Coca-Cola Uzbekistan'ni sotib olishga asosiy talabgorlar aniqlandi

Iqtisodiyot 21:01 / 09.02.2021 54327

2020 yil 16 dekabrda «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bergan e'longa muvofiq, sotuvning birinchi bosqichi yakunlandi.

Agentlik xabariga ko‘ra, savdo yuzasidan Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika qit'alari mamlakatlaridan bir qancha talabgorlardan takliflar kelib tushgan.

Mazkur takliflar «Mas'uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonunning 20-moddasi, kompaniya ustavi va uning faoliyatini tartibga soluvchi ichki hujjatlar talablari asosida, korxona ikkinchi mulkdori bilan kelishilgan holda ko‘rib chiqilgan hamda sotish uchun belgilangan mezonlarga mos kelgan deb e'tirof etilgan talabgorlar aniqlanib, keyingi bosqichga o‘tkazilgan.

Ushbu talabgorlar bilan muzokaralar jarayoni davlat ulushini sotish bo‘yicha jalb etilgan xalqaro maslahatchilar – «Rothschild & Cie» investitsiya banki (moliyaviy maslahatchi, Fransiya) va «Dentons» yuridik firmasi (yuridik maslahatchi, Buyuk Britaniya) ishtirokida davom ettiriladi.

Keyingi bosqichda talabgorlar bilan oshkor etmaslik to‘g‘risidagi tegishli bitimlar imzolanadi. Kompaniya to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma'lumotlar, jumladan axborot memorandumi, Coca-Cola Uzbekistan'ning moliyaviy hisobotlari, biznes-rejasi, yuridik, moliyaviy va soliq jihatdan o‘rganish hisobotlari ularga taqdim etiladi.

Ma'lumot uchun, «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» – O‘zbekistonda gazlangan alkogolsiz ichimliklarning eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Ayni paytda kompaniya ustav kapitalidagi davlat ulushi 57,1 foiz bo‘lib, uning barchasi oshkora sotuv jarayoni orqali sotilishi ma'lum qilingan.

Avvalroq, kompaniyadagi davlat ulushini sotishni tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlariga xorijiy kompaniyalar jalb etilgani, mazkur hissani sotib olish uchun 3ta taklif kelib tushgani xabar berilgandi.

So‘ngra Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi kompaniyani xususiylashtirish bo‘yicha tender shartlari adolatsiz o‘tkazilayotgani bois uni to‘xtatish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.

Bunga javoban, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sotuv halol, ochiq va shaffof usullarda hamda dunyodagi o‘zining o‘rniga ega va nomiga putur yetmagan xalqaro kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilayotganini bildirgan.

O‘z navbatida, Aksilkorrupsiya agentligi xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha barcha asoslar tushuntirib berilgani uchun sotish jarayonining davom ettirilishiga e'tiroz yo‘qligini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: