Dunyo bo‘yicha kaktuslarning 7 ming turi aniqlangan. Namanganda gulchilik bilan shug‘ullanadigan Mo‘minovlar oilasi esa 1200 xil kaktuslarni parvarishlamoqda. Umriboqiy kaktuslardan mingga yaqini esa gul ochadi.
Namanganlik gulchilar avlodining davomchilaridan biri Bahromjon Mo‘minovning aytishicha, ba'zi bir kaktuslar yilda bir marta gullasa, ayrimlari 4-5 marta va hatto 10 martagacha gul ochar ekan. Asosan urug‘idan ko‘paytiriladigan bu tikanli gullarni shoxlatish va payvandlash orqali ham ko‘paytirish mumkin.
— Biz gulchilar avlodidanmiz, otam ham gullar parvarishi bilan shug‘ullanganlar. Biz ham yoshligimizdan shunga mehr qo‘yib ulg‘ayganmiz. Kolleksiyamizda katta yoshli gullar ko‘p, ulardan eng kattasi 61 yoshga to‘ldi, 25-30 yoshga to‘lganlari ham bor.
Plantatsiyamizda kaktuslardan tashqari 300 turdan ortiq gullarni parvarish qilyapmiz. Viloyatimizda har yili o‘tkaziladigan an'anaviy gul bayramida 1981 yildan buyon qatnashamiz, ko‘plab faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritganmiz. Eng yuqori natija 1983 yilda bo‘lgan, unda birinchi o‘rinni egallaganmiz va viloyat hokimligi tomonidan avtomobil sovg‘a qilingan edi.
Bu yilgi yubileyga ham katta tayyorgarlik ko‘ryapmiz, 80 foiz gullarimizni tayyorlab bo‘ldik. Nasib bo‘lsa, 3-4 ming gul olib chiqishni rejalashtiryapmiz, — deydi gulchi Bahromjon Mo‘minov.
Namanganda an'anaviy marosim tusini olgan Gul bayrami joriy yilda 60-marta o‘tkaziladi. Namangan gulchilar assotsiatsiyasi har yili ushbu bayramga alohida hozirlik ko‘radi. Gulchilar assotsiatsiyasi raisi Otabek Jo‘rayevning aytishicha, bu yilgi mavsumda Namangan shahri ko‘chalariga 10 million dona gul ko‘chati ekish rejalashtirilgan.
— Gullarni yetishtirish uchun alohida qunt va mehnat kerak. Har bir gul o‘ziga xos xarakterga ega, — deydi gulchi Hulkar Muhiddinova. — Masalan, siklomenlar juda injiq gul hisoblanadi, namgarchilikni yaxshi ko‘radi, quruq va issiq havoni yoqtirmaydi. Landshaftlarga ekiladigan gullar ham o‘ziga xos parvarishga ega, avval kichik qutichalarga urug‘lik sepib chiqiladi, kunda bir o‘g‘itlab, sug‘orib chiqiladi, ko‘chatlar tayyor bo‘lgach, alohida kichik idishlarga ajratib olinadi.
Hozirda plantatsiyaga 52 nafar usta-gulchi birlashgan bo‘lib, unda 500 dan ortiq ishchilar mehnat qilyapti. Ayni paytda ular 16 gektarlik issiqxonada 20 million dona gul ko‘chati parvarishi bilan band. Gulchilar tomonidan yetishtirilayotgan ushbu chamanlar yangilanish faslida shaharning ko‘cha-yu xiyobonlariga to‘shaladi. Ortgan gullar esa qo‘shni viloyat va respublikalarga eksport qilinadi.
Hozirgi kunda Namangan shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan gul ekiladigan maydonlar, yo‘l bo‘ylarida agrotexnik ishlov tadbirlari olib borilmoqda.
Yulduz Yuldasheva, Kun.uz muxbiri