Andijon viloyati Baliqchi tumanida parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer Zafariddin Nasibboyev o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammolar haqida Kun.uz tahririyatiga murojaat yo‘lladi. Dastlab chorvachilik va dehqonchilik yo‘nalishida tashkil etilgan fermer xo‘jaligi 2017 yilda yo‘nalishini parrandachilikka o‘zgartirgan. Xo‘jalik rahbari o‘ziga biriktirilgan yer maydonlari bir onda tuman zaxirasiga olingani «oyog‘iga bolta urish» bilan barobar bo‘lganini ta'kidladi.
«Obod yurt fayzi» parrandachilik xo‘jaligi rahbari bo‘lgan Zafariddin Nasibboyev ishni yo‘lga qo‘yish uchun bankdan katta miqdorda kredit olgan.
«Fermer xo‘jaligimiz 2006 yilda chorvachilik fermer xo‘jaligi tenderga qo‘yilgan chog‘da, auksion orqali sotib olinishi bilan tashkil etilgan. Baliqchi tumani hokimi qarori bilan yer maydonlari biriktirib berilgan. Kadastr hujjatlari, guvohnomalari mavjud. Yangi guvohnoma ham olingan. Aynan shu hujjatlar asosida soliq to‘lab kelaman.
Dastlab, barchasini o‘z mablag‘larimiz hisobidan amalga oshirganmiz. Jihozlarni, o‘zimizda ishlab chiqarilmagani bois, Xitoydan keltirganmiz. U yerga valuta chiqarilgani sababli o‘sha vaqtdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda «Hamkorbank»dan 80 ming AQSh dollari kredit olganmiz. Ta'kidlashni istardim, nafaqat broyler yo‘nalishida, balki tuxum yo‘nalishida ham jihozlarimiz bor», deydi xo‘jalik rahbari.
Uning aytishicha, broyler yo‘nalishida ikkinchi smenani yo‘lga qo‘ya olsa, mavjud jihozlar 40 ming dona tuxum yo‘nalishida parranda boqish imkonini beradi. Bu esa, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishini anglatadi. Biroq, 2019 yilda paydo bo‘lgan muammo tadbirkorning rejalarini ostin-ustun qilib yuborgan. Gap shundaki, tuman hokimligi kutilmaganda broyler jo‘jalar uchun ozuqa bazasi yetishtiriladigan ekin maydonlarini tuman zaxirasiga qaytarib olgan. Tadbirkor o‘z ichki imkoniyatlaridan foydalanib yoxud investorni olib kelib ishini kengaytirishi mumkin, biroq kafolat bo‘lmagandan keyin aniq bir reja asosida ish olib bora olmayapti.
«O‘tgan yilgi «tomosha», to‘g‘risini aytganda, ishlarimni to‘xtatishga sababchi bo‘lib qoldi», deydi tadbirkor.
Tadbirkor broyler jo‘jalari boqilayotganda inshootlardan qanday foydalanilishi haqida ham aytib berdi.
«Men ayni shu masalani hokimiyatdagilarga tushuntira olmadim. Ilgari, ya'ni 2 yil mobaynida tuxum yo‘nalishida ishlaganmiz. Unda olti oy jo‘ja qo‘yiladi, keyin bir yarim yil tuxum qo‘yadi. Shundan kelib chiqsak, parranda salkam ikki yil davomida binoni band qiladi.
Broyler yo‘nalishida esa, jo‘ja 42 kunda so‘yishga tayyor bo‘ladi, so‘yib bo‘lingach, jo‘jalar boqilgan bino kamida 10 kun sanatsiyaga yopiladi. U yerda jo‘ja boqilmaydi. Ya'ni bino tozalanib, dezinfeksiya ishlari olib boriladi. Hokimlikdan kelgan mutaxassislar esa, bino bo‘sh ekan, deyishadi. Konveyyer usulida bir binoda broyler boqilganida, boshqasi bo‘sh bo‘ladi», deydi u.
Vaziyatni yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida parrandachalik inshootlarida ham bo‘ldik. Nasibboyevning ta'kidlashicha, tuman hokimi «uyushmagan yoshlarga yer berish»ni bahona qilib, unga biriktirib berilgan yerlarni olib qo‘ygan, oqibatda qo‘shimcha bino-inshootlarni qurish ishlari ham to‘xtab qolgan.
«Bu o‘tgan yili bitganida 30 ming jo‘ja boqilardi. Faqat bitkazish imkoniyatini qila olmay qoldik. Bu yerda esa, 15 ming jo‘jaga mo‘ljallangan bino qad rostlashi kerak edi. Yer zaxiraga olingach, xarid qilib olayotganimiz yemlar qimmat bo‘lib ketdi. Avval yemni yer maydonlariga ekib, o‘zimiz ishlab chiqarganimiz uchun tannarxi past bo‘lardi. Menga xalaqit qilishmasa bo‘ldi, kredit ham olmasdan ishimni rivojlantirgan bo‘lardim», deydi tadbirkor.
Parrandachilik xo‘jaligiga biriktirilgan yer maydonlari tuman hokimining 2019 yil 20 iyundagi №3706-q qaroriga asosan tuman zaxirasiga olingan. Oqibatda parrandalarni arzon ozuqa bazasi bilan ta'minlash masalasi paydo bo‘lgan. Jo‘jalarni boqish uchun omixta yem xarid qilingani parhezbop parranda go‘shti tannarxi oshishiga olib kelgan.
Baliqchi tumani hokimligi mutasaddisi, Investitsiyalar bo‘yicha bosh mutaxassis Saydullo Abduhalimov ham muammo bo‘yicha o‘z izohlarini bildirishdi.
«2017 yil 23 fevralda prezidentning qarori chiqqan. Shunga binoan, respublika bo‘ylab barcha xususiy mulk obektlari xatlovdan o‘tkazilgan. Biz ham ishchi guruh bilan tashrif buyurganmiz. Ularga bino-inshootlardan samarali foydalanish bo‘yicha maslahatlar berilgan. Shu bilan bir qatorda, ogohlantirish xati ham chiqarilgan. Ular 3 mlrd 450 mln so‘mlik investitsiya kiritish tashabbusi bilan ham chiqishgan. 30ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan edi.
Lekin, ishchi guruh bilan borganimizda bino-inshootlar to‘la quvvatda ishlamaganiga guvoh bo‘ldik. Keyinchalik prezidentning PQ-3928 son qaroriga muvofiq, ushbu obekt viloyat idoralararo komissiyasi xulosasiga asosan ta'sirchan soliq mexanizmiga tortilgan. Bunda barcha soliq imtiyozlari bekor bo‘ladi. Tadbirkor, hokimlik va bank bilan birgalikda manzilli dastur ishlab chiqilgan», deydi u.
Uning aytishicha, xo‘jalik bino-inshootlari joylashgan hudud umumiy maydoni 9,5 gektarni tashkil etadi va bunday hududda juda katta qurilish ishlarini amalga oshirish, xorijiy yoki mahalliy investitsiya kiritish mumkin.
«Shularni hisobga olib tadbirkor bilan gaplashganmiz. Ularning ham harakat qilganini e'tirof etish kerak. 300 mln so‘mga muzlatkich o‘rnatdi. Ikki oylar avval oxirgi marta borganimizda bir binoda jo‘ja boqilayotgan edi. Ishchi o‘rni yaratgani haqida ma'lumot kiritgach, ta'sirchan soliq mexanizmidan chiqardik», deya ma'lumot berdi mutaxassis.
U, shuningdek, tadbirkorga biriktirilgan yerlarning taqdimnoma asosida zaxiraga qaytarilgani sabablari sifatida ko‘proq kam ta'minlangan oilalar a'zolari, ishsiz yoshlarni ish bilan band etmagani, to‘la quvvatda ishlamaganini ko‘rsatdi.
«Bugungi kunda ularni qiynab kelayotgan masala ekin maydonlari bo‘ladigan bo‘lsa, yana tadbirkor bilan ko‘rishamiz. Muammolarini muhokama qilamiz. Tuman qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgani sababli sanoat ham unchalik rivojlanmagan. Shunga ko‘ra, agar parrandachilikni rivojlantirib, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yarataman desa, biz yordam berishga tayyormiz, ammo ishlamasa, soliq idoralari tomonidan ta'sir choralari qo‘llanib, ta'sirchan soliqqa tortiladi», deya ta'kidladi Saydullo Abduhalimov.
Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi kotibiyati bosh mutaxassisi Abduhalim Mulanov ham parrandachilik xo‘jaligiga biriktirilgan hamda tuman zaxirasiga qaytarilgan yer maydonlari xususida ma'lumot berdi.
«Yoshlar bog‘i tashkil qilganmiz. Orasini 15 sotixdan 80 nafar yoshga bo‘lib berganmiz. Daryo bo‘yidagi joylarni inventarizatsiya qilyapmiz. Shu bilan birga, bog‘ning oraliqlari to‘ldirilib, holatini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda», deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshlarga qanday o‘simlik ekib, dehqonchilik qilish borasida ko‘rsatma berilmagan, biroq aksariyati dukkakli ekinlar yetishtirishgan, ba'zilari turli savat va boshqa shu kabi idishlar to‘qish maqsadida bir yillik novdalar ekishgan. Shu bilan birga, yoshlar hosilni yig‘ishtirib olgach, yerni kuzgi shudgorlash kabi ishlarni bajarmasligi ham ayon edi. Chunki yer uchastkalari 1 yil muddatga berilgan.
Baliqchi tuman hokimligi bosh yuristkonsulti Ahror Ortiqov esa «Obod yurt fayzi» parrandachilik xo‘jaligi yerlardan samarali foydalanmaganini iddao qildi.
«Yaqin 2-3 yildan buyon prezidentning yerdan samarali foydalanish to‘g‘risida qarorlari chiqmoqda. Bu fermer xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanmagan. 4ta binosi 2020 yil boshida ishga tushgan. Undan oldin faqat 2tasi ishlagan. Boshqasi qarovsiz holatda turgan», deydi u.
U, shuningdek, parrandachilik xo‘jaligiga biriktirilgan yer maydonlarining zaxiraga olinishini ham izohladi.
«Ushbu fermer xo‘jaligi 2017 yilda chorvachilikdan parrandachilik yo‘nalishiga o‘tgan. Shu davr mobaynida xo‘jalik unga biriktirilgan ekin yer maydonlaridan foydalanib kelgan.
Bundan tashqari, 2019 yilda tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan hududlar xatlovdan o‘tkazilganda, o‘ziga biriktirilgan yer maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanayotgani aniqlangan. Bu holatlar yuzasidan ogohlantirishlar berilgandan so‘ng, bo‘lim hokimlikka taqdimnoma chiqargan. Ushbu taqdimnomaga asosan, tuman hokimligi 2019 yil 20 iyunda qaror chiqarib, yer maydonlarini zaxiraga qaytarib olgan.
Xo‘jalik 2006 yilda tashkil etilib, yer maydonlari unga biriktirilgandan buyon ijara shartnomasi tuzmagan. Yer qaytarib olingach, ishsiz yoshlarga taqsimlab berilgan, ular foydalanib, daromadini qilishgan. Yerlar qarovsiz qolmagan», deydi Ahror Ortiqov.
Tomonlarning fikrini eshitdik. Shu o‘rinda, mavjud hujjatlarga bir nazar solib chiqamiz.
Dastavval tuman hokimi qaroriga sabab bo‘lgan taqdimnoma, dalolatnoma, shuningdek, tadbirkorga berilgan ogohlantirish xati xususida. Ajablanarlisi, dalolatnoma 16 iyunda, taqdimnoma va ogohlantirish xati bir kun o‘tib, 17 iyunda berilgan.
Savol tug‘iladi: ogohlantirish xati berilgach, kamchiliklarni tuzatish uchun muddat berilmaydimi?
Ha, yana bir narsa. Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosat yig‘ilishi ham 17 iyunda bo‘lganini qanday izohlash mumkin?
Baliqchi tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining tuman hokimi J. Abdurayimovga kiritgan ma'lumotnomasi ham tuman hokimi qarori bilan bir sanada ekanligini ham shunchaki tasodif, deb tushunish kerakmikan?
E'tibor bering, ma'lumotnomada tadbirkor 2017 yilgi qarorga binoan ijara shartnomasi tuzilmaganiga e'tibor qaratgan.
Navbatdagi savol paydo bo‘ladi: Tadbirkor tuzmagan bo‘lsa, kadastr idorasi nima uchun o‘z vaqtida ijara shartnomasi tuzishni talab qilmadi?
Hujjatlarning yana bir o‘ziga xos tomoni, ularning barchasida bir xil ibora hamda vajlarning takrorlanganidir. Ya'ni «Baliqchi tuman hokimining 11.09.2019 yil kungi 1799-q sonli qaroriga asosan «Obod yurt fayzi» chorvachilik fermer xo‘jaligi parrandachilik yo‘nalishiga o‘zgartirilib, 2017 yil 1-2 choraklari davrida davlat dasturiga asosan, 20 ming bosh, yil yakuniga qadar 50 ming bosh parranda tashkil etish rejalashtirilgan, lekin siz tomoningizdan o‘rganish kuniga, ya'ni 2019 yil 16 iyun kuniga qadar xo‘jalikda hech qanday parrandalar parvarish qilinmayotganligi aniqlangani» ta'kidlanadi.
Navbatdagi savol shundan iboratki, xo‘jalik parrandachilik yo‘nalishiga 3-chorakning deyarli oxirida o‘tgan bo‘lsa, 1-2-choraklarda qanday qilib parranda yetishtirishi mumkin edi?
Xullas, yuqoridagi holatlardan birgina xulosa qilish mumkin – hokimlik parrandachilik xo‘jaligiga biriktirilgan yer maydonlarini zaxiraga olishi kerak edi, oldi. Uyushmagan yoshlar deb aytilayotgan ishsiz yoshlarga 15 sotixdan yer berilishi, balandparvoz «Yoshlar bog‘i» tashkil etilishi kerak edi, bajarildi.
Buning oqibati qanday bo‘lgani, bog‘ning hozirgi holati, u qanday tashkil etilgani bilan esa hech kimning ishi yo‘q, nazarimizda. Xalq dasturxoniga ozmi-ko‘pmi parhez go‘sht yetkazib berishni maqsad qilgan, shuning ustida imkon qadar ishlagan tadbirkor taqdiri, uning kreditni qanday to‘lashi, yetkazib berilayotgan go‘sht tannarxini arzonlashtirish uchun ko‘mak berish masalalari bilan hech kim qiziqmagan.
To‘g‘ri-da, og‘rimagan boshni og‘ritish shartmi? Shundoq yer olib qo‘yilsa, kifoya. Tadbirkorga ko‘mak berish, qiynayotgan muammolarni hal etish ustida birgalikda bosh qotirish tuman mutasaddilarini nahotki qiziqtirmasa? Vaholanki, Baliqchi tumani «qizil hudud» hisoblanishini inobatga olsak, mavjud tadbirkorlik sub'yektlarini saqlab qolish qanchalik muhimligi yanada ayon bo‘ladi.
Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi — Sherzod Egamberdiyev.