Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida koronavirusga qarshi emlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha hukumat vakillarining hisoboti eshitildi. Unda aholini emlash ishlariga tayyorgarlik jarayoni va vaksina sotib olish uchun davlat budjetidan ajratilgan 3 trln mablag‘ning maqsadli sarflanishi masalalari muhokama qilindi. Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ma'lum qilishicha, ajratilgan mablag‘lardan noqonuniy foydalanishning oldini olish maqsadida har bir emlash punktlariga davlat moliya nazorati departamenti xodimlaridan vakil biriktiriladi.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev birinchi navbatda surunkali kasalliklari bor aholi vakillari emlanishi shartligini aytib o‘tdi.
«Chunki qandli diabet, gipertoniya va boshqa surunkali kasalligi bor fuqarolarda kasallik asoratlari juda katta ta'sir qiladi. Shuning uchun emlash jarayonida ular avvalo tibbiy ko‘rikdan to‘liq o‘tkaziladi va sog‘lig‘ida keskin o‘zgarishlar kuzatilmasa albatta emlanadi», degan vazir o‘rinbosari.
Ma'lum qilinishicha, respublikada bitta milliy vaksina saqlash omborxonasi, 14ta hududiy vaksina saqlash omborxonalari, 206ta tuman (shahar) vaksina saqlash omborxonalari mavjud bo‘lib, vaksinalarni tashish uchun 17ta avtorefrijyerator, 206ta mini-avtorefrijyerator, 457ta sovitkichlar, 148ta generatorlar, 10 ming 121ta termosumkalar va termokonteynerlar shay holatga keltirilgan.