8 gektar yer evaziga 8 ming dollar pora olib ushlangan «Yermulkkadastr» sobiq xodimi yuzasidan munosabat bildirildi

Jamiyat 12:33 / 12.02.2021 5837

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati «Yermulkkadastr» DK Bog‘dod tuman filiali sobiq mutaxassisi bir fuqaroga hududdan 8 gektar yer maydoni ajratish haqida qaror chiqartirib berish evaziga 8 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangani to‘g‘risida xabar tarqaldi.

Kadastr agentligi mazkur xabarga bildirgan munosabatida sobiq xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2019 yil 30 dekabrda bekor qilingani va shundan so‘ng u bu sohada faoliyat yuritmagani qayd etilgan.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, uy-joy qurish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha yer ajratish vakolati Kadastr agentligi hamda uning tizimidagi tashkilot va xodimlarga berilmagan.

«Agarda sizga kadastr sohasida oldin ishlagan yoki hozir ishlayotgan birorta shaxs shunday va'da berayotgan bo‘lsa, bilingki, u firibgar! Shunday kimsalar haqida ma'lumotga ega bo‘lsangiz, huquqni muhofaza qilish organlariga yoki Kadastr agentligining 71-202-55-81 telefon raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz», – deyiladi munosabatda.

Avvalroq Urgut tumani hokimligi xodimi fuqarolarning biridan Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududidan yer ajratib berish evaziga 30 ming dollar so‘rab, undan 15 ming dollarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangani xabar qilingandi.

Shuningdek, Andijonda kadastr sohasidagi jinoyatlarning 70 foizdan ko‘prog‘i sobiq xodimlar tomonidan sodir etilgani aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: