Oqdaryodagi ko‘prik prezident buyrug‘idan so‘ng ham qayta tiklanmadi. Topshiriq kimlarga berilgan edi?

Jamiyat 16:28 / 16.02.2021 15322

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi mavjud muammolar va ularni hal etish yuzasidan mahalliy boshqaruv organlariga bir qator topshiriqlar berilgandi. Ana shu topshiriqlardan bir nechtasi hali ham to‘liq bajarilgan emas.

Xususan, mazkur tashrif doirasida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonining 25-qismida quyidagi band bor:

«Oqdaryo va Payariq tumanlarini bog‘lovchi Chovka qishlog‘idagi «Oqdaryo» daryosi ustidan o‘tuvchi sel oqibatida avariya holatiga kelib qolgan ko‘prikni qayta tiklash».

E'tibor bergan bo‘lsangiz, topshiriqda ko‘prikni aynan qayta tiklash ko‘zda tutilgan. Sababi shundaki, 2008 yilda ko‘prikni sel yuvib ketgach, Oqdaryo tumani markazi va qator qishloqlari aholisi Payariq tumaniga o‘tish uchun 40 kilometr ortiqcha yo‘l bosishiga to‘g‘ri kelmoqda. Holbuki, bittagina ko‘prik uzoq yillar davomida qo‘shni tumanga o‘tib qaytish imkonini bergan. 9 yilki, aholi uchun noqulaylik, har qanday transport uchun ortiqcha yonilg‘i va ortiqcha sarsongarchilik.

«Ikki tuman aholisi qadim yillardan buyon quda-andachilik, qarindoshchilik rishtalari bilan bog‘langan, ammo daryoning ustidagi ko‘prik har yili suv toshqini tufayli ikki-uch marta buzilib vayron bo‘ladi. Shu sababli bir necha marta ko‘ngilsiz voqealar, avtohalokatlar yuz bermoqda. Mahalliy aholi pul yig‘ib, har safar ko‘prikni tuzatamiz. Lekin mustahkamroq ko‘prik qurishga qurbimiz yetmayapti, hozirgi kunda ham xuddi shu ahvoldamiz. Yaqinda aholi tashabbusi bilan daryo bo‘yidagi yo‘llarimizga tosh to‘kib, tekisladik, ammo ko‘prik yaroqsiz, transportlar o‘tolmayapti, minglab yo‘lovchilarimiz, yosh bolalar, qariyalar ushbu muammodan qiynalmoqda», deydi tuman ahli tahririyatga murojaatida.

Oqdaryoliklarning necha yillar davomida qilgan murojaatlari, ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlari har holda tegishli idoralarga yetib borib, davlat rahbarining tegishli topshirig‘i berilganini aytdik. Shundan so‘ng mazkur ko‘prik yonginasida piyodalar uchun osma ko‘prik qurib berilgan, ammo topshiriqda aytilgan ko‘prikni qayta tiklash amalga oshmay qolib ketgan. Hudud aholisi esa daryo ustidan aynan transport qatnovi tiklanishini istaydi.

Muammo ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida ham bir necha bor tilga olingach, shu yilning 5 fevral kuni tuman hokimligi telegram sahifasida munosabat e'lon qilindi. Unda «Joriy yilda ko‘prikni ta'mirlash dasturga kiritilgan bo‘lib, ta'mirlash uchun mablag‘ ajratilishi va ta'mirlab foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda», deb e'lon qilingan. Bayonotda ko‘prik mahalliy budjet mablag‘lari evaziga tiklanishi ma'lum qilingan.

Mazkur bayonotdan so‘ng aholi ham va nihoyat bu yil muammo hal bo‘lishidan umidvor bo‘layotganini aytdi. Biroq tuman hokimligi mutasaddilari ko‘prik uchun mablag‘ ajratilmaganini bildirdi:

«Biz bu ko‘prikni mahalliy budjet hisobidan qilib berolmaymiz. Chunki ancha mablag‘, 4-5 milliard so‘m kerak bo‘ladi. Qolaversa, ko‘prik na tuman hokimligi balansida, na obodonlashtirish balansida va na «avtoyo‘l» balansida, hech qaysining balansida turmaydi. Ammo aholining murojaatlarini e'tiborga olib, davlat dasturiga kiritish uchun har yili respublikaga taklif beramiz. Muammoli masalalar sifatida Iqtisodiyot vazirligiga yuboramiz, lekin mablag‘ ajratilmayapti-da...», deydi tuman hokimi o‘rinbosari Bobomurod Uralov.

 Hokim o‘rinbosari ko‘prikning joriy yilda tiklanishi haqidagi bayonotga ham izoh berdi:

«Ko‘prik aynan shu yilda tiklanishi haqida va'da bermaganman. Ehtimol, boshqa biror tashkilot vakili aytgandir. Anig‘i shu, tumanning kuchi yetmaydi bunga, agar viloyat yoki respublikadan mablag‘ ajratilmasa».

Darvoqe, 60-70 yillarda qurilgan bu ko‘prik nega aynan so‘nggi o‘n yilda yaroqsiz bo‘lib qoldi? To‘g‘ri, eskirgani ham rost, ammo masalaning yana bir tomoni bor: Aholining aytishicha, so‘nggi yillarda daryoning turli joylaridan qurish ishlari uchun noqonuniy tarzda tosh qazib olish ishlari ko‘paygan. Jumladan, mana shu ko‘prik yaqinidan ham tosh qazilavergach, aholi qayta ta'mirlagach ham ko‘prik buzilib ketavergan. Chunki, tosh qazilgach, chuqur o‘rni atrofdagi toshlar siljishi evaziga to‘ladi va ko‘prik ostidagi toshlar ham o‘z-o‘zidan pasayadi. Oqibatda, kichikroq bir sel yoki toshqin ko‘prikni yaroqsiz holatga keltiradi.

Hozircha, ko‘prik qachon tiklanib, aholining og‘iri yengil bo‘lishini bilmaymiz. Ammo tiklangan taqdirda masalaning bu tomoni ham mutasaddilar e'tiboridan chetda qolmaydi degan umiddamiz.

Mazkur maqola tayyorlanish jarayonida Oqdaryodan yana bir murojaat keldi. Unda ham aynan ko‘prik muammosi va aynan davlat rahbari topshirig‘i bajarilmagani aytilmoqda. Faqat bunda boshqa hudud — Oqdaryo tumanining «Istiqlol» MFY hududidagi Oqsilot, Sarka, Qorateri va Xayrbuvi qishloqlari aholisi uchun, piyodalar uchun ko‘prik qurish muammosiga yechim topilmay kelayotgani bayon etilgan.

Biz yuqorida tilga olgan prezident ishtirokidagi yig‘ilish bayonida ko‘prik borasidagi topshiriqlar «2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi rivojlantirish davlat dasturiga kiritib amalga oshirilishi ta'minlansin» deb aniq belgilangan. Ammo shunga qaramay, moliyalashtirish masalasi bugungi kungacha hal etilmay qolib ketgan. Mutasaddilar davlat rahbari topshirig‘iga jiddiy qarashganida, fikrimizcha, bugun fuqarolar ham sarson bo‘lishmasdi.

 Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: