Uchko‘prikdagi bir maktab muammosi qanday hal qilinadi: aholi va tuman hokimi fikrlari

Jamiyat 12:34 / 12.02.2021 8052

Murojaatni o‘rganish maqsadida tumandagi Oqtepa qishlog‘ida bo‘ldik.

Darhaqiqat, oqtepaliklar o‘z qishloqlariga kirib borguncha 2 kilometr masofani piyoda bosib o‘tishga majbur ekan. Boisi — qishloq markazigacha olib boradigan transport qatnovi yo‘lga qo‘yilmagan.

Dastlab 41-umumta'lim maktabida bo‘ldik. Maktab direktori Manzuraxon Qodirova 2021 yilda qurilishi rejalashtirilgan mazkur muassasaning qurilishi uchun yer maydoni yo‘qligini tasdiqladi. 220 o‘rinli maktabda bugungi kunda 391 nafar o‘g‘il-qiz ta'lim-tarbiya olmoqda.

«Maktabimiz O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Zamonaviy maktablarni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan investitsiya dasturiga tushgan. Bu yil, ya'ni 2021 yilda qurilishi rejalashtirilgan. Biroq yer maydoni yo‘qligi bois ushbu qurilish to‘xtab turibdi. Biz yer maydoni so‘rab Uchko‘prik tumani hokimiga bir necha marotaba murojaat qildik. Bizdan tashqari shu hudud aholisi ham murojaat qilgan. Lekin murojaatlarimizga javob hali ham yetib kelgani yo‘q», — deydi direktor M.Qodirova.

Shuningdek, mas'ullarning bildirishicha, maktabda oshxona, faollar zali, hojatxona ham mavjud emas. Maktab xojatxonasi esa maktab binosidan tashqarida — mahallaning ichida joylashgan.

Biz maktab direktori bilan suhbatlashgunga qadar, maktab hovlisida qishloq faollari to‘plandi. Ulardan biri — Rustamjon Inomjonovning fikricha, mahalla aholisining mas'ullardan yagona talabi qishloqqa zamonaviy maktab qurish.

«Meni mahalla aholisi siz shu ish bilan shug‘ullaning deb, barcha mas'uliyatni menga yuklab qo‘ygan. Bormagan tashkilotim qolmadi, hisob. Xozir ham hokimiyatdan kelyapman. Hokim ish bilan chiqib ketgan ekan. Hududimiz prokuror sektoriga qaraydi. Sektor rahbariga ham uchrashdim. Hozircha natija yo‘q. Aholi va mas'ullar bilan shu masalani hal qilishimiz kerak. Kerak bo‘lsa respublikaga ham chiqamiz. Bizning ham farzandlarimiz zamonaviy maktablarda o‘qisin axir», — deydi mahalla faoli R.Inomjonov.

Guvohi bo‘lganimiz — o‘quvchilar mahalla ichidagi sport maydoniga borish uchun ikkita yo‘ldan foydalanadi. Birinchi yo‘l – aylanma yo‘l bo‘lib, maydonchaga yetib olish uchun o‘quvchilar mahalla ichidagi ko‘chalarni aylanib o‘tishga majbur. Buning uchun o‘quvchilar 15–20 daqiqa vaqt sarflaydi. Ikkinchi yo‘l — qisqa yo‘l bo‘lib, u maktab binosi orqasidagi ko‘chada hali qurilishi boshlanmagan uyning yer maydonini bosib o‘tish. Buning uchun o‘quvchilar 5–10 daqiqa vaqt sarflaydi.

«Hozir o‘tib kelgan yo‘limiz birovning shaxsiy tomorqa maydoni. Ertaga uy egasi bu yerda qurilish qilib, uy ko‘tarsa o‘quvchilar mahallani aylanib shu yerga kelishga majbur bo‘ladi. Buning uchun yarim soat vaqt sarflaydi», — dedi suhbatdoshimiz R.Inomjonov.

Biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida tuman hokimligida bo‘ldik. Tuman hokimi Akmaljon Mahmudaliyev tegishli o‘rinbosarlari, mas'ul tashkilot rahbarlari ishtirokida masalani muhokama etishni joiz topdi.

Hokimning bildirishicha, qishloqdagi 41-maktabni investitsiya dasturiga kiritish bo‘yicha taklifni hokimlikning o‘zi bergan. Bitta narsa inobatga olinmagan, ya'ni maktab joyining kichikligi. Aholi yangi maktab qurilishi uchun qishloqdagi ekin maydonidan yer so‘ramoqda. Biroq hokim buni o‘zi xohlasa ham bera olmasligini bildirdi.

«Kuzatyapmiz xozirgi kunda yerning egasi, bo‘sh turgan yerini yoki foydalanmayotgan yerini masjidlarga ajratib beryapti. O‘zini roziligi bilan. Hududda eski xirmon joyi bor. Ekin maydonining burchagida. Men aholiga tushuntirdim, mana shu hududni tadbirkorni o‘zidan so‘ranglar, deya. Men ham borib tadbirkorga aytishim mumkin — yeringizni maktabga bering. Shu yerga maktab quraylik, deb. Biroq bu tadbirkor tomonidan boshqa qabul qilinishi, «hokim bosim bilan yer maydonimni olib qo‘ydi», degan gap-so‘zlar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun xalqning o‘zidan iltimos qildimki, shuni so‘ranglar deb. U yerda baribir hozir hech narsa qilingan yo‘q. Yer masalasi baribir og‘ir masala», — dedi tuman hokimi A.Mahmudaliyev.

Tuman hokimi tomonidan mahallaning ichidagi sport maydonchasi yer maydoni ham maktab qurilishi uchun taklif sifatida ko‘rsatilgan. Biroq ushbu taklif mahalla ahliga ma'qul kelmayotganligi aytildi.

Uchko‘prik tumani hokimi, mas'ullar hamda murojaatchilar ishtirokida muhokama qilingan masala bo‘yicha tuman hokimi tomonidan yakuniy taklif aytildi. Maktab binosi o‘zining o‘rnida 3 qavatli qilib quriladi. Mahalladagi sport maydonida esa yopiq sport zal va ikkita futbol maydonchasi barpo etiladi.

Ushbu masala Xalq ta'limi vazirligi bilan ham kelishilishi aytildi.

Bu — Oqtepa qishlog‘idagi murojaatning asosiysi edi. Qishloqda o‘tgan bir kunimizning qolgan taassurotlari, qishloq aholisini qiynab kelayotgan boshqa muammolar bo‘yicha Kun.uz alohida maqola tayyorlaydi.

Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: