«E-ijro auksion»lari qanday tartibda o‘tkaziladi?

Jamiyat 13:32 / 23.02.2021 1664

Auksion – maxsus kimoshdi savdo bozori bo‘lib, savdo tovarlarning nisbatan cheklangan ro‘yxati bo‘yicha, e'lon qilingan vaqtda va ma'lum davrda ommaviy sotuvga qo‘yish yo‘li bilan o‘tkaziladi

Bugungi kunda O‘zbekistonda «E-ijro auksion» yagona elektron savdo maydonchasi orqali auksion va tanlovlar tashkil etilmoqda. Fuqarolik kodeksining 379-moddasiga ko‘ra, kimoshdi savdosi auksion yoki tanlov shaklida o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.

«E-ijro auksion»da ishtirok etish shartlari qanaqa va qaysi toifadagi shaxslar auksionda ishtirok etish huquqidan mahrum qilingan?

«E-ijro auksion» savdo maydonchasida o‘tkaziladigan onlayn savdolarda ishtirok etish uchun internetga ulana oladigan texnik qurilmalar (kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon) bo‘lishi talab etiladi. Onlayn auksionda ishtirok etish istagida bo‘lgan shaxs yuridik yoki jismoniy shaxs sifatida savdo maydonchasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi. Ro‘yxatdan o‘tgan talabgor uchun shaxsiy kabinet yaratiladi va belgilangan miqdorda zakalat pulini kiritgan holda savdoda qatnashish uchun ariza berish mumkin.

Ayrim turdagi elektron onlayn auksion va tanlovlarda bir qancha shaxslar uchun qatnashish taqiqlangan.

Jumladan:

  • sud organlari, prokuratura, ichki ishlar, davlat soliq va bojxona xizmati, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati organlarining xodimlari;
  • sotiladigan mol-mulkni ko‘zdan kechirish yoki baholashni amalga oshirgan baholovchi tashkilotlarning mutaxassislari va xodimlari, shuningdek, operatorning xodimlari;
  • yer uchastkalari va yer uchastkalariga bo‘lgan mulkiy huquqlar realizatsiya qilinganda — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lmagan shaxslar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno ekani qayd etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi 63-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga bo‘lgan huquq uchun o‘tkaziladigan onlayn savdolarda faqatgina O‘zbekiston fuqarolari qatnashishi mumkin.

«E-ijro auksion»da qanday tartibda ro‘yxatdan o‘tiladi?

Shaxsiy kabinet yaratish uchun foydalanuvchining shaxsiy ma'lumotlari, elektron pochta manzili, mobil telefon raqami kiritilishi zarur. Ro‘yxatdan o‘tgach, ishtirokchi hisobvaraqni o‘ziga qulay bank filiali yoki masofadan turib – elektron to‘lov tizimlari (Payme, Click, Oson.uz, Paynet) orqali to‘ldirishi mumkin. Shundan so‘ng qatnashchi mulkka ariza beradi va oldindan belgilangan mablag‘ni elektron to‘lov asosida amalga oshiradi. Onlayn-auksion o‘tkaziladigan kunda shaxsiy kabinetidagi «Mening auksionlarim» bo‘limi orqali boshlangan auksionlarda ishtirok etishini tasdiqlaydi.

Auksionda ishtirok etish uchun arizalar qanday tartibda beriladi?

Platformadan ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchi o‘ziga ma'qul kelgan mulk yoki mulkiy huquq uchun savdoda qatnashish uchun ariza berishi talab etiladi. Buning uchun shaxsiy kabinetga kirgan holda xabarnomalar bilan tanishadi. Mulkni tanlab «Ariza berish» tugmasini bosadi, shaxsiy hisobvarag‘iga kiritilgan mulk boshlang‘ich narxining belgilangan miqdoridagi zakalat pulini to‘laydi. Ushbu zakalat puli auksion yakuniga qadar ushlab turiladi. Ariza berishda ishtirokchi o‘ziga tegishli bo‘lgan elektron raqamli imzo kaliti orqali ariza berishini tasdiqlashi talab etiladi.

Auksionda ishtirok etish uchun qancha miqdorda zakalat puli to‘lanadi? Qanday holatlarda bu pul qaytarilmaydi?

Auksion savdolarida ishtirok etish uchun zakalat pulini kiritish talab etiladi.

Zakalat puli turli mulk va mulkiy huquqlarda turli miqdorda belgilangan. Jumaladan, tadbirkorlik uchun yer uchastkalariga bo‘lgan huquq uchun boshlang‘ich narxning 20 foizi, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga bo‘lgan huquq uchun boshlang‘ich narxning 50 foizi, davlat ko‘chmas mulk obektlari yoki davlat ulushlari uchun boshlang‘ich narxning 5 foizi miqdorida, 1 so‘mlik davlat aktivlari uchun kiritilishi talab etiladigan investitsiya miqdorining 1 foizi miqdoridagi zakalat pulini kiritish talab etiladi.

Mag‘lub bo‘lgan ishtirokchilarning zakalat pullari auksion yakunlangan paytdan boshlab uch ish kunida qaytariladi. G‘olib ishtirokchiga mulk uchun to‘liq to‘lovni amalga oshirish uchun muddat beriladi. G‘olib belgilangan muddat davomida mulkning to‘liq summasini to‘lasa, uning nomiga g‘oliblik bayonnomasi rasmiylashtiriladi. Agar g‘olib mulkni sotib olishni rad etsa, ishtirokchining kiritgan zakalat puli qaytarilmaydi va g‘olibdan oldingi oxirgi narxni tasdiqlagan ishtirokchiga sotib olish taklifi yuboriladi. Agar ushbu ishtirokchi mulkning to‘liq summasini to‘lasa, uning nomiga g‘oliblik bayonnomasi rasmiylashtiriladi. Aksincha bo‘lgan hollarda zakalat puli qaytarilmaydi va mulk takroriy auksion savdolariga qo‘yiladi.

Auksionda ishtirok etish uchun qanday hujjatlar talab etiladi?

Onlayn-auksionlarda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan elektron raqamli imzo kalitiga ega bo‘lish, hisob raqamni to‘ldirish hamda e-auksion.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Ro‘yxatdan o‘tayotganda belgilangan ma'lumotlarni kiritish kerak. Talabgordan hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: