Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

Iqtisodiyot 16:15 / 23.02.2021 1815

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihada Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda kamida 100 million AQSh dollaridan iborat Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Unda Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etiladigan hududlar belgilangan. Shuningdek, Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalariga tijorat banklarini biriktirish taklifi ma'qullangan.

Hujjatda belgilanishicha, Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida eng ko‘pi bilan 500 kvadrat metrgacha bo‘lgan yer maydonlari, istisno tariqasida, elektron auksion savdosi o‘tkazmasdan, shahar va tuman hokimlari tomonidan ajratiladi va foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalaridan oshmagan miqdorida ijaraga beriladi.

Shuningdek:

  • moliyaviy resurslar bitta yosh tadbirkorlik sub'yekti uchun 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda taqdim etiladi;
  • tijorat banklari milliy valutadagi kreditlarni o‘z marjasi miqdorini 4 foizdan oshirmasdan yillik 11 foiz miqdorida, xorijiy valutadagi kreditlarni o‘z marjasi miqdorini 2 foizdan oshirmasdan yillik 4 foiz miqdorida ajratadi;
  • jamg‘arma hisobidan tijorat banklariga yosh tadbirkorik sub'yektlari uchun bino qurishga beriladigan moliyaviy resurslar milliy valutada yillik 7 foiz miqdorida taqdim qilinadi;
  • tijorat banklari tomonidan yosh tadbirkorlik sub'yektlariga binolarni lizing asosida berish milliy valutada yillik 11 foiz miqdorida amalga oshiriladi.

Istisno tariqasida, Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hududlarida amalga oshirilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda 2023 yil 31 dekabrga qadar tijorat banklari ajratadigan kreditlarining kamida 25 foiz miqdori uchun yosh tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan kafilliklar taqdim etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: