Sud «Samarqand HETK» AJ kattaqo‘rg‘onlik tadbirkorlarga 420 million so‘m to‘lashi haqida qaror chiqardi. Jamiyat qarordan norozi

Jamiyat 15:16 / 18.02.2021 5276

«Samarqand HETK» AJ sudning qaroridan norozi bo‘lib, Samarqand viloyat iqtisodiy sudiga belgilangan tartibda appelyatsiya bergan va unda yutqazgan. Jamiyat hozirda Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat kiritgan. Bu haqda korxona matbuot xizmati ma'lum qildi.

Ishdagi hujjatlarda qayd etilishicha, Kattaqo‘rg‘on tumani «Alijon» MFYda joylashgan «Kattaqoʼrgʼon Valijon parranda» MChJ va «Murodullo Bobo-N.F.M.» fermer xo‘jaliklari poliz ekinlari yetishtirish uchun tijorat banklardan olingan kredit hisobidan Xitoydan keltirilgan texnologiya asosida issiqxona qurgan.

Shundan so‘ng, MChJ va fermer xo‘jaligi «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bilan shartnoma tuzib, intizomli to‘lovchi sifatida issiqxona uchun sarflangan elektr energiyasi haqini vaqtida to‘lab kelgan. Ammo 2020 yil 18 noyabrdan 19 noyabrga o‘tar kechasi 6 soat mobaynida ta'minotchi korxona tomonidan hech qanday ogohlantirishsiz elektr energiyasi ta'minoti uzib qo‘yilgan. Oqibatda «Kattaqoʼrgʼon Valijon parranda» MChJga tegishli 1 gektar maydondagi issiqxonada yetishtirilayotgan pomidor va «Murodullo Bobo-N.F.M.» fermer xo‘jaligiga tegishli 2 gektar maydondagi issiqxonada yetishtirilayotgan  pomidor va bodring hosillari harorat pasayishi ortidan muzlab, nobud bo‘lgan.

2020 yil 19 noyabr kuni tadbirkorlarga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari, MChJ va fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi bank vakillari, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, tuman IIB boshlig‘i va yana bir qator tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tadbirkorlarning manfaatini ko‘zlab, elektr korxonasining aybi bilan yetkazilgan zararni undirish maqsadida Samarqand shahar iqtisodiy sudiga da'vo arizalari kiritiladi.

2020 yil 30 noyabr kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Kattaqoʼrgʼon Valijon parranda» MChJ hamda «Murodullo Bobo-N.F.M.» fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar borasidagi vaziyatga izoh bergan edi. Unda MChJ va fermer xo‘jaligining elektr ta'minoti ataylab o‘chirilmagani, «Anxor» nimstansiyasidan chiquvchi T-1dan F-Uchkunni-1-OD-T-110 - yuqori kuchlanish liniyasida sodir bo‘lgan nosozliklar tufayli liniyada uzilish bo‘lgani ma'lum qilingan. Bundan tashqari izohda yetkazilgan zararda MJCh va fermer xo‘jaligining o‘zi ham sababchi ekani, har ikkala tadbirkorlik sub'yekti elektr energiyasiga ulanishga doir hujjatlarga amal qilmagani sababli ekilgan pomidor va bodring ko‘chatlarining bir qismi zarar ko‘rgani bildirilgan edi.

Sudga taqdim etilgan hujjatlarda «Kattaqoʼrgʼon Valijon parranda» MChJ o‘z zararini 249 million so‘mligini ma'lum qiladi. Biroq, sud nizolarni qonun doirasida ko‘rib chiqib, javobgar «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJdan «Kattaqoʼrgʼon Valijon parranda» MChJ foydasiga 88 million so‘m undirish haqida qaror qabul qiladi.

«Murodullo Bobo-N.F.M.» fermer xo‘jaligi esa da'vo arizasida o‘ziga yetkazilgan zarar miqdorini 823 million so‘m bo‘lganini ko‘rsatadi. Ammo sud nizolarni qonun doirasida ko‘rib chiqib, «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJdan «Murodullo Bobo-N.F.M.» fermer xo‘jaligi foydasiga 332 million 577 ming 500 so‘m undirish haqida hal qiluv qarorlari qabul qiladi.

«Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 2021 yil 18 yanvar kuni jamiyat tomonidan sudning «Kattaqoʼrgʼon Valijon parranda» MChJ va «Murodullo Bobo-N.F.M.» fermer xo‘jaligi foydasiga chiqarilgan hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib Samarqand viloyat iqtisodiy sudiga apellyatsiya shikoyati kiritilgan. 2021 yil 5 fevral kuni ushbu ish apellyatsiya instansiyasida qo‘rib chiqilib, sudning 2020 yil 16 dekabrdagi hal qiluv qarori o‘zgartirishsiz qoldirilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, hozirda «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ sudning yuqoridagi qarorlari ustidan Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: