Har oy 500 kilogramm zargarlik buyumi ishlab chiqariladi – «Asakabank»ning oltin loyihasi «FONON» zavodiga sayohat

Jamiyat 19:20 / 09.02.2021 12689

«FONON» zargarlik zavodi – katta qismi «Asakabank» tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobiga moliyalashtirilgan. U Markaziy Osiyodagi eng yirik zavod sifatida ish boshladi. Loyihaning umumiy qiymati 28,3 million yevro, uning 19 million yevrosini «Asakabank»ning mablag‘lari tashkil qiladi. Zavodda hozir 250 dan ortiq odam ishlamoqda, to‘liq quvvatda ishga tushishi bilan 400 ishchi band bo‘lishi rejalashtirilgan.

9 fevral kuni «Asakabank» AJ tomonidan OAV vakillari uchun «FONON» zavodiga press tur tashkil etildi. Press turda jurnalistlar zargarlik buyumlari ishlab chiqarishning to‘liq zanjiri bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston oltin sanoati sohasida katta imkoniyatlarga ega. Mamlakat oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni va oltin qazib olish bo‘yicha 7-o‘rinni egallab turibdi. Bu tendensiyani to‘g‘ri anglagan holda «Asakabank» AJ oltin ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish maqsadida «FONON» brendiga mablag‘ ajratdi.

«FONON» brendi 2020 yilda «Gold Moon Tashkent» MChJ tomonidan yaratilgan, loyiha «Asakabank»ning yirik moliyaviy loyihasi hicoblanadi. Ushbu brend ostida noyob zargarlik san'ati asarlari italyan va boshqa yetakchi xorijiy texnologiyalar asosida ishlab chiqariladi.

Loyihaning umumiy qiymati 28,3 million dollar, uning 20,8 million dollarini «Asakabank»ning kredit mablag‘lari tashkil qiladi.

«Bank tomonidan ajratilgan mablag‘ korxonaning ishlab chiqarish, ma'muriy va savdo bo‘limlarini rekonstruksiya qilish uchun sarflangan», – deya ma'lumot berdi «Asakabank» vakili Aziz Mannonov.

«Asakabank» vakili Aziz Mannonov

«Zavodda dunyoning eng ilg‘or texnologiyalaridan foydalaniladi...»

«Gold Moon Tashkent» MChJ rahbari Jasur Ruzayevning press tur davomida ma'lumot berishicha, zavod eng zamonaviy usulda jihozlangan, texnologiyalarning 95 foizi Italiya davlatidan keltirilgan.

«Sababi hozir zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yo‘nalishidagi eng ilg‘or texnologiyalar Italiyada ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, Germaniya va Turkiya texnologiyalaridan ham foydalanamiz.

Zavodning hududi 3185 kvadrat metr hududni qamrab olgan, ishlab chiqarish jarayoni 21 ta bo‘limda olib boriladi. Har bir bo‘limda o‘ziga xos operatsiyalar olib boriladi. Hozir 4 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Bular: quyma modellar, avtomatik tarzda to‘qiladigan zanjirlar, shtamp yordamida ishlab chiqariladigan zargarlik buyumlari va ichi bo‘sh zargarlik buyumlari», – deya ma'lumot berdi Jasur Ruzayev.

Zavod oltin mahsulotini qayerdan oladi?

Zavod rahbarining qayd etishicha, ishlab chiqarish jarayoni uchun «Olmaliq» va «Navoiy» kon-metallurgiya kombinatlaridan birja savdosi orqali oltin sotib oladi.

Ishlatilayotgan tilla O‘zbekiston mahsuloti, lekin ishlab chiqarish jarayonida uning rangi sariq, to‘q sariq, qizilga o‘zgartirilishi mumkin. Ishlab chiqarish jarayonida asosiy xarajat oltin mahsulotiga sarflanadi, shuning uchun zargarlik buyumlarining rangidagi farq ularning narxiga ta'sir qilmaydi.

Ishlab chiqarish jarayoni qanday tashkil etiladi?

Zavoddagi eng birinchi uchastka ombor hisoblanadi. Unda oltin mahsulotlari saqlanadi va bo‘limlarga bosqichma-bosqich yo‘naltiriladi. Har bir bo‘limda ishlov berilgan zargarlik mahsulotlari keyingisiga o‘tkazilishidan oldin laborator tekshiruvlardan o‘tkaziladi.

Zavod rahbarining izohlashicha, bir bo‘limdan ikkinchisiga o‘tkazilayotganda oltinning sifati pasaymasligi zarar. Shuning uchun ham mahsulotlar jarayonda doimiy sifat tekishuvidan o‘tkaziladi.

Ishlab chiqarish jarayonidagi ko‘plab texnologiyalar – O‘zbekiston uchun yangilik. Masalan, ichi bo‘sh zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnologiyalardan shu paytga qadar foydalanilmagan. Sababi bu turdagi buyumlarni ishlab chiqarish uchun murakkab kimyoviy jarayonlarni amalga oshirish lozim.

Avtomatik tarzda to‘qiladigan zanjirlarning ishlab chiqarilishi ham o‘ziga xos. Bunda zanjirni qoliplayotgan texnika uni birdaniga bir-biriga payvandlab ketadi. Bu esa ishlab chiqarish muddatini qisqartiradi.

Yana bir turdagi mahsulot: quyma zargarlik buyumlari – mumdan yasalgan modellar hisoblanadi. Bunda mum gipsli qolipga qo‘yiladi, so‘ng gips qotib, uning ichidagi mum erib chiqib ketadi, paydo bo‘lgan bo‘shliqqa tilla quyiladi. Zargarlik buyumlarining ko‘zlari qolipda birdaniga naqshlanadi va zargarlar ularni alohida qo‘yib chiqishiga hojat qolmaydi va vaqt tejaladi.

Zavod qanday kadrlarni tanlaydi?

«FONON» zavodiga, asosan, zargarlik sohasida kasb-hunar kollejini tugatgan kadrlar jalb qilingan. Hozir ishlayotgan 250 nafardan ortiq xodimning 70 foizi yoshlar hisoblanadi. Zavod yaqin orada to‘liq quvvatda ishlashi rejalashtirilmoqda, shundan so‘ng ishchilar soni 400 nafarga yetishi maqsad qilingan.

Kadrlar ishga olinishida ular uchun alohida o‘quv kurslari tashkil etiladi. Kurslarning muddati ularni attestatsiyadan o‘tkazgan holda 1 haftadan 3 haftagacha davom etadi.

Bundan tashqari, hozir zavodda 8 nafar italiyalik mutaxassislar faoliyat yuritmoqda, ular ishlab chiqarish, modellar yaratish va marketing sohasini rivojlantirish uchun yordam bermoqda.

Zavod o‘z kelajagini qanday ko‘radi?

«FONON» zavodi nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda eng yirik hisoblanadi. Lekin bu bilan imkoniyatlarimizni juda yuqori deb baholamoqchi emasman. Sababi davlat tomonidan zargarlik sohasini rivojlantirishga katta e'tibor berilmoqda. Erkin bozor muxitida o‘rnimizni topish uchun harakat qilamiz.

Zavod to‘liq quvvat bilan ishlay boshlasa, oyiga 500 kilogramm zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan», – deya rejalar haqida gapirdi Jasur Ruzayev.

Uning ma'lum qilishicha, viloyatlarda faoliyat yuritadigan zargarlik do‘konlari zavod bilan shartnoma tuzishmoqda. Hozircha chet davlatlari bilan shartnoma imzolanmagan, lekin Italiya, Yaponiya va AQSh bozori mahsulotlarga qiziqish bildirmoqda. Zavod uchun qo‘shni davlatlar ham yaxshi bozor bo‘la oladi, hozir Qirg‘iziston va Qozog‘iston hamkorlikka qiziqmoqda.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: