O‘rta asrlardayoq Rishton Buyuk Ipak yo‘lidagi asosiy to‘xtash joyi hamda savdo-sotiq markazlaridan bo‘lgan. O‘tmishda shakllangan kulolchilik maktabi bugun yanada rivojlanib xalqaro kulolchilik markazlari tashkil topdi. Soha yanada sayqallandi.
«Hunarmand» uyushmasi Farg‘ona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatining Rishton, Furqat tumanlari va Marg‘ilon, Qo‘qon shahrida barpo etilgan hunarmandchilik markazlari, usta hunarmandlar ustaxonalari va galereyalarini keng targ‘ib etish, 2021 yilda viloyat hududlarida ishga tushirilishi ko‘zda tutilayotgan milliy hunarmandchilik markazlari qurilishi bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Rishtondagi «Xalqaro kulolchilik markazi»da faoliyat ko‘rsatayotgan kulollarning ustaxona va galereyalari mehmonlarga birma-bir tanishtirildi. Rishtonlik mashhur kulol Alisher Nazirov kulolchilik san'atining nozik qirralari, sohaning bugungi kundagi rivoji, usta va shogird an'anasi haqida so‘zlab berdi.
Ta'kidlash joizki, 1,2 ga maydonni egallagan Rishton «Xalqaro kulolchilik markazi»da qiymati 14 mlrd so‘mlik 2 qavatlik 20 ta ustaxona va hunarmandlar yashashlari uchun alohida xonalar barpo etilgan.
«Do‘stlik» ko‘krak nishoni sohibi usta-kulol Tohirjon Haydarovning shu yerda joylashgan uy-muzeyi Respublikada yagona xususiy muzey hisoblanadi. U yerda maxsus kitobxona, kulolchilik sexi va nodir kulolchilik asarlari to‘plami joy olgan.
Ma'lumot o‘rnida: Farg‘ona viloyatida bugungi kunda hunarmandlar soni 6282 nafarni, shogirdlar soni 18 848 nafarni, viloyatda yaratilgan ish o‘rinlari soni 29 mingtani tashkil etmoqda.
Jurnalistlar yaqin kunlarda Marg‘ilon shahrida joylashgan «Hunarmandlar markazi», Furqat tumanida bunyod etilayotgan «Yog‘och o‘ymakorligi ustaxonasi» hamda davlat xususiy sherikchiligi asosida qurilayotgan «Hunarmandlar markazi», Qo‘qon shahridagi «Turizm va milliy hunarmandchilik markazi»ning qurilish ishlari bilan yaqindan tanishish ko‘zda tutilgan.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri