O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston temir yo‘l qurilishi bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni imzoladi

Iqtisodiyot 14:06 / 09.02.2021 4123

2 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston o‘rtasidagi yuqori darajadagi muzokaralar natijalari bo‘yicha «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘lini qurish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi («Yo‘l xaritasi») qabul qilindi. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar qildi.

Investitsiya va tashqi savdo vazirligi

Qayd etilishicha, taxminan 600 km uzunlikdagi va kengligi 1520 mm bo‘lgan temir yo‘lning qurilishi 5 yil ichida amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, Afg‘oniston va Pokistonda elektr energiyasiga o‘sib borayotgan talabni qoplash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlaridan mavsumiy ortiqcha gidroyelektr energiyasi yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi Surxon – Puli-Humri yuqori voltli uzatish liniyasi va CASA-1000 energiya loyihasining qurilishi temir yo‘l uchastkalarini qurish xarajatlarini kamaytiradi, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusida yo‘lni elektrlashtirish istiqbollari istisno etilmaydi, «bu esa yuk tashishning iqtisodiy samaradorligini sezilarli darajada oshiradi».

«Yo‘l xaritasi» ga muvofiq, joriy yilning mart-aprel oylarida temir yo‘l yo‘nalishini har tomonlama o‘rganish va loyihalash uchun materiallar tayyorlash uchun qo‘shma xalqaro ekspeditsiya tashkil etiladi. Ekspeditsiya Afg‘onistonda geodezik, geologik, gidrogeologik va topografik tadqiqotlar kompleksini o‘tkazadi, bu esa salohiyatli yuk hosil qiluvchi va yukni singdiruvchi mintaqalar, shuningdek, Afg‘onistondagi kelajakdagi yo‘lning yo‘nalishidan bir qadam masofasida joylashgan yirik foydali qazilmalar konlari to‘g‘risida ma’lumot to‘plash va tahlil qilish imkonini beradi. Dala ekspeditsiyasi materiallari asosida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishning asosiy masalalari kelishib olinadi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda, «Janubiy Osiyo – Afg‘oniston – Markaziy Osiyo – Rossiya Federatsiyasi – Sharqiy Yevropa» yo‘nalishi bo‘yicha eksport-import yuklarini tashish transporti harakati tadqiqotini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, 2025 yilda Hindiston va Pokistonning Afg‘oniston va MDH mamlakatlari bilan savdo hajmi mos ravishda 20 mlrd va 6 mlrd dollarni tashkil qilishi mumkin. Hozirgi vaqtda Janubiy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari va MDH mamlakatlari o‘rtasida yuk tashish asosan dengiz transporti orqali amalga oshiriladi. Xalqaro Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining (MOMIH) dasturini amalga oshirayotgan Osiyo taraqqiyot banki loyihaoldi tadqiqotining muvofiqlashtiruvchisi sifatida ishtirok etishi mumkin.

Uch tomonlama muzokaralar davomida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki, Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (AQSh) rahbarlari ushbu loyihani o‘zaro hamkorlikda amalga oshirishga qiziqishlarini tasdiqlashdi.

Jahon banki jalb qilingan Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekistonning vazirlik va idoralari ishtirokida moliyaviy mablag‘larni jalb qilish va ulardan foydalanish mexanizmlarini belgilash, temir yo‘l qurilishini moliyalashtirish modelini ishlab chiqadi. Forum ishtirokchilari Jahon bankining loyihani ilgari surish masalalarida muvofiqlashtiruvchi rolini o‘z zimmasiga olish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildilar.

«Yo‘l xaritasi» xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlar hukumatlari bilan temir yo‘l boshqarish modelini batafsil o‘rganishgni nazarda tutadi. Bunga lokomotivlar va harakatlanuvchi qismlariga egalik qilish, ta’minot va texnik xizmat ko‘rsatish, temir yo‘l transporti va infratuzilma obektlarini ta’mirlash, tarif va tranzit siyosatini shakllantirish hamda investitsiyalarni qaytarish mexanizmi masalalari kiradi.

Ushbu va boshqa chora-tadbirlarni ta’minlash maqsadida loyihada ishtirok etuvchi mamlakatlari temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlari boshchiligida qo‘shma ishchi guruhi tashkil etildi. Amaliy chora-tadbirlar ko‘rilishini muvofiqlashtirish uch mamlakatda tashkil etilgan doimiy faoliyat yurituvchi ofislar va vakolatli mas’ul mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo va Afg‘oniston davlatlari xalqaro dengiz portlariga bevosita chiqish imkoniyatiga ega emasligi qayd etildi. Shu munosabat bilan ular salmoqli transport va tranzit xarajatlarni amalga oshirishadi, bu esa dengiz kommunikatsiyalariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan mamlakatlarning shu kabi xarajatlaridan 2-3 barobar ko‘pdir. Bunday sharoitlarda «Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor» temir yo‘lining qurilishi Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlari o‘rtasida Markaziy Osiyo orqali yuk tashishga sarflanadigan vaqtni va qiymatini kamaytiradi.

Shunday qilib, ekspert taxminlariga ko‘ra, Afg‘oniston transport va infratuzilmaviy salohiyatini to‘liq ruyobga chiqarish natijasida, masalan, O‘zbekistondan Pokistonga yuklarni tashish vaqtini 30-35 kundan 10-15 kungacha qisqartiradi. Yangi temir yo‘l orqali yuklarni tashish Rossiya va Pokiston o‘rtasida transport xarajatlarini 15-20 foizga, Markaziy Osiyo va Pokiston davlatlari o‘rtasida esa 30-35 foizga kamaytirishi mumkin.

Rossiya, Qozog‘iston va «O‘zbekiston temir yo‘llari» orqali Janubi-Sharqiy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari o‘rtasida yuk tranzitining o‘sishi ham bashorat qilinmoqda. Shunday qilib, yig‘ilish ishtirokchilarining fikricha, so‘nggi yillarda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Afg‘oniston temir yo‘llarida yuk tashishning yillik o‘sish sur’ati 25 foizni tashkil etdi. 2020 yilda bu yo‘lda 4 million tonna yuk tashildi va bu Afg‘onistondagi iqtisodiy tiklanishning yuqori dinamikasidan dalolat beradi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor» temir yo‘li ishga tushirilganidan keyin dastlabki yillarda ushbu yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 10 mln tonnaga yetishi mumkin.

«Yaratilayotgan yangi yo‘nalish kontinental miqyosda xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlikning yangi paradigmasini tashkil etadigan va barqaror rivojlanish va ko‘plab mamlakatlar aholisining turmush darajasini yaxshilash uchun mustahkam platforma bo‘ladigan dunyodagi eng uzun xalqaro temir yo‘l liniyalarini bog‘lashga mo‘ljallangan», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: