Noyabrgacha Soliq qo‘mitasi axborot tizimlarining yagona platformasi ishlab chiqiladi. Buning uchun 2,4 million dollar ajratilishi belgilandi

Iqtisodiyot 21:08 / 06.02.2021 3446

Xabar qilinganidek, prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil – «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Dasturning soliq islohotlariga oid bandida Soliq qo‘mitasi axborot tizimlari kompleksining yagona platformasini yaratish tasdiqlangan.

Hujjatda mazkur platformani 2021 yil 1 noyabrgacha ishlab chiqish belgilangan bo‘lib, loyihaga 2 million 400 ming dollar mablag‘ ajratiladi.

Davlat dasturining platformaga oid amaliy chora-tadbirlar qismida:

  • tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan majburiyatlarni bajarishni yengillashtirish va soliq ma'muriyatchiligini soddalashtirish;
  • soliq ma'muriyatchiligini avtomatlashtirishda foydalaniladigan axborot tizimlari kompleksining yagona platformasini yaratish;
  • ma'lumotlarni vizualizatsiya qilish tizimlarini joriy etish;
  • axborot tizimlarini standartlashtirish nazarda tutilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya, Iqtisodiy taraqqiyot, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari platforma ishlab chiqilishi uchun mas'ul qilib belgilangan.

Avvalroq, prezident farmoni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgani va unda soliq sohasi bo‘yicha 7 ta taklif ilgari surilgani xabar qilingan edi. Takliflardan biri yagona platforma yaratish to‘g‘risida ekani, bu orqali tadbirkorlik sub'yektlariga majburiyatlarni bajarishda yengillik berish va soliq ma'muriyatchiligini soddalashtirish nazarda tutilgani qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: