Prezident “Sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining “Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi negizida Sog‘liqni saqlash vazirligi muassisligida “IT-Med” mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
“IT-Med” MChJ zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
- sog‘liqni saqlash tizimi va tashkilotlaridagi jarayonlarni optimallashtirish, ratsionallashtirish, standartlashtirish va avtomatlashtirish;
- sog‘liqni saqlash sohasida axborot tizimlarini rivojlantirish uchun amalga oshiriladigan hamda xalqaro moliya tashkilotlari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlari, konsepsiyalari hamda boshqa loyiha va loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish;
- tibbiyot va farmatsevtika sohasida axborot texnologiyasi va kommunikatsiyalari siyosati va standartlarini joriy etish;
- “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish va kuzatib borish, shuningdek, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta'minlash;
- sog‘liqni saqlash tizimida biznes jarayon va IT-reinjiniringini rivojlantirish va ushbu yo‘nalishda xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish;
- qo‘yilgan vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida investorlar, biznes hamkorlar va autsorsing xizmatlarini jalb qilish;
- tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lamini kengaytirish maqsadida joriy etilayotgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni o‘zida qamrab oluvchi sog‘liqni saqlashning axborot tizimi yagona platformasini joriy etish.
Belgilanishicha:
- 2024 yil 1 yanvardan boshlab respublikadagi barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan dorixonalar majburiy tartibda bosqichma-bosqich yagona platformaga ulanadi;
- sog‘liqni saqlash sohasidagi axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish majburiy tarzda “IT-Med” MChJ bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
“IT-Med” MChJ Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 4-uy manzilida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.