2020 yilning 21 iyulida esa u o‘zi muassis bo‘lgan oilaviy korxonasining Xalq banki Zangiota filialidagi hisob raqamiga hech qanday hujjatlarsiz 991,3 mln so‘m o‘tkazgan. Shu yo‘l bilan qariyb 1,2 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aytilmoqda.
Prokuraturaga ko‘ra, jinoiy qilmish aniqlangan vaqtda bosh hisobchi lavozimidan bo‘shab ketgan. U jamg‘armada ikki yil faoliyat olib borgani ma'lum qilindi.
Toshkent viloyati prokurorining katta yordamchisi Arslonbek Toshpo‘latovning aytishicha, hozir holat yuzasidan Zangiota tuman prokuraturasi dastlabki tergovni olib bormoqda. U tergov yakuni bo‘yicha OAVga xabar berilishini qo‘shimcha qildi.
Holat yuzasidan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi ham bayonot berdi. Unda sobiq bosh hisobchi jamoa o‘rtasida muntazam ravishda nosog‘lom muhitni yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgani uchun ishdan bo‘shatilgani, holat sud orqali ham o‘z tasdig‘ini topgani ta'kidlanadi.
Ma'lum bo‘lishicha, jamg‘arma tomonidan bosh hisobchining faoliyati o‘rganilganda ushbu kamomad aniqlangan hamda to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etilgan.
«Bugungi kunda qariyb 500 mln so‘m undirilgan va mol-mulklari xatlovga olingan», – deyiladi jamg‘arma axborotida.