NASA Saturn yo‘ldoshiga o‘z missiyasini uchiradi

Jahon 19:54 585

NASA Falcon Heavy raketasi yordamida Saturnning tabiiy yo‘ldoshi Titanga Dragonfly missiyasini yuborishini e’lon qildi. Loyihaning umumiy qiymati 3,35 milliard dollarni, uchirish narxi esa tegishli barcha ishlar bilan birga 257 million dollarni tashkil etadi. Aerokosmik agentlik SpaceX kompaniyasi bilan bu boradagi tegishli shartnomani imzoladi.

Agar barchasi reja bo‘yicha ketsa, o‘lchami yengil avtomobil kabi keladigan apparat 2028 yilning iyulida uchiriladi. Shundan keyin u olti yil davomida Titan tomon uchadi — u kattaligi bo‘yicha Quyosh tizimida ikkinchi o‘rinda turadi (Yupiter atrofida aylanuvchi Ganimedgina undan katta).

Titanning o‘lchami — olimlarni qiziqtirayotgan yagona omil emas. U uglevodorodga boyligi, dinamik va xilma-xil dunyo sifatida jozibali ekani bilan ahamiyatli. Titanda nisbatan zich atmosfera mavjud, u yerda yomg‘ir yog‘adi, tabiiy uglevodorod rezervuarlarining qirg‘oq chiziqlari o‘zgarib turadi. Bir so‘z bilan aytganda, u ko‘p jihatdan Yerga o‘xshab ketadi. Titan tarkibida ko‘plab organik birikmalar borligi bois tadqiqotchilar uni o‘rganishga alohida qiziqish bildirib keladi.

Bundan tashqari, Titan yuzasi ostida suyuq suvga ega butun boshli okean bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi. Bu esa Saturn tabiiy yo‘ldoshiga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. Dragonfly kopteri uni tadqiq etishi va yo‘ldosh yuzasida yuz beradigan jarayonlarga oid ko‘plab savollarga javob topishi kerak.

Rejaga ko‘ra, Dragonfly Titan yuzasida 2,5 yil faoliyat yuritadi. U releflarning o‘ziga xosligini o‘rganish uchun bir joydan boshqa joyga harakatlanadi. Mazkur missiya 2019 yilda 1 milliard dollarlik budjet bilan ishga tushirilishi va 2027 yilda parvozni boshlash rejalashtirilgan edi. Ammo parvoz sanasiga o‘zgarishlar kiritilib, loyiha qiymati oshib ketdi.

Ko‘proq yangiliklar: