Joylarda 2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorining qator bandlari ta'minlanmayotgani haqida xabar berildi. Shu kabi muammolarni ichidan biladigan va bevosita boshidan kechirayotgan respublika fan olimpiadasi g‘olibi, Samarqand shahridagi 77-umumta'lim maktabi direktor o‘rinbosari Bahrom Toshboyev ushbu qaror ijrosi yuzasidan taklif va e'tirozlarini bildirdi:
«Hamma narsani ham moddiy manfaat bilan o‘lchab bo‘lmaydi, albatta. Ammo qog‘ozdagi gaplar qog‘ozda qolib ketavermasligi ham kerak. Ya'ni, hukumat va davlat rahbarining qarori ijro etilishi lozim.
Demoqchi bo‘lganimiz, 2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida ta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan respublika va xalqaro olimpiada g‘oliblariga qo‘yidagi imtiyozlar belgilab qo‘yilgan:
g) ta'lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan:
xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz;
asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi.
Shuningdek, qaror mazmunida olimpiada g‘oliblarini rag‘batlantirib borish bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligi tizimining belgilangan shtatlar soni doirasida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etilib, mazkur qaror ijrosi 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga tatbiq etilishi belgilab berilgan.
Afsuski, shu kungacha aksariyat hududlarda mazkur qaror ijrosi ta'minlangani yo‘q. Agar bu imtiyozdan kimdir foydalanayotgan bo‘lsa ham o‘zining shaxsiy tashabbusi, xatti-harakati, talabi bilan amalga oshgan. Bizningcha, qaror chiqarilgandan keyin departament mazkur toifaga kiruvchi pedagoglar ro‘yxatini shakllantirishi va ularning ushbu imtiyozdan foydalanishini ta'minlashi lozim edi. Prezident qarori ijrosi Xalq ta'limi vazirligida bajarilmas ekan, quyi tashkilotlardan nima ham kutish mumkin?
Aynan xalqaro va respublika olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish borasidagi muammo tizimli hal etilmayapti. Mazkur masalani xalq ta'limining hududiy bo‘limlari vazirlikka, vazirlik esa boshqarmalarga uloqtirmoqda. Shu sababli ommaviy axborot vositalari orqali bir qator savollar bilan Xalq ta'limi vazirligiga murojaat qilishni joiz topdik.
Birinchidan, tuman-shahar xalq ta'limi bo‘limlari qarorning 2019 yilda chiqqani va 2019 yildan keyingi g‘oliblarga tegishli ekanligini da'vo qilishmoqda. Vaholanki, qarorda «o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan» degan ma'lumot keltirilgan. Bu esa ayni paytda olimpiada g‘olibi bo‘lib turib, o‘qituvchilik qilayotganlar nazarda tutilganiga ishora qiladi. 2019 yilning g‘olibi 4 yil oliygohni bitirib, o‘qituvchi bo‘lishi mumkin. Demak,u «faoliyat yuritayotgan» bo‘la olmaydi. Yoki iqtidorlilar 2019 yildan keyin g‘olib bo‘ladi, oldingi g‘oliblar iqtidorli bo‘lolmaydi, degan ma'no tushuniladimi?
Ikkinchidan, xalq ta'limi bo‘limi xodimlari imtiyoz ko‘pi bilan bir yilga amal qilishi kerak, degan iddao bilan ustama to‘lanishiga qarshi chiqmoqda. Demak, 2007 yil g‘olibi 2008-2009 o‘quv yilida ustama olishi mumkin, degan mantiq paydo bo‘lyapti. Qizig‘i, 2007 yilda olimpiada g‘olibi bo‘lgan yosh 2008 yilda oliygohni bitirib,o‘qituvchilik qila olmaydi! Qarorning mazmunida aniq ustama muddati belgilanmagan.
Uchinchidan, ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotganolimpiada g‘oliblari aynan qancha vaqt davomida ustama oladi? Bir yilmi, besh yilmi yoki butun pedagogik faoliyati davomidami?
To‘rtinchidan, xalq ta'limi bo‘limlari fikriga ko‘ra, respublika miqyosidagi g‘oliblar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Agar davlat ularning har biriga 100-150 foiz ustama to‘lasa, inqirozga uchrashi mumkin ekan.
Endi asl holatga e'tibor qilaylik. Har yili taxminan 13 ta fandan respublika olimpiadalari o‘tkazilib, ularda sovrinli o‘rinlar 3 tadan bo‘lgan ekan, 25 yilda taxminan 1000 nafarga yaqin respublika olimpiadasi g‘oliblari bor. Agar ularning 10 foizi ta'lim sohasida ishlayotgan bo‘lsa, demak mazkur bandda ko‘rsatilgan toifadagi o‘qituvchilar respublika miqyosida ko‘pi bilan 100 nafarni tashkil qiladi. Vaholanki, o‘sha ming nafar iste'dod maktablarda ishlaganida edi, sohada qandaydir o‘zgarish qila olgan ham bo‘lardi. Bu esa inqirozga yetaklovchi emas, istiqbolni ko‘zlab chiqarilgan qarordir.
Beshinchidan, qaror qabul qilinganiga ikki yil bo‘ldi. Respublika miqyosida fan olimpiadalari g‘olibi bo‘lib, ish faoliyatini ta'lim sohasida davom ettirayotganlar soni aniqlandimi? Ularning soni qanchani tashkil etmoqda?
Oltinchidan, qarorda asosiy olimpiadaning respublika yoki xalqaro miqyosdagi g‘oliblariga imtiyoz berilishi aytilgan.Asosiy olimpiadalarga qaysi fanlar kiradi?
Yettinchidan, qarorda «ta'lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan» deyilgan. Aynan ta'lim muassasasi turi ko‘rsatilmagan. Tuman-shahar moliyachilari fikriga ko‘ra, bu oliygohlarga tegishli bo‘lishi kerak. Ammo qaror ijrosi Xalq ta'limi vazirligiga yuklatilgani ushbu so‘z aynan umumta'lim muassasalarini anglatishini bildiradi. Qolaversa, «ta'lim muassasalari» so‘zi O‘zbekistondagi barcha ta'lim turlarini qamrab olishi kerak.
Sakkizinchidan, ustama imtiyozlari aynan ta'limning qaysi turi (maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki oliy ta'lim) bilan shug‘ullanayotgan pedagoglarga tegishli?
To‘qqizinchidan, asosiy olimpiadalarning respublika yoki xalqaro bosqichlarida g‘olib bo‘lganlarning ba'zilari ayni paytda umumta'lim muassasalarining direktor o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan bo‘lib, tuman xalq ta'limi bo‘limlari ularning «o‘qituvchi emasligi»ni ro‘kach qilmoqda. Qarordan maqsad iqtidorli kadrlarni ta'limga jalb qilish. Iqtidorli kadr o‘qituvchi bo‘lsa, o‘z fanidan yuz nafar bolani bilimli qiladi. U rahbar bo‘lsa, jamoani jonlantiradi, o‘quvchilarning bilim saviyasini nafaqat bitta fandan, balki barcha fanlardan oshishiga xizmat qiladi. Yoki oliygohdagi ilmiy darajasi yo‘q xodim o‘qituvchi, ilmiy darajasi baland odam professor deyiladi. Demak, o‘qituvchi ustama olib, professor olmasligi kerakmi? Agar direktor o‘rinbosarligi ustamaga to‘sqinlik qilsa, bu o‘sha kadrning lavozimdan voz kechib, o‘qituvchilik qilishiga zamin yaratmaydimi? Xullas, mantiq yo‘q.
O‘ninchidan, agar respublika olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan pedagog xodimning boshqa turdagi ustamasi mavjud bo‘lsa, unga jami 100 foiz ustama beriladimi yoki boshqa ustama summasi ham qo‘shiladimi?»
Darhaqiqat, yaqinda xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar boshqa tuman va viloyatga ishlash uchun borsa, oylik maoshiga 50 foizdan, 100 foizgacha ustama qo‘shib berilishini ma'lum qildi. Bu ularga o‘z ustilarida ishlashlari uchun qo‘shimcha stimul bo‘ladi, deya ta'kidladi.
Yangi renessans haqida gapiryapmiz. Bu g‘oya ta'lim sifatidan boshlanar ekan, hukumat darajasidagi qarorlar ijrosi hududlarda so‘zsiz bajarilishi lozim. Soha egalari moddiy va ma'naviy quvvatlovni o‘z vaqtida his qilsinlar.
Xalq ta'limi vazirligi va Moliya vazirligidan yuqoridagi masalaga e'tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.
P.S.: Ushbu material tayyor bo‘lish asnosida Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasidan shahar, tuman xalq ta'limi bo‘limlariga xat chiqarilgani ma'lum bo‘ldi. Unda fan olimpiadasi g‘oliblariga uch yil avvalgi qarorda aks etgan ustamalar berilishi haqida gap borgan. Bu yaxshi xabar, albatta. Ishonamizki, bu muammoning tizimli tarzda yechilayotganidan darak beradi. Quyi tizimga kelib yana kalavaning uchi chalkashmaydi, deb umid qilamiz.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.