Afg‘onistondagi Alisher Navoiy maqbarasi O‘zbekiston tomonidan restavratsiya qilinadi

Jamiyat 15:08 / 15.02.2021 8282

Milliy matbuot markazida Madaniyat vazirligining Bebaho milliy-madaniy obidalarga zarar yetkazish holatlarining oldini olish, ularni asrash bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Madaniy meros departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Fazliddin Davlatovning ma'lum qilishicha, Hirot shahridagi Navoiy maqbarasi davlat budjetidan qayta ta'mirlanadi.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yil 14 dekabrda Vazirlar Mahkamasi buyrug‘iga asosan tashkil qilingan delegatsiya Afg‘onistonning Hirot shahriga tashrif buyurgan.

Sardor Umrzoqov boshchiligidagi delegatsiya Hirot shahridagi mutafakkir Alisher Navoiy maqbarasini ko‘zdan kechirgan. Bu yerda amalga oshiriladigan obodonlashtirish ishlari, masjid qurilishi loyihasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Ayni paytda Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Maqbarani qayta ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari O‘zbekiston tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu mablag‘ davlat budjetidan ajratiladi. Mablag‘ Hirot shahri hokimiyatiga o‘tkazib beriladi va ishlar Afg‘onistondagi notinch vaziyatni e'tiborga olgan holda o‘sha yerdagi qurilish firmalari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston tomonidan nazorat ishlari olib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: