«Lavozim nahotki badiiy nochor asarlarni e'lon qilish huquqini bersa» – Adabiy tanqidchi she'rga yuzaki yondashayotgan shoirlarni sanadi

Jamiyat 16:43 / 10.02.2021 6187

Biz tahririyatga yuborilgan ushbu maqola hajmini inobatga olgan holda uning birinchi qismini e'lon qilgan edik. Quyida maqolaning ikkinchi, yakuniy qismi bilan tanishishingiz mumkin.

Asosan ruhingizga oziq beradigan o‘tli asarlar yaratadigan shoir, «Ma'naviy hayot» jurnali bosh muharriri Eshqobil Shukurning ba'zi she'rlarini mutolaa qilganingizda ajablanishdan o‘zga chora topolmaysiz. Hatto ayrim ramzlar ham she'rga olovli ruh ato eta olmagan.

She'r yaratish, asarda badiiylik talabi Alisher Navoiyga ham, G‘afur G‘ulomga ham, Eshqobil Shukurga ham, Shodi Otamurodga ham bir xil ekanligini nahotki unutib qo‘ysak? Faqat bitta imtiyoz bor: yaxshi, yuksak saviyadagi she'r yozish! Biroq, quyidagi satrlarning muallifi E.Shukur ekanligiga ishongingiz kelmaydi:

Agar sen bo‘lmasang, qaydadir iqbol,
Ajdodsan, avlodsan,Vatansan,elsan.
Millatni tarixlar ichidan alhol,
Yetaklab o‘tgan sen-Onajon Tilsan.

Eshqobil Shukurning  she'rida iste'dodli shoir qalamini uchratmagandek bo‘ldim. Negadir she'r yurakni jizillatmaydi.O‘qiganda hayajonlanmaysiz. Hammaga ma'lum gaplar. Shoirning ilohiy ruhi, tuyg‘usi qani? Balandparvoz so‘zlar yig‘indisi emas, haqiqiy she'r kerak o‘quvchiga.

Yoki mana bu misralarni ham Eshqobil Shukurdek iste'dodli shoir yaratgan, desa ishongim kelmasdi:

O‘zing asra bizni, ey qodir Xudo,
Pastkash zavolidan, ablah holidan.
Razil kimsalarday qilmagil judo,
Insonni insonlik istiqbolidan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, “Sharq yulduzi” jurnali mas'ul xodimi, shoir Orif Hoji  esa ochiqdan ochiq she'r muxlislariga nopisandlik yo‘lini tanlagan, e'lon qilishga arzimaydigan satrlarni she'r, deya taqdim etaveradi.

Shahrisabz-shahri adab, shahri imonu e'tiqod,
Shams Kulolning ruhlaridan ruh topar mangu hayot.
Oqsaroyning toqidur Kisro toqidan ham baland,
Ruhi pok Sohibqiron sarmanzili bo‘lgay obod.
Jon chekib qildi chaman, mo‘g‘ul xarob etgan zamon,
Xor etib dushmanlarin, do‘stlarini qildi shod.

Yuqoridagi “asar”ni o‘qib yuragingiz jiz etdimi? She'r zavqidan qalbingiz larzaga keldimi? Hayajonlandingizmi? Afsus...

 O‘zbekistondagi yirik jamoat tashkiloti rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Amirqul Karimning quyidagi “she'r”i sizga manzur bo‘ldimi?

Haq suygan el erurmiz asli,
Inson qilib yaratdi bizni.
Koinotda oltin uzukdek
Makon berib yayratdi bizni.

Zulmat ichra nur erur qur'on,
Imon bilan yaratdi bizni.
Duch kelganda pastu balandlar.
Osmon qilib yaratdi bizni.

O‘zbekiston ma'naviyat va ma'rifat kengashi rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi azosi, shoir Minhojiddin Mirzo nega bo‘sh she'rini o‘quvchilar hukmiga havola qilgan?

Vatan nadur, so‘nmagan
Yorqin yulduz-qaroqdur.
Bosh egishga ko‘nmagan
Vatan-jasur Shiroqdur.

Qodiriyning ko‘zida,
Usmon, Cho‘lpon so‘zida,
Behbudiyning izida
Yonib qolgan chiroqdur.

Minhojiddin Mirzo “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida bosilgan boshqa bir “asar”ida ham she'riyatdagi illatlardan biri-didaktika, nasihatgo‘ylik balosining changalidan qutula olmagan:

Haq amrini doim et bajo,
Ey do‘st, qalbing chin nurga to‘lsin.
Dildan, tildan oqsin iltijo,
Iymoning ham chiroyli bo‘lsin.

Sahar turib tangriga aytgan,
Vujudingda oftob uyg‘otgan,
Savob bo‘lib o‘zingga qaytgan,
Saloming ham chiroyli bo‘lsin.

Agar badiiy asar yaratish shunchalik oson-aql o‘rgatishdan iborat bo‘lsa, ehtimol iste'dodi bo‘lmagan har qanday kishi ham yuqoridagi kabi o‘quvchida ehtiroslar hosil qilmaydigan satrlarni tizishi mumkin emasmikin?

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Ashurali Boymurod quyidagilarni yaxshi she'r yozdim, deb o‘ylaganligiga ajablandim.

Bizning shior- buzishmas,qurish erur bilsangiz,
Adolat manziliga yurish erur bilsangiz.
Har qadamda yaratmoq-mehnat, ijod va san'at,
Avlodlarga bizlardan meros ulug‘ saltanat.
Ezgulikdan yaralgan bir bog‘iston ko‘ringay,
Vatan deb ko‘zim ochsam, O‘zbekiston ko‘ringay.

Respublika Vazirlar Mahkamasiga qarashli tashkilotda ishlaydigan shoir,  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Faxriddin Hayit tizgan bu satrlar badiiylikdan yiroq emasmi?

Ota ulug‘ zotdir, suyanchdir padar,
El doim ishonar oqillariga.
Tayanib yashayman imkoni qadar,
Otamning pur hikmat naqllariga.

Vatan degani shu bir hovuch tuproq,
Vatan degani bu- yurakda titroq.
Kim qanday anglaydi, qanday tushunar,
Tuproq iforiga to‘la tonglarim.

Shundan haloldirsan, shunday hokisor,
Mening ona xalqim bug‘doyranglarim:
Vatan degani shu bir hovuch tuproq,
Vatan degani bu- yurakda titroq.

Respublika milliy axborot agentligi direktori, Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Abdusaid Ko‘chimovning quyidagi satrlari nahotki she'r deyishga arziydi?

Do‘sting ko‘p bo‘lsin, deb qilardi duo,
Bolalik chog‘imda, erkalab bobom.
Chindan-da, do‘stlarim mo‘l bo‘ldi, ammo
Ulardan sadoqat ko‘rdim kamdan kam.

Bugun ko‘p do‘stlardan ko‘ngil zaxa yeb,
Cho‘milib pushaymon-jolalarimga;
Do‘st bitta bo‘lsa ham, sodiq bo‘lsin deb,
Duolar qilaman bolalarimga.

Badiiy asar aqlga emas, tuyg‘ularga oziq berishi lozim emasmi? She'r-hikmat, degan naql yo‘q-ku, shu bois, she'riy asar o‘quvchida zavq, hayajon uyg‘otishi zarur, menimcha.

 Shoir Abdusaid Ko‘chimov “Muammo deganini...” asarida shunday yozgan.

Hayot yo‘llarida kunda-kunora
Turli muammolar chiqqaydir shitob.
Yashamoq, degani tashvishdir, illo,
Yashamoq, degani-beadoq azob.

Bu shirin azobga ko‘milib chandon,
Nafas olmoq erur asriy qoida.
Demak, muammodan qochma hech qachon,
Demak, muammoni hal qil joyida.

Bularni o‘qigan kitobxon she'r yozish deganlari ham gazetaga xabar tayyorlashday oppa-oson yumush ekanku, deb o‘ylashlari tabiiy. Chunki asardagi fikrlar ramzlardan xoli, yalang‘och holda bayon qilinganligi o‘quvchida shunday yuzaki taassurot tug‘ilishiga olib keladi.

“Jahon adabiyoti” jurnali xodimi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi Davron Rajabning bir she'ri xususida gapirib, maktab o‘qituvchisi zorlandi:

Ilgari ayrim badiiy asarlarni mutolaa qilib, zavq olardik. Endi esa... Mana bu she'rga bir ko‘z yugurtiring.

Kun isrof bo‘ldi
Marjonim suvga tushib ketganday
Yotibdirman ko‘l bo‘yida
Chunki men qadriga yetmadim
Mahliyo bo‘ldim jildirashiga
Tushirib qo‘ydim go‘yo qo‘limdan
Hammadan baxtli bo‘lishga
Haqli bo‘lgan kunimni
Kun isrof bo‘ldi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Ismoil Mahmud haroratsiz satrlarni ham asar, deb o‘ylaydi,ularni o‘quvchi dasturxoniga qo‘yishdan oldin bu badiiy ne'mat aslida sifatlimikin, shirinmikin, degan savol xayoliga kelmaydi ham.Ehtimol, she'riyatda badiiylik haqida yetarli tasavvurga ega emasdir?

O‘zbekiston quchdi borliq ichra iqbol bosafo,
Elu yurt olamcha baxtdan topdi fayz olam aro.
Xalq, Vatan bu ishda har dam qo‘lladi Sarvarni rost,
Ul buyuk Sohibqiron shaxt azmini etdi bajo.

Jo-bajo bo‘ldi yorug‘ yo‘llarda davron shuhrati,
Boz zafar quchdi etib maydonda xalq ahdu vafo.
El saodat yo‘lida topdi bu kun xos yo‘lnikim,
Har vujudda porlagaydir Hurriyat-nuri Xudo.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi, senator Farmon Toshev mansabdorlarning   badiiy saviyasi past she'rlar yozish imtiyozi bor, deb o‘ylasa kerak. Aks holda quyidagi g‘arib misralarni tizmagan bo‘lur edi.

Bir o‘lka-ki, jannatlarga monand quchog‘i,
Hatto quyosh sog‘inajak har sahar chog‘i,
To‘rt fasl ham dasturxoni to‘kin, fayziyob
To‘rt fasl ham chaman erur gulzori, bog‘i.

Qadr qimmat, ham tayanchim. iftixorimsan,
O‘zbekiston, benazirsan, hur diyorimsan.
Bunda har kim rizq ulashar, mehr ulashar,
Tuprog‘ida ulug‘larning ruhlari yashar,

Allomalar o‘lkasi bu, buyuklar yurti,
Tavof aylar yetti iqlim- tamomi bashar.
Qadr qimmat, ham tayanchim, iftixorimsan,
O‘zbekiston, benazirsan, hur diyorimsan.

Yuqorida xom-xatala va o‘rtamiyona asarlarni she'r deya atab, millionlab muxlislarni aldayotgan va ularning noroziligiga sabab bo‘layotganlar haqida so‘z yuritdim. Aslida ular minglab shoirlarga o‘rnak bo‘lishlari lozim edi. Chunki badiiy jihatdan g‘arib asarlar yozayotganlarning ko‘pchiligi mansabdorlar-yaxshi asarlar yaratilishiga mas'ul kishilar. Ammo lavozim nahotki badiiy nochor asarlarni e'lon qilish huquqini bersa?

Siz yuqorida o‘qiganingiz badiiy jihatdan yuksak bo‘lmagan she'rlarning har birini ilmiy va estetik jihatdan batafsil, yanada chuqurroq tahlil qilish mumkin edi. Ammo buning uchun yana 5-6 sahifani qoralashga to‘g‘ri kelardi. Maqolaning hajmi nihoyatda katta bo‘lib ketishini istamadim.

Asosan Vatan mavzusidagi she'rlar saviyasi past ekanligi haqidagi mulohazalarimizni ham bildirdik.

Hali men adabiyotning faqat bitta janri-she'riyat haqida mulohazalarimni aytib o‘tdim. Agar hozirgi o‘zbek nasri, dramaturgiyasi, adabiyotshunosligi va tanqidchiligi, badiiy tarjima, adabiy aloqalar, bolalar adabiyotining bugungi manzaralari haqida ham fikr yuritsam, yana yuz varaqni qoralashimga to‘g‘ri keladi. Xudo xohlasa, hali bular haqida ham yozaman, chunki meni qiynab yurgan dardlar, muammolar talaygina.

Jovli Xushboq,
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, adabiyotshunos.

Ko‘proq yangiliklar: