Toshkent shahrida har oyning to‘rtinchi chorshanbasi «Avtomobilsiz kun» sifatida o‘tkaziladi. Bu safar tadbir 22 may kuniga to‘g‘ri keladi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi.
Aksiya doirasida Toshkent shahrida joylashgan barcha davlat idoralari xodimlari jamoat transporti, velosiped hamda atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan boshqa transport vositalaridan foydalanishadi. Shuningdek, aholiga ham ushbu transport vositalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Qayd qilinishicha, «Avtomobilsiz kun»dan ko‘zlangan maqsad, eng avvalo, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda tirbandlikni kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish va atrof-muhitni muhofaza qilish har bir insonning fuqarolik burchi ekanligini eslatish.
Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida davlat idoralari rahbarlari va xodimlarining jamoat transportidan foydalanishi orqali bir kun davomida shaharda yuradigan avtotransport vositalari soni o‘rtacha 200 mingga (22-25 foiz) kamayadi. Natijada atmosfera havosiga avtomobillardan zararli tashlamalar ham 22-25 foizga (o‘rtacha 580 tonnaga) qisqaradi hamda shahar ichidagi tirbandliklar kamayishiga erishiladi.
Ma’lumot berilishicha, dunyoda «Butunjahon avtomobilsiz kuni» ham o‘tkaziladi. U 22 sentabrda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidagi 2 mingdan ortiq shahar, jumladan, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya, Braziliya, Kanada poytaxti va yirik shaharlarida o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Parij (Fransiya), (Jakarta) Indoneziya va Kigali (Ruanda) kabi shaharlarda «Avtomobilsiz kun» tadbiri muntazam ravishda o‘tkaziladi.