«Botir Ulug‘bekov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) poytaxtga tirikchilik ilinjida kelgan minglab fuqarolardan biri edi. Halol kasb yuritish hamma uchun ham zarur. Toshkentning «Minor» qabristoniga ishga joylashib, marhumlarni so‘nggi yo‘lga kuzatish ishlarida aralashib yurgan Botir belni og‘ritmay oson pul topishning juda antiqa usulini qo‘llaydi.
O‘tganlar ruhini shod etish, xotiralarini abadiylashtirishda qabrlar ustiga tosh qalash dinimizda qoralanishiga qaramay, ko‘pchilik hamon shu uslubni afzal biladi. Qabristonga ham bunday niyatda keluvchilarning keti uzilmaydi. Botir Ulug‘bekov ham ana shu holatdan ustalik bilan foydalandi va muqaddam sudlangani ham uni bu harakatlardan qaytara olmadi.
Dastlab u turmush o‘rtog‘i vafot etgan Mavluda ismli ayolning ishonchiga kirib, o‘zini «Minor» nomli qabristonda qabrlarga marmar toshi yasatib, o‘rnatib beruvchi usta sifatida ko‘rsatib, 7,5 mln so‘m, Farrux Turdiyevdan ham shu usulda 3,7 mln so‘m, Jahongir Tojiyevdan 200 AQSh dollari miqdorida pul oladi va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.
Vaqt o‘tsa-da, bu ishlar bajarilmaydi va chuv tushganlarini anglab yetgan jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiladi», deyiladi sud matbuot xizmati xabarida.
Sud sudlanuvchi B.Ulug‘bekovning jinoiy harakatlari yuridik kvalifikatsiyasiga baho berib, dastlabki tergov organi tomonidan uning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandi - firibgarlik, ya'ni aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni takroran, xavfli retsidivist tomonidan qo‘lga kiritish kvalifikatsiya belgilari bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb topadi.
Yakuniy hukm o‘qilgunga qadar 85 kun hibsda saqlangan B.Ulug‘bekovga sud uzil-kesil o‘tash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 27,5 baravari, 6 million 132 ming 500 so‘m miqdorida jarima va ish haqining 15 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.