Bekoboddagi bog‘cha qurilishi uch yildan buyon bitmaydi. Bog‘cha 2021 yilda foydalanishga topshiriladimi?

Jamiyat 18:26 / 12.02.2021 7043

«Mahallamizdagi eski bog‘cha buzilib, qayta qurilishga tushganda bizning farzandlarimiz ham shaharlardagidek zamonaviy bog‘chada ta'lim-tarbiya olishadi deya judayam sevingandik. Biroq mana uch yildirki qurilish ishlarining oxiri ko‘rinmaydi. Bog‘cha yoshidagi o‘nlab bolalarimiz yangi maktabga ham chiqib ketishdi», deydi mahallada yashovchilardan biri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

«Mahallamizda 1960 kishi yashaydi. Shundan bog‘cha yoshidagi bolalar soni 295 nafarni tashkil etadi. Mahallamizda yettita qishloq bo‘lib, hududda 31-MTTdan boshqa bog‘cha yo‘q. Buyam qayta qurilishga tushib, uch yildan beri bitmayapti. Rais bo‘lib saylanganimda birinchi qavati qurib bitkazilgandi. Keyin qo‘lma-qo‘l bo‘lib qaysidir firmalar ikkinchi qavatini ham ko‘tarishdi. Hozirga kelib ishlar chala yotibdi.

Paxta terimi vaqtida xalqimiz qiynaldi. Bolalar qarovsiz qoldi. Odamlarga pul kerak, ammo dalaga terimga chiqay desa, bolalarini kimga qoldirishni bilmaganlar bo‘ldi. Mahallamizda ishlab chiqarish korxonalari yo‘q. Mahalla ahlining asosiy daromadi dehqonchilik va chorvachilikdan», deydi «Qolg‘onsir» MFY raisi Hayitboy Turdiqulov.

Hayitboy Turdiqulov

«Bog‘cha bitmayotgani sababli qancha yoshlar uyda farzand tarbiyasi bilan band bo‘lib qolmoqda. Biror joyga borib ishlaylik desak, bolalarga qaraydigan odam yo‘q.

Nurali Shodmonov

Bog‘cha yoshidagi ikki nafar farzandim bor. Menga o‘xshab hamma mahalladoshlarimiz bog‘chaning ochilishini kutishmoqda. O‘zimiz ham hashar yo‘li bilan yordam qilyapmiz. Ishga tushishi bilan ko‘pchilik bolasini bog‘chaga beradi», deydi shu mahallada yashovchi Nurali Shodmonov.

«Bog‘chaning qurilishi 2018 yilning avvalida boshlangandi. Birinchi ish boshlagan firma ishlar dekabrning oxirigacha yakunlanishini aytgandi. Keyin qurilish boshqa bir firmaga berildi. Biroq uyam ishni oxirigacha yetkazmagan. Bu orada devorlarda yoriqlar paydo bo‘ldi.

Ilhom Jo‘rayev

Bolalarimiz katta bo‘ldi. Bog‘cha yoshidagi uch nafar nevaramdan kattasi yaqinda maktabga boradi. Bog‘cha ta'lim-tarbiyasini olmagan bola maktabga hech narsani bilmasdan boradi. Qurilish ishlari cho‘zilayotganidan bog‘cha yoshidagi bolalarimiz aziyat chekishmoqda», deydi mahalla faollaridan yana biri Ilhom Jo‘rayev.

Ushbu mahalla hududidagi 31-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti 4ta eski binodan iborat bo‘lgan. Ushbu binolarning faqat bir qismi ishlagan bo‘lib, bolalar soni 50 nafarga ham bormagan. Bog‘cha gazlashmagan bo‘lib, faoliyatining oxirgi kuniga qadar o‘tin yordamida isitib kelingan. «2018 yilda maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash manzilli dasturi to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan ushbu bog‘cha binosi rekonstruksiyaga tushgan.

31-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti mudirasi Dilshoda Boboyevaning aytishicha, bog‘chaning eski binolari buzilib, yangisi qurila boshlangandan buyon 2 marta pudratchi almashgan. Shuningdek, u qurilish jarayonida sifatsiz mahsulotlar ishlatilganidan shikoyat qilmoqda. Dasturga ko‘ra, 2018 yil oxirida foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan bog‘chaning qurilishi, mana, 2021 yilning fevrali o‘tib boryaptiki, haligacha bitgani yo‘q.

«2018 yilda maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash manzilli dasturiga asosan tuman hokimining 2018 yil 29 yanvardagi 101-sonli qaroriga muvofiq, bog‘chamiz buzilib, qayta qurilishga tushdi. Bundan juda xursand bo‘lgandik. Xodimlar, bolalar soni ko‘payadigan bo‘ldi. Chunki hududdagi yagona bog‘cha bo‘lganimiz uchun aholining maktabgacha ta'lim muassasasiga ehtiyoji yuqori bo‘lib, joy yetishmaganidan mahalladagi ko‘plab oilalarning farzandlari navbatda turishardi.

Qurilish ishlari boshlanganiga uch yil bo‘lyapti hamki, faoliyatimizni davom ettira olmayapmiz. Tuman hokimi ham, maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri ham, viloyatdagi mutasaddilar ham muammodan xabardor. Bekobod tumani hokimi tuman faollari bilan bog‘chamizga kelib, hududni obodonlashtirishga katta yordam berdi. Qurilishning kam-ko‘stini bitirib, bog‘chani foydalanishga topshiramiz deb turgan paytimizda ikkinchi qavat devorlari, shifti va plitalarida paydo bo‘lgan yoriq bu ish kechikishiga olib keldi. Hozir bu holat bo‘yicha ekspertiza tayinlangan bo‘lib, uning natijasiga qarab ishlar davom ettirilishi ma'lum qilingan», deydi Dilshoda Boboyeva.

Dilshoda Boboyeva

Mudiraning aytishicha, qurilish jarayonida sifatsiz mahsulotlar ishlatilgan. Jumladan, bolalar yuvinadigan sanuzel xonalaridagi kafellar bog‘cha hali foydalanishga topshirilmay turib ko‘chib tushmoqda. Xonalarning poliga obdon quritilmagan yog‘och qoqilgani sababli yog‘ochlarning oralari ochilib qolgan, qolaversa, polning yuzasi o‘nqir-cho‘nqir ahvolda.

«Bu masala bo‘yicha buyurtmachi tashkilotga, viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasiga, viloyat hokimligiga xat orqali chiqib, vaziyat haqida o‘z vaqtida axborot berganman. Murojaatlarimdan so‘ng har safar Toshkent viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasidan vakillar kelishadi, quruvchini chaqirishadi, falon muddatda foydalanishga topshirish bo‘yicha pudratchidan tilxat, kafolat xati olishadi-da, qaytib ketishadi.

Lekin bu tekshiruvlardan hech qanday natija bo‘lmayapti. Pudratchi bizda pul yo‘q deydi. Ikkita pudratchi aybni bir-biriga ag‘daradi. Bizga bu gap-so‘zlar muhimmas, bog‘cha kerak bizga. Hozirgi kunda obektning egasi yo‘q. Hududga bog‘cha qurilishini nazorat qilishi kerak bo‘lgan «texnadzor» ham, obekt loyiha asosida bityaptimi-yo‘qmi, shuni kuzatib borishi kerak bo‘lgan loyihachi ham kelmaydi hisob. Aholi bog‘cha qachon bitadi deb har kuni so‘raydi. Ularning savollariga javob berolmay qiynalib ketdim», deydi Dilshoda Boboyeva.

Yuzaga kelgan tushunarsiz holatdan nafaqat mahalliy aholi, balki 31-maktabgacha ta'lim tashkilotida ishlab kelgan ishchi-xodimlar ham aziyat chekishmoqda. Surishtiruv davomida bog‘chaning tarbiyachilari va boshqa xodimlari uch yildan buyon oylik olishmayotganliklarini, azbaroyi ro‘zg‘or tebratish uchun majburlikdan turli mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib kelishayotganini bildirishdi.

Biroq tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri Nilufar Mixliboyeva 31-bog‘chaning yonidagi maktabda bog‘cha yoshidagi bolalar uchun 6ta qisqa muddatli guruhlar ochilgani, ikki-uch nafar ishchidan boshqa xodimlar ish bilan ta'minlanganini, ushbu guruhlarga jalb etilgan xodimlarga ish haqi to‘lab kelinayotganini aytmoqda.

«Bog‘chaning qurilishi bitavermagach, MTT oldidagi maktabda 180 o‘rinli qisqa muddatli 6ta guruh ochganmiz. Pandemiya sababli ushbu guruhlar faoliyati to‘xtab qoldi. Lekin ularning oyligini to‘ladik. Faqat qisqa muddatli guruhlarda bolalar ovqatlanmagani sababli xo‘jalik mudirasi, oshpazi, qorovullari, yana ikki-uch ishchisi oyliksiz qolib ketdi. Qolgan ishchilarini ish bilan ta'minlaganmiz.

Qolaversa, pandemiya davrida bolalar onlayn mashg‘ulotlar bilan to‘liq qamrab olingan, qarovsiz qolgani yo‘q. Onlayn mashg‘ulotlarni o‘tgani uchun tarbiyachilarga hozirgacha oylik berib kelinmoqda. Jami qancha ishchiga qanchadan oylik berilayotganini bilmayman, bu bilan shug‘ullanadigan xodimlar bor. Lekin 31-bog‘chaning qisqa muddatli guruhlarga jalb etilgan xodimlari oyligini olishyapti», deydi Nilufar Mixliboyeva.

Biroq mudira Dilshoda Boboyeva bergan ma'lumotlar tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirinikidan biroz farq qildi.

«Bog‘chamiz buzilgandan keyin Maktabgacha ta'lim vazirligining qaroriga asosan qisqa muddatli guruhlar tashkil etilgan. Unga ko‘ra, maktabning uchta binosida oltita qisqa muddatli guruhlar ochib, hududdagi 120 nafar bolani 2 smenada qabul qildim. Bu jarayonga ishchilarimning yarmi jalb etildi. Pandemiya paytigacha ishladik. Undan keyin mashg‘ulotlar onlayn ravishda davom ettirildi. Qisqa muddatli guruhlarda faqat tarbiyachi, enaga va hamshiraga ish haqi to‘lanadi, u ham to‘liqmas.

Keyin an'anaviy ta'lim tiklangach, ma'muriyat binoni qaytarishni so‘radi. Chunki maktablar ochilib, bolalar oraliq masofani saqlagan holda ta'lim olayotgani uchun biz foydalanib turgan binolarni ham olib qo‘yishdi. Tuman moliya bo‘limiga ishchilarimga Mehnat kodeksiga muvofiq kompensatsiya berilishini so‘rab xat bilan chiqqanimda to‘lab bera olishmasligini, tumanda buning uchun mablag‘ yo‘qligini aytishdi. Moliya bo‘limi boshlig‘i tumanda qurilishga tushgan bog‘chalar juda ko‘pligi, shu paytgacha ularning xodimlariga kompensatsiya to‘lanmagani, bizga to‘lashsa, hammaga to‘lashga to‘g‘ri kelishini aytib, qurilish bitguncha sabr qilishni so‘radi. Hozirgi kunda qisqa muddatli guruhlar faoliyati onlayn shaklda davom ettirilmoqda», deydi 31-MTT mudirasi.

Tuman hokimligining ma'lum qilishicha, bog‘chaning qurilishiga to‘laligicha Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mas'ul. Chunki tender tanlovini o‘tkazgan ham, pudratchilarni almashtirgan ham shu tashkilot.

«31-MTTni rekonstruksiya qilish uchun davlat budjetidan 3,3 mlrd so‘m ajratilgan. Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi bu ishlarga mas'ul buyurtmachi tashkilot etib belgilangan. Ushbu tashkilot tomonidan “Nuroniy biznes qurilish” MChJ dastlabki pudratchi etib belgilangan. Tender tanlovi tuman hokimligi tomonidan o‘tkazilmagan, bu jarayonga umuman aralashmaganmiz. Ammo muammolar yuzaga kelishi ortidan asosiy kaltak bizning yelkamizda sinmoqda.

Sobirjon Egamberdiyev

Pudratchi tomonidan 2018 yil oktyabr oyida binoni qurish ishlari boshlangan. Tuman hokimligi, buyurtmachi tashkilot va nazorat organlari tomonidan pudrat tashkilotiga ish sifati bo‘yicha tegishli ogohlantirishlar berilgan. Obektdagi qurilish ishlarining borishi viloyat hokimligining ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda pudrat tashkiloti ishi qoniqarsiz deb baholangan. Natijada viloyat hokimligi va buyurtmachi tashkilot pudratchini almashtirishga qaror qilgan.

«Nuroniy biznes qurilish» MChJga buyurtmachi tomonidan qariyb 1 mlrd so‘m miqdorida avans berilgan. Pudratchi almashtirilgandan keyin obektda bor-yo‘g‘i 450-460 mln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgani aniqlanadi. 500 milliondan oshiq pul dastlabki pudratchida qolib ketgan, u haligacha qaytarib olinmagan.

Buyurtmachi qurilish ishlarini davom ettirishni «Bekobod po‘lat universal» MChJga topshiradi. Dastlab qurilish ishlari yaxshi ketayotgandi, biroq jarayon oxiriga yaqinlashganda buyurtmachi va pudratchi o‘rtasida mablag‘ masalasida muammo yuzaga keldi. Muammo shundaki, MTT rekonstruksiyasi tomonidan ajratilgan 3,3 mlrd so‘m pudratchilarga berib bo‘lingan, dastlabki pudratchida qolib ketgan pul ikkinchi pudratchiga olib berilmagan, obekt yildan yilga o‘tgan bo‘lsa-da, pudratchi va buyurtmachi o‘rtasida qo‘shimcha kelishuv shartnomasi qilinmagan. Buning oqibatida qurilish ishlari haligacha yakuniga yetkazilgani yo‘q», deydi Bekobod tumani hokimligi mutaxassisi Sobirjon Egamberdiyev.

Avaz Jumaboyev

Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Avaz Jumaboyevning aytishicha, bog‘cha 2020 yilning 15 dekabrida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Biroq binoning ikkinchi qavatidagi pol, devorlar va shiftda paydo bo‘lgan yoriq bu ish ortga surilishiga sabab bo‘lgan. Hokim o‘rinbosari ayni paytda ushbu yoriq keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarini aniqlash bo‘yicha ekspertiza tayinlangani, uning natijasiga ko‘ra qaror qabul qilinishini ma'lum qildi.

«Ishlar cho‘zilavergach, homiylar va hamkor tashkilotlar ko‘magida 31-MTT hududi obodonlashtirildi. Bog‘cha deyarli foydalanishga topshirishga tayyorlab qo‘yilgandi. 2020 yil 15 dekabrda ochamiz deb turganimizda bog‘chaning ikkinchi qavatida yoriqlar paydo bo‘lgani aniqlandi. Shundan so‘ng ekspertiza tayinlanishini so‘rab yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qildik.

Murojaatimizga asosan, Toshkent viloyati arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi boshlig‘i, Toshkent viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi rahbari, viloyat hokimligi qurilish boshqarmasi kotibiyat mudiri boshchiligidagi ishchi guruh qurilish bo‘layotgan obektga kelib, holatni o‘rgandi. Bog‘chani foydalanishga topshirish masalasida aniqlik kiritish uchun ekspertiza tayinlandi. Ekspertlar xulosasini bersa, unga asosan qurilish ishlari davom ettiriladi», deydi Avaz Jumaboyev.

Toshkent viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi direktori Otabek Qurbonov ayni paytda bu bog‘chada yuzaga kelgan vaziyat viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilayotgani, ish tergovda ekanini bildirdi. Uning aytishicha, bog‘cha buzilib qaytadan qurilmaydi. Yoriq kengayib ketishining oldini olish bo‘yicha boshqa yechimlardan foydalaniladi.

«Hozir viloyat prokuraturasida bu holat bo‘yicha tergov jarayoni ketyapti. Biroq tergov ishlari yakunlanishiga qaramasdan o‘zimiz ham obektning loyiha-smeta hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, yangi loyiha qildiryapmiz. Ekspertiza xulosasi chiqsa, qurilish ishlarini davom ettirish chorasini ko‘ramiz. Hozir obekt poydevorini kuchlantirish uchun loyiha tayyorlanmoqda, shu sababli, qolaversa, obektda yoriq paydo bo‘lgandan keyin qurilish ishlari to‘xtab turibdi. Xudo xohlasa, Navro‘zgacha, uzog‘i bilan 1 aprelgacha bog‘chani foydalanishga topshirish harakatini qilyapmiz», deydi Otabek Qurbonov.

Bitta murojaat bo‘yicha o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruv davomida aniqlanganlari hozircha shular. Obektga 2020 yilning 22 dekabr kuni borilgan bo‘lsa, Otabek Qurbonov bilan suhbatimizdan so‘ng ekspertiza xulosasi halicha tayyor bo‘lmagani bizni ajablantirdi, ochig‘i. Qurilish ishlari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, ajratilgan pullar sarflab bo‘lingan esa-da, tergov yakunini yillab kutmasdan nima uchun amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qo‘shimcha shartnoma asosida boshqa pudratchini jalb qilgan holda uch yildan buyon bitmayotgan bog‘cha qurilishi oxiriga yetkazib qo‘yilmayotgani – mas'ullarning vijdoniga havola.

Mansabdorlarning bolalar taqdiriga befarqligi va xizmat vazifalariga sovuqqonligi ortidan uch yildan buyon ishsiz qolayotgan xodimlar, ta'lim va tarbiyadan mosuvo bo‘layotgan bolalar ko‘rayotgan zararni baholashning imkoni yo‘q aslida. Umid qilamizki, viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan dastlabki tergov davomida qurilish ishlari belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagani, qurilish ishlari o‘z vaqtida bitirilishiga mas'ul bo‘lgan Toshkent viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi mutasaddilarining «dunyoni suv bossa o‘rdakka ne g‘am» qabilida ish tutayotganiga ham huquqiy baho beriladi. Kun tartibidagi savol hamon ochiq qolmoqda: 31-maktabgacha ta'lim muassasasi qachon foydalanishga topshiriladi? Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Mirvohid Mirrahimov, tasvirchi va montaj ustasi

Ko‘proq yangiliklar: