Samarqandda kambag‘allikni qisqartirish uchun viloyat kengashi deputatlariga 50 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi

Jamiyat 14:19 / 20.02.2021 4252

Samarqand viloyat kengashi deputatlarining har biriga 50 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov 19 fevral kuni o‘tkazilgan kengashning navbatdagi sessiyasida ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyat kengashi deputatlariga viloyat «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan jami 3 milliard so‘m ajratiladi. Viloyat kengashidagi 60 nafar deputatning har biri 50 million so‘mdan mablag‘ oladi va uni aholi muammolarini yechishga yo‘naltiradi.

Bundan tashqari, har bir deputat o‘z okrugidagi 10 nafardan kambag‘al oila ro‘yxatini shakllantirib, ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ishlarni nazoratga oladi.

«Biz viloyat kengashi deputatining har biriga 50 million so‘mdan beramiz. Misol uchun sizga 50 million so‘m beramiz. Siz unga xo‘jayinsiz. Tumanga borasiz, eng kambag‘al deb hisoblangan oilani ko‘rib, uning  muammolarini asoslab, yechib berasiz. Muammoning yechimini ko‘rsating, pulni xohlagan ko‘rinishda olasiz», degan Turdimov deputatlarga.

Sessiyada ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyatida jami 16 ming kambag‘al oila bor va endilikda ular bilan tizimli ishlar olib boriladi. Jumladan, Samarqand viloyati aholisini kasb-hunarga o‘qitish uchun 10 milliard so‘m ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: