Yangi binoda o‘quvchi ko‘paysa, eskisiga ko‘chishadi - yakkabog‘lik o‘quvchilar ikki maktab o‘rtasida sarson

Jamiyat 17:25 / 18.02.2021 8972

Murojaat egalari Daryo mahallasida faoliyat yuritayotgan 57- maktabning yangi binosi bo‘lishiga qaramay, bolalar paxsadan qurilgan, xarob ahvolga kelib qolgan eski maktabda tahsil olishga majbur bo‘layotganini ma'lum qilgandi.

Baland tog‘lar bag‘rida joylashgan maskan bir qarashda hech kimda eski ekan, degan tasavvurni uyg‘otmaydi. Chunki 2009 yilda qurib bitkazilgan bino eski binoni to‘sib turadi. Eng katta muammo ham shu: 57-maktabning yangi binosi bor. Unga qo‘shimcha sharoit shart emas, degan tushuncha ayrim mas'ullarning doimiy vaji bo‘lib kelmoqda.

Unda o‘quvchilar nega eski maktabda o‘qishga majbur bo‘lmoqda? Maktabdagi ahvolni o‘rganish ishlari davomida bizda paydo bo‘lgan birinchi savol shu bo‘ldi. Chunki paxsadan qurilgan binodagi ahvol qoniqarli darajada emas.

Eng birinchi muammo, bu — bino elektr ta'minotiga ulanmagan. Biror sinfxonada chiroq yo‘q. Maktab qop-qorong‘i. Parta va jihozlarni ko‘rganimizda esa ahvol bizga yuborilgan murojaatdagi suratlardan ham ko‘ra yomonroq ekaniga guvoh bo‘ldik.

Beixtiyor o‘quvchilarning fikri bilan ham qiziqamiz: Bir o‘quvchi «bizda hammasi joyida, faqat parta va stullarimiz eski», desa, boshqasi «nolimaymiz, sinfxonalarimiz issiq», deb javob beradi. Yana biri «biz ham zamonaviy binolarga o‘qishga haqlimiz-ku?» degan haqli savolni qo‘yadi.

Chindan ham, nega maktab ikkiga bo‘linyapti? Nega yangi bino bo‘la turib ayrim sinflar eskisida o‘qiyapti?

Shu savollar bilan direktor o‘rinbosari Tolmas Uzoqboyevga yuzlandik.

«Maktabda 329 nafar o‘quvchi ikki smenada o‘qiydi. Maktabning eski binosida 5–6 ta sinf o‘qiydi. Yangi binoda 7 ta xona bor, 2 tasi «kabinet». Agar eski binodan foydalanmasak, yangi binoda 3 smenada o‘qitishga majbur bo‘lamiz. Bizning qishloqqa tog‘ning orqasidan ham bolalar keladi. O‘quvchilar 4–6 kilometr uzoqlikdan qatnaydi», — deydi direktor.

Tolmas Uzoqboyevning qo‘shimcha qilishicha, eski bino ta'mirlash bo‘yicha umuman ro‘yxatga kiritilmagan. Mas'ullar bu binoda o‘quvchilarga dars o‘tilishidan ham xabari yo‘q. Xabari bo‘lsa ham, asosiy vaj yangi bino qurib berilgani bo‘ladi.

«Bu rekonstruksiyaga berilmagan, paxsa devor hashar yo‘li bilan qurilgan. Eski bino umuman ro‘yxatda ham yo‘q. Har yili yangi binoga mablag‘ ajratiladi, lekin eskisi hashar yo‘li bilan ta'mirlanadi. Qorovul, bog‘bon, xo‘jalik mudirlari hashar yo‘li bilan ta'mirlaydi.

Yangi binoda o‘quvchi ko‘paysa eskisiga ko‘chiramiz. Kamroq o‘quvchi bor sinflar eski binoda o‘qiydi. Qarasangiz boshlang‘ich ham, katta sinf ham o‘qiyapti. Paxsa devorli maktablar bo‘yicha komissiya kelganini ko‘rmadim. Tuman hokimligi qurilish bo‘limidan 2020 yil sentyabr oyida kelishdi, lekin o‘zgarish bo‘lgani yo‘q», — deydi maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Tolmas Uzoqboyev.

«Eski maktabimiz tagida tosh devor terilgan, loydan qilingan. Ta'mirlaguncha loy suvasak, to‘kilib ketyapti. Beton yo‘q. Poydevor tosh-loy, tosh-loy qilib terilgan. Ta'mirlash uchun mablag‘ ajratilmaydi», — deydi 57-maktab qorovuli Asror Do‘stov.

Maktabda yana bir muammo bor. Tog‘lik o‘quvchilar jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yo‘q. Avval rekonstruksiya qilingan-u, sport zal masalasi ijobiy hal bo‘lmagan.

Sport maydoni ham talabga javob bermaydi. Maydon orti jarlik. «Stadionda futbol o‘ynasa, jar bor ekan-ku, xavfsizlik masalasi qanday bo‘ladi?» degan savolimizga T.Uzoqboyev quyidagicha javob berdi:

«Faqat shaxmat-shashka, arm-restling o‘ynaymiz, gantel ko‘taramiz. Ushbu sport maydonini 2008 yilda pul tashlab, quruvchilardan iltimos qilib qildirganmiz. Jarga to‘p tushib ketsa, bolalar 5 daqiqada olib keladi. Boshqa iloji yo‘q-da! Sharoitimiz shu. Direktor taklif berilgan, dedi».

Xabaringiz bor, Prezidentimiz Qashqadaryoda bu kabi og‘ir maktablarni ta'mirlash uchun 2021 yilda respublika budjetidan 250 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini ma'lum qilgandi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, bu yil viloyatimizda paxsadan qurilgan, ta'mirtalab maktablar ta'mirlanib, jihozlanadi.

Xo‘sh, dastur asosida Yakkabog‘dagi 57-maktabda ham qurilish- rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladimi?

Shu savol bilan biz Yakkabog‘ tumani xalq ta'limi bo‘limi mudiri Uzoq Nurmatovga bog‘landik. Bo‘lim mudiri o‘quvchilar xarob ahvolga kelib qolgan binoda ta'lim olayotganidan xabardor emasligini ta'kidladi.

U.Nurmatovning aytishicha, maktab ta'mirlanishi 2021 yilda rejalashtirilmagan.

«57-maktab 2009 yilda kapital rekonstruksiya bo‘lgan. 180 o‘rinli maktab qurilgan. Hozir 325 ta o‘quvchisi bor. Ikki smenada o‘qiyapti», — deydi u.

Xalq ta'limi bo‘limi mudirining bergan ma'lumotiga tayanadigan bo‘lsak, demak hali beri bu maktabdagi vaziyat to‘liq o‘rganilmaydi.

Ayrim mas'ullar esa yangi binosi bor deb eski binoda o‘qiyotgan o‘quvchilarni keng jamoatchilikdan yashiradi. Maktabga «komissiya» kelsa, yangi maktab ko‘rsatiladi-da, eskisini hech kim eslamaydi. Agar shunday bo‘lmaganda, devorlari zaxlab ketayotgan, tomidan chakki o‘tayotgan, pollari teshilib, partalari sinib qolgan bu maktab haqida avvalroq qayg‘urishgan, muammoning ijobiy yechimini izlab ko‘rishgan bo‘lar edi?

So‘zimiz oxirini bizga hammasini ochiq aytishdan qo‘rqmagan direktor o‘rinbosarining quyidagi so‘zlari bilan yakunlashga qaror qildik. Xulosa o‘zingizdan:

«Yakkabog‘lik qiz chempion bo‘lganida, oltin medal olganida, prezidentimizga 27 ta maktabda sport zal qurish taklifi berilganida rosa xursand bo‘lganman. Bizning maktabda ham sport zal qurilarkan, deb. Xalq murojaat qilib to‘g‘ri qilgan. O‘zim 1997 yildan buyon jismoniy tarbiya fanidan dars beraman. Tushlarimga kiradi — qachon sport zalda dars o‘tarkanman deb. Nafaqamga 6-7 yil qoldi. Shu yillar ichida qurilib qolsa, zora men ham sport kiyimda dars o‘tsam», — deydi Tolmas Uzoqboyev.

O‘roljon Kamolov tayyorladi.
Suratlar muallifi – Dilshod Nabiyev.

Ko‘proq yangiliklar: