Viloyat hokimligi, korxona va tashkilotlar vakillari, Andijon mehmonlari, ziyolilar va talaba-yoshlar tomonidan buyuk bobomizga hurmat ifodasi sifatida sohibi devon haykali poyiga guldastalar qo‘yildi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan adabiy-ilmiy merosning qadr-qimmati, jahon adabiyotining nodir xazinalari sifatida asrlar davomida e'zozlab kelinayotgani haqida so‘zladilar.
Shoirning dilbar g‘azallari, purma'no ruboiy va masnaviylari, butun dunyoga ma'lum-u mashhur “Boburnoma”si, musiqa ilmiga doir durdona asarlari uning naqadar serqirra ijodkor bo‘lganligidan darak beradi. Badiiy nasrning betakror namunasi sanaladigan “Boburnoma” tarixiy-memuar asari jahonning 70 dan ortiq mamlakati muzeylaridan joy olgani, bu shoh asarning 30 dan ortiq tilga tarjima qilingani uning beqiyos ahamiyatga ega ekanligining ifodasidir.
Shuningdek, Andijon aeroportiga Bobur nomi berilgani, shahardagi "Sog‘lom avlod" stadioni "Bobur arena" deb qayta nomlangani beqiyos iste'dod sohibi bo‘lgan bobomizning xotirasiga xalqimiz ehtiromining ramzi sifatida e'tirof etildi.
Viloyatda Mirzo Boburning tavallud kunini nishonlash arafasida 750 dan ortiq madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazildi, 1000 dan ziyod davra suhbatlari tashkil etildi. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan musiqa o‘qituvchilaridan tuzilgan ansambllar ishtirokida Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub g‘azallar asosida “Nazm va navo” adabiy-badiiy kechalari ham bo‘lib o‘tdi.
Bobur maydonida tashkil etilgan tadbirda Andijon mehmonlari - Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimi, iste'dodli shoir Rustam Mirvohid, namanganlik g‘azalnavis shoira Dilorom Ergasheva hamda Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi tomonidan g‘azal, muxammas va Mirzo Boburga bag‘ishlangan she'rlar o‘qildi.
Turli soha vakillari ishtirokidagi g‘azal va bahru bayt chellenji shu yerda ham davom ettirildi. Chellenj ishtirokchilariga viloyat hokimi tomonidan "Boburnoma" kitobi taqdim etildi.