Markaziy bank 2020 yilning II yarim yilligidagi bank tizimi likvidligi haqida ma'lumot berdi.
MB axborotiga ko‘ra, 2020 yilning II yarim yilligidagi bank tizimi likvidligi majburiy zaxiralash me'yorlaridagi o‘zgarishlar, ichki valuta bozorida talabning ortishi, qisqa muddatli pul-kredit siyosati va oltin narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi fonida shakllangan.
III chorak boshida joriy etilgan karantin (10 iyuldan 15 avgustgacha) sabab, aholini qo‘llab – quvvatlash maqsadida, hukumat xarajatlarining oshishi likvidlikni oshiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lgan.
Bundan tashqari, I yarim yillik davomida muomaladagi naqd pul mablag‘larining ortishi (asosan pensiya to‘lovlarining naqd pulda berilishi va pandemiya sabab plastik kartalaridagi mablag‘larning naqdlashtirilishi) kuzatilgan bo‘lsa, II yarim yillikda naqd pullarning bankka qaytishi hisobiga likvidlik oshgan.
MB tomonidan pul-kredit siyosati operatsiyalarining o‘tkazilishi pul bozoridagi foiz stavkalarining asosiy stavkaga yaqin bo‘lishini ta'minlagan.
2020 yilda banklarning likvidligi va pul mablag‘larining o‘rtacha kunlik aylanmasi o‘rtasidagi tafovut 2019 yilga nisbatan 38 foizga qisqargan. Bu likvidlikni taqsimlash samaradorligining oshganligi va pul bozoridagi operatsiyalarining oshganligini ko‘rsatadi.
Xususan, tijorat banklarining pul bozoridagi o‘rtacha oylik operatsiyalari 2020 yilning II yarmida 6,4 trillion so‘mni tashkil etgan va I yarim yillikka nisbatan 2,5 barobarga ko‘paygan.
2020 yilning ikkinchi yarim yilligida hukumat operatsiyalari bank tizimi likvidligini 5,8 trillion so‘mga oshirgan (asosan III chorakda 4,7 trillion so‘m).
Odatdan hukumat operatsiyalarining bank likvidligiga ta'siri mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, yilning I va IV choraklarida daromadlarning xarajatlardan ko‘pligi hisobiga likvidlikni kamaytiradi, II va III choraklarda xarajatlarning keskin ortishi sababli likvidlikni oshiradi.
2020 yilning II yarim yilligida jahonda koronavirus pandemiyasi sabab oltinning narxi oshib borgan va 1 troya unsiya uchun 1 900-2 000 dollar atrofida shakllangan. Natijada oltin eksportining oshishi sabab , II yarim yillikda Markaziy bank tomonidan ishlab chiqaruvchilarga jami 32,5 trillion so‘mlik to‘lovlar amalga oshirilgan.
MB ma'lumotlari bo‘yicha, yuzaga kelgan likvidlik ichki valuta bozoriga intervensiyalar orqali sterilizatsiya qilingan. Natijada MBning II yarim yillikdagi ichki valuta bozoriga sof intervensiyalari 31,7 trillion so‘mni tashkil etib, qimmatbaho metall xaridi natijasida yuzaga kelgan ortiqcha likvidlikning 98 foizi sterilizatsiya qilingan.
2020 yilning II yarim yilligida pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishi va fuqarolarning xorijiy valuta sotib olish hajmi oshishi bilan naqd pullarning bank tizimiga qaytishi kuzatilgan. Xususan, iyul-dekabr oylarida muomaladagi naqd pullar 3,5 trillion so‘mga yoki 12,4 foizga qisqargan va likvidlikka ta'siri 6,3 trillion so‘mni tashkil etgan.
«Likvidlik» – moddiy boyliklarni va boshqa aktivlarni tez sotish va moliya vositalariga aylantirish qobiliyatini anglatadi. Ushbu tushunchaga yaqin – «to‘lov qobiliyati» bank tomonidan o‘z to‘lov majburiyatlarining vaqtida va to‘liq bajara olish qobiliyatini bildiradi. Demak, likvidlik to‘lov qobiliyatining zururiy va majburiy sharoitidir. Ya'ni, tijorat banki likvidligi deganda — aktivlarni naqd pul sifatida ishlata olish yoki zudlik bilan ularni naqd pulga aylantirish imkoniyati yoxud qobiliyati tushuniladi.