Isroilga ikki oy, Kanadaga o‘n yil kerak bo‘ladi: Bloomberg turli mamlakatlardagi emlash sur'atini baholadi

Jahon 20:17 / 04.02.2021 4263

Bloomberg turli mamlakatlar o‘z aholisining 75 foizini qancha muddatda emlab bo‘lishini taxmin qildi. Agentlik yetakchi davlatlardagi emlash sur'ati va yetkazib berilgan vaksina hajmidan kelib chiqib hisob-kitob qilgan.

Olimlarning fikricha, jamoaviy immunitet shakllanishi uchun aholining to‘rtdan uch qismi emlanishi zarur, deb yozadi agentlik.

Bloomberg hisob-kitobiga ko‘ra, Isroil ko‘zlangan maqsadga yetishi uchun atigi ikki oy qoldi. Bu davlat har 100 kishiga 57 dozadan vaksinaga ega, aholining 20,9 foizi to‘liq emlangan, 36,1 foizi kamida bitta doza qabul qilgan.

Buyuk Britaniya va AQSh ham o‘z aholisining to‘rtdan uch qismini joriy yilda emlash uchun yaxshi imkoniyatga ega – ularga mos ravishda yetti va to‘qqiz oy kerak bo‘ladi. AQShda shtatlar orasidagi emlash sur'ati farq qiladi: Havayida aholining 75 foizini emlash uchun sakkiz oy, Nyu-Yorkda esa 17 oy talab qilinadi.

Yevropa emlash sur'ati bo‘yicha AQSh va Isroildan ancha ortda. Shveytsariya va Daniya aholining 75 foizini emlashni kamida ikki yilda yakunlaydi. Italiya, Ispaniya va Germaniyaga taxminan uch yil, Fransiyaga esa qariyb to‘rt yil kerak bo‘ladi.

Bloomberg sanab o‘tgan mamlakatlar orasida Kanada «autsayder» bo‘ldi: mamlakatda har 100 kishiga bor-yo‘g‘i 2 dozadan vaksina mavjud, aholining 1,6 foizi kamida bir doza, 0,3 foizi ikki doza bilan emlangan. Mamlakat bunday sur'at bilan aholining to‘rtdan uch qismini 9,7 yildan keyin emlab bo‘ladi, deb yozadi Bloomberg.

Ko‘proq yangiliklar: