Yangi quriladigan uy-joy komplekslari orasida maktab ham qurib beriladi – vazir

Jamiyat 14:16 / 15.02.2021 3402

Xalq ta'limi vazirining yozishicha, o‘tgan yili Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik va Do‘rmon yo‘llari kesishmasidagi uy-joy komplekslariga prezident tashrifi vaqtida yangi kompleksga maktab zarurligi sababli, quruvchi kompaniya tomonidan davlat maktabi ham qurib berilishi aytilgan. Hozirgi kunda esa yangi 990 o‘rinli zamonaviy maktab bitmoqda.

Ta'kidlanishicha, davlat dasturi muhokamasidagi videoselektorda ushbu ijobiy tajribani barcha hududlardagi yangi qurilayotgan uy-joy komplekslariga keng joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti tomonidan hududlar rahbarlariga qo‘shimcha topshiriq bo‘lgan. Ya'ni har bir yangi quriladigan xonadonga taxminan 1,5 o‘quvchi o‘rni hisobini olib, davlat maktabi qurib berish kerak bo‘ladi. Shunda tijorat maqsadlarida 1000ta kvartirali kompleks qurilsa, 1500 o‘rinli davlat maktabi ham qurib topshiriladi.

«Bir tomondan, boshida quruvchi kompaniyaning xarajatlari ko‘paygandek ko‘rinsa-da, kelgusida kompaniya ushbu uylardagi aholi yaxshi maktabga yayov chiqa olishini inobatga olib yangi kvartiralarini boshqa joydagi kvartiralarga nisbatan yaxshiroq narxga sota oladi va xarajatlarini qoplab ketadi.

Bu esa o‘z navbatida maktablarga ajratilayotgan investitsiya dasturidagi mavjud mablag‘lar doirasida uzoqroq hududlardagi ko‘proq maktablarni kapital ta'mirlashga imkoniyat beradi. Chunki viloyat markazida 1ta yangi maktab qurishga ketadigan xarajat hisobiga tumanlarda kamida 10-15ta maktabni zo‘r qilib kapital ta'mirlasa bo‘ladi», deyiladi vazirning telegramdagi kanalida joylashtirilgan postida.

Sherzod Shermatov OAV va jamoatchilik vakillarini ushbu yaxshi tajribani bemalol joyiga borib ko‘rishga, quruvchi va developer kompaniyalar orasida kengroq tarqatishga, joylardagi boshqa yangi qurilishlarda ham nazoratga olishda yordam berishga chaqirgan.

Ko‘proq yangiliklar: