O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Livanda otashkesim amalda
Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirdi. Bu kelishuv 14 oy davom etgan harbiy harakatlarga yakun yasab, bir necha soat avval amalga oshirila boshladi.
Shartnoma asosida Isroil 60 kun mobaynida bosib olingan Livan chegarasidagi qishloqlardan o‘z harbiy kuchlarini chiqarishi lozim. Shuningdek, Livan armiyasi Litani daryosi janubiga 5000 nafar harbiyni joylashtirishi va ularga BMT tinchlikparvar kuchlari ham qo‘shilishi belgilangan. «Hizbulloh» esa o‘zining og‘ir qurollarini Litani daryosining shimoliga ko‘chiradi, biroq janubiy Livandagi o‘z ishtiroki saqlab qolinadi.
«Hizbulloh» avvalgi talabidan voz kechib, o‘t ochishni to‘xtatishning Isroilning G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatishiga bog‘liq bo‘lmasligiga rozi bo‘ldi. Shu bilan birga, kelishuv kuchga kirishidan oldingi so‘nggi soatlarda ham ikki tomon o‘zaro zarbalar berishni to‘xtatmagan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Livanga qilingan hujumlar boshidan buyon Isroil armiyasi 91 askarini yo‘qotgan va 1128 harbiy jarohatlangan.
Isroilning madaniy genotsidi
Isroilning kuchli hujumlari Livan va G‘azo sektoridagi madaniy merosga jiddiy zarar yetkazmoqda. Bu haqda UNESCO'ning madaniyat va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha direktori Krista Pikkat Jyenevada UNESCO hamda BMTning sun’iy yo‘ldoshdan monitoring markazi (UNOSAT) o‘rtasidagi qo‘shma loyiha taqdimotida ma’lum qildi.
Pikkatning aytishicha, Livanning janubiy hududlarida, jumladan, Baalbekda UNESCO himoyasidagi keng hududlar mavjud.
«Baalbek jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obektlarni o‘z ichiga oladi. Bunday obektlarga qasddan uyushtirilgan hujumlar harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin», — deb ta’kidladi u.
UNESCO ma’lumotiga ko‘ra, Livanning janubiy hududlaridagi 34 ta madaniy meros obekti davom etayotgan mojaro tufayli xavf ostida. Ularning ayrimlari allaqachon katta talafot ko‘rgan.
G‘azo sektoridagi vaziyat yanada murakkab. Eskalatsiya boshlanganidan beri 69 ta madaniy meros obekti shikastlangan bo‘lib, ular qatorida 43 ta tarixiy bino, 6 ta yodgorlik, 7 ta arxeologik obekt va bir muzey bor.
UNOSAT bilan hamkorlikda UNESCO sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanib, zararni baholamoqda. Hujumlardan oldin va keyin olingan suratlarni solishtirish orqali mutaxassislar vayronagarchiliklarni aniqlab, ularning ko‘lamini tahlil qilmoqda.
Rossiya Ukrainada keskin ildamlamoqda
Reuters axborot agentligining xabar berishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi harakatlarini so‘nggi 2,5 yillik urush davomidagi eng tez sur’atda amalga oshirmoqda.
Mustaqil «Agenstvo» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi o‘tgan hafta davomida 235 km kvadrat ukrain hududini egallagan, bu 2024 yil uchun rekord ko‘rsatkichdir. Ukraina armiyasi bilan bog‘liq ma’lumotlarni tahlil qiluvchi DeepState guruhi noyabr oyida egallangan umumiy hudud maydonini 600 kv. km deb baholagan. Bu raqamlarni AQShning Urushni o‘rganish instituti (ISW) ham tasdiqlagan.
Institut hisobotida ta’kidlanishicha, Rossiya qo‘shinlarining ildamlashi iyul oyida Ukraina Kursk oblastiga bostirib kirganidan so‘ng yanada faollashgan. Shundan beri Rossiya sharqiy Ukrainadagi operatsiyalarini kuchaytirgan.
Hozirgi kunda eng keskin janglar Kuraxove atrofida davom etmoqda. Bu hudud Pokrovskka yo‘l ochuvchi muhim nuqta hisoblanadi. Pokrovsk esa Donetsk oblasti uchun asosiy transport tuguni sifatida ko‘riladi. Reuters agentligi tomonidan so‘ralgan tahlilchilarning fikricha, Rossiya Ukraina frontining butun chizig‘ida himoya nuqsonlaridan foydalanmoqda, ammo eng katta bosim Kuraxove-Pokrovsk yo‘nalishida kuzatilmoqda.
Moskva Ukrainada o‘z maqsadlariga erishishini, G‘arbning qarshiligiga qaramasdan, ta’kidlamoqda. Rossiya armiyasining shoshilinch harakatlari, ayniqsa Donald Trampning rus-ukrain mojarosini amalga kirishishi bilan tugatishiga oid va’dalaridan kelib chiqqan. Tramp mojaroni muzlatib, Rossiyaga uning egallab olgan hududlarini saqlab qolish imkoniyatini berishi mumkin.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa tinchlik faqat Rossiya qo‘shinlari barcha bosib olingan hududlardan to‘liq chiqarilib, Qrim ham qaytarilganidan keyingina ta’minlanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Tramp ortiq jinoyatchi emas
Amerikada Donald Trampning prezidentlik saylovlarini bekor qilishga qaratilgan harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortish harakatlari yakunlandi. Okrug sudyasi Tanya Chutkan 2020 yilgi saylov natijalarini bekor qilish urinishlari bo‘yicha ishni prokuraturaning talabiga ko‘ra bekor qildi. Bu qaror Adliya vazirligining amaldagi prezidentga nisbatan jinoiy ta’qibni taqiqlovchi siyosatiga asoslangan holda qabul qilindi.
Bu qaror bilan Donald Trampga nisbatan 2021 yil 6 yanvar voqealari, ya’ni Kapitoliy shturmi uchun jinoiy ish ochish harakatlariga chek qo‘yildi. Ayblovlardan birida Trampga maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlaganlik moddasi ham qo‘yilgandi.
Prokuraturaning ta’kidlashicha, ishlarni bekor qilish yetarli dalillar yo‘qligiga emas, balki huquqiy cheklovlarga asoslangan. Adliya vazirligining 1970-yillarda qabul qilingan siyosatiga ko‘ra, amaldagi prezidentni jinoiy javobgarlikka tortish Konstitutsiyaga zid va davlat rahbarining vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qiladi.
Prokuratura Trampning prezidentlik vakolati tugaganidan so‘ng ishlarni qayta ochish imkoniyatini ochiq qoldirdi. Ammo mutaxassislar shunday uzoq vaqt o‘tganidan so‘ng jinoiy javobgarlikka tortish qiyin bo‘lishini ta’kidlashmoqda.
Qirg‘izlar lotin alifbosi bilan qo‘rqitildi
Rossiya Qirg‘izistonning lotin alifbosiga o‘tish istagini tanqid ostiga oldi. Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Sergey Vakunov jurnalistlar bilan uchrashuvda, lotin alifbosiga o‘tish mamlakatning asrlar davomida shakllangan madaniy merosini yo‘qotishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. Holbuki, qirg‘izlar kirillcha alifbodan 84 yildan buyon foydalanmoqda.
«Til faqatgina so‘zlarning yozilishi emas. U madaniyat, an’analar, millatning ruhiyati, Qirg‘izistonning merosi. Uni bir zumda o‘zgartirishga arziydimi?» — degan elchi.
Vakunov noma’lum tilshunoslarga asoslanib, kirill alifbosi qirg‘iz tilining o‘ziga xos jihatlarini ifoda qilish uchun eng mos yozuv hisoblanishini aytgan. Elchi, shuningdek, lotin alifbosiga o‘tish avlodlar o‘rtasida «uzilish» yaratishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
«Qirg‘iz tiliga xos bo‘lgan «y» harfi lotin alifbosida qanday yoziladi va eng muhimi, qanday talaffuz qilinadi? 30 yildan keyin lotin alifbosi asosida ta’lim olganlar uni qanday tushunishadi?» — degan diplomat.
Vakunov Qirg‘iziston prezidentining lotin alifbosiga o‘tish masalasi hozircha kun tartibida emasligi haqidagi bayonotini eslab o‘tgan. Shuningdek, yozuvni o‘zgartirish katta moliyaviy xarajatlarni talab qilishini ham qayd etdi.
Turkiy xalqlar uchun yagona alifbo masalasi sentabr oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti yig‘ilishida muhokama qilingan edi. Unda 34 harfdan iborat lotin alifbosi tasdiqlandi. Noyabr oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Qirg‘iziston va Markaziy Osiyo davlatlarini bu alifboni joriy etish yo‘lida qadam tashlashga chaqirdi.
Rossiya maktablari cho‘chqa go‘shtidan voz kechmoqda
Rossiyaning Norilsk shahrida maktab oshxonalari menyusida cho‘chqa go‘shti o‘rniga go‘shtning boshqa turlari qo‘llanmoqda.
Norilsk maktab oshxonalarida yangi menyuni tatbiq etish bo‘yicha degustatsiya tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu jarayon o‘quv yili oxiriga qadar davom etadi.
Bosh ta’minotchi tashkilotga ko‘ra, cho‘chqa go‘shti o‘rniga mol va tovuq go‘shti taklif etilmoqda. Mol go‘shti bolalar uchun zarur bo‘lgan oqsil miqdori bo‘yicha lider hisoblanadi. Mol go‘shti sanitar xavfsizlik jihatidan ham afzal sanaladi, chunki cho‘chqa go‘shti bakteriya va parazitlar bilan ko‘proq zararlanish xavfiga ega.
Ko‘p millatli shaharning ko‘plab bolalari diniy sabablarga ko‘ra cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilmaydi. Bu ehtiyojlarni hurmat qilish maqsad qilingan.
Norilsk aholisining taxminan 10 foizini, bu 20 ming kishi, musulmonlar tashkil etadi. Ularning diniy ehtiyojlari bu qarorga kelishning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan.