Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva kommunal xizmatlar bo‘yicha kompensatsiya olishi mumkin bo‘lgan fuqarolar haqida ma'lumot berdi.
2021 yil 1 martdan boshlab fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida har oyda kompensatsiya pul to‘lovlarini to‘lab borish tartibi joriy etiladi. Bu miqdor hozirda 122 ming 500 so‘mni tashkil etadi. Qarorda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan ko‘chaboshi va uyboshilarni rag‘batlantirish hamda ularga kommunal xizmatlar uchun ma'lum imtiyozlar berish nazarda tutilgan.
«Ko‘chaboshi va uyboshilar faoliyatisiz mahalla tizimini boshqarish qiyin, chunki mahalla jamoaviy boshqaruvni talab qiladi. Bu imtiyoz o‘z ishida faollik ko‘rsatgan ko‘chaboshi va uyboshilarga nisbatan qo‘llanadi. Ularning faoliyati tegishli tartibda yettita mezon asosida baholanadi. 70dan oshiq ball to‘plagan mas'ullarga ushbu kompensatsiya to‘lovlari to‘lab beriladi», deydi vazirlik vakili AOKAda o‘tkazilgan brifingda.
Ma'lum bo‘lishicha, quyidagi yo‘nalishlarga ko‘ra kompensatsiya belgilanadi:
- tegishli hududda ko‘cha va ko‘p kvartirali uylardagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
- o‘zi yashayotgan hududdagi «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksa va nogironlarga, boquvchisini yo‘qotganlarga, notinch va muammoli oilalarga yordam ko‘rsatish;
- aholining issiqlik va elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq va sovuq suvdan tejamli foydalanishlarini targ‘ib etish;
- tegishli hududda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka-marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalarida fuqarolar yig‘ini kengashiga bergan takliflari bilan o‘ziga biriktirilgan hudud osoyishtaligi va obodligi uchun ko‘maklashish;
- aholi tinchligini buzuvchi holatlarni bartaraf etish maqsadida fuqarolar yig‘ini yoki mutasaddi tashkilotlarga xabar berish natijasida o‘z hududida tartibbuzarliklarning oldini olish;
- fuqarolar yig‘ini majlisi qarorlari bo‘yicha amalga oshirilgan targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish.
Kompensatsiyalar to‘lanishining to‘g‘ri tashkil etilishi masalalariga tuman, shahar va mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari mas'ul hisoblanadi. Agar kompensatsiya olayotgan shaxs ushbu mezonlar asosida ish olib bormayotganligi aniqlansa, rag‘batlantirish muddatidan oldin to‘xtatiladi.
Qarorda belgilanishicha, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol qatnashayotgan ko‘chaboshi va uyboshilarni rag‘batlantirish tariqasida ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha har oylik kompensatsiya pul to‘lovlari mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.