».
2018 yilda Urganch tumani hokimligi tomonidan oilaga uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib beriladi.
«2018 yilda Urganch tumani hokimligi tomonidan bizga Begovot qishlog‘idan 200 kv.m. yer maydoni ajratib berishdi. Oldin rozi bo‘lmadim, chunki uy qurishga pulimiz yo‘qligini, hatto kvartiraga to‘lagani pulimiz yo‘qligini aytdim. Menga davlat tomonidan pul ajratilishini aytib, ko‘ndirishdi. Afsuski, hech qanday moliyaviy yordam berilmadi».
Ammo yaxshi odamlar xalqimiz orasida bor. Ular nochor oilaga yordam qo‘lini cho‘zishdi.
«G‘isht zavodining rahbaridan qarzga g‘isht so‘radik. Ahvolimizni tushuntirdik, pul to‘plab, keyin qaytaramiz dedik. U bizni tushundi va qarzga g‘isht berdi. Shuningdek, Urganch tumani prokuraturasida ishlaydigan Dilshod ismli aka 8 mingta g‘isht olib berdi, karantin davrida esa oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazdi. Ulardan minnatdormiz».
Oila boshi Ruslonbek Akmuratov gipertoniya va oshqozon kasalligiga chalingan, og‘ir mehnatga yaramaydi.
«Erim og‘ir mehnatga yaramaydi. Sal engashsa, qon bosimi oshib ketadi. Necha martalab qon bosimi oshib, ishdan erta qaytib kelgan. Oshqozonida ham kasallik bor. Agar yotib qolsa, farzandlarimni qanday boqaman?!», deb kuyunadi Ozoda.
Hozirgi kunda oila chiqindixonada baklashka, shisha idish, makulatura to‘plab, sotib, kun ko‘rmoqda. Ularning yashayotgan joyida hech qanday maishiy qulayliklar – gaz, suv yo‘q.
Begovot qishlog‘idagi uyi esa chala bitgan, tomi yopilmagan. U yerda yashashning hozircha iloji yo‘q. Oila kundalik daromadidan mablag‘ ajratib, uyini bir amallab tiklab olishga urinmoqda.
«50 ming so‘m topsak, shuni 10 ming so‘miga oziq-ovqat olamiz. 40 ming so‘mini uyimizni tiklash uchun ajratamiz. Havo isib ketsa, balki qurilishni davom ettirarmiz», - dedi Ozoda.
Muhtaram yurtdoshlar, saxovatli insonlar. Bu oila taqdirini hissiyotlarga berilmasdan, sovuqqonlik bilan yoritish qiyin bo‘ldi. O‘zbekistonimiz zinhor nochor davlat emas. O‘zbekiston fuqarolarini, hamyurtlarimizni chiqindixonada yashashiga, yurtimiz farzandlarini chiqindilar orasida dunyoga kelishiga har qanday holatda yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz urush paytlari, qahatchilik zamonlari o‘zga millat bolalarini boshini silagan, qornini to‘ydirgan, ustini but qilgan xalqmiz. Yarimta nonimizni ular bilan baham ko‘rganmiz. O‘z millatimiz farzandlarini ham hech qachon xor qilmaymiz.
Keling bir hashar qilaylik, savob ishga qo‘l uraylik, shu oilaga, qorako‘z bolalariga yordam qo‘lini cho‘zaylik, murg‘ak qalblar quvonchiga sababchi bo‘laylik. Har kim imkoni darajasida ko‘mak bersa, toma-toma ko‘l bo‘lganidek, zarur mablag‘ to‘planib qolishiga shubha qilmaymiz.
Pul o‘tkazish uchun Uzcard karta raqami:
8600 1204 9258 5057
Akmuratov Ruslonbek
+998973603130
Nurmuhammad Said