«Samarqand Darvoza» savdo-ko‘ngilochar markazi ma'muriyati – «SD Mall» MChJ xodimlari «Makro» supermarketi joylashgan savdo zali va omborxonani energiya ta'minotidan uzib qo‘ygani iddao qilinmoqda.
«Makro» («Darvoza savdo» MChJ) rasmiy vakilining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ushbu hodisadan so‘ng, eng birinchi navbatda kompaniya obro‘siga putur yetgan. Shuningdek, kompaniya moliyaviy zarar ko‘rdi.
«Yuzaga kelgan holat, O‘zbekiston qonunchiligiga binoan, ijara to‘g‘risidagi shartnoma talablarini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzadi», – deya munosabat bildirmoqda «Makro» vakili.
Voqealar nimadan boshlandi?
2021 yili 7 yanvar kuni «Majid Al Futtaim» va «UzOman» strategik hamkorlik aloqalarini o‘rnatishi haqida xabar tarqaldi. Ta'kidlanishicha, ushbu uzoq muddatli sheriklik doirasida ikkala kompaniya ham o‘z imkoniyatlari va tajribalarini birlashtirib, mamlakatda zamonaviy chakana savdoni rivojlantirish, O‘zbekiston iqtisodiyoti va sanoatiga katta hissa qo‘shishdir.
«Majid Al Futtaim» Toshkentda ikkita yangi «Carrefour» gipermarketini ishga tushirmoqda. Do‘konlarning ochilishi joriy yilning mart-aprel oylariga rejalashtirilgan. Gipermarketlar «UzOman»ga tegishli bo‘lgan eng yirik «Samarqand Darvoza» va «Compass» savdo-ko‘ngilochar markazlarida joylashadi. Mamlakatda «Carrefour» kompaniyasi faoliyatining kengayishi uning 2020 yil dekabr oyida birinchi supermarketi ochilishidan boshlandi va bu brendning o‘zbek jamiyatiga tanlangan ishonchli hamkor bo‘lishini kafolatlaydi», – deyiladi xabarda.
Anglashiladiki, O‘zbekistondagi yirik savdo-ko‘ngilochar «Samarqand Darvoza» va «Compass» markazlari ma'muri – «O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi» MChJ o‘z binolarida ijara huquqi asosida faoliyat yuritayotgan «Makro» supermarketlari bilan tuzilgan shartnomani bekor qilmay, ushbu nuqtalarda «Majid Al Futtaim» kompaniyasiga tegishli «Carrefour» supermarketlari ish boshlashini ma'lum qildi.
«Joyni bo‘shating»
«Makro» vakilining Kun.uz’ga aytishicha, «Samarqand Darvoza» ma'muriyati shu yilning 6 yanvar kuni («Majid Al Futtaim» va «UzOman» strategik hamkorlik aloqalarini o‘rnatishi haqdagi xabar tarqalishidan bir kun avval) ijaraga olingan maydonni qaytarib berishni so‘rab, xat yo‘llagan.
«Makro» vakili quyidagi sabablarga ko‘ra, ushbu talab qonuniy emas, deb hisoblaydi.
«Ijara shartnomasi va unga ilova qilingan hujjatlar amal qilgan muddat ichida «SD Mall» MChJ («Samarqand Darvoza» ma'muri – tahr.) tomonidan ijara shartnoma shartlari buzilgani bo‘yicha biror shikoyat kelib tushmagan. Shuningdek, ijara haqini oshirish orqali ijara shartnomasini 10 yilga uzaytirish bo‘yicha «Darvoza savdo» MChJ («Makro» savdo belgisi egasi – tahr.) tomonidan bir necha marta taklif bildirilgan. Bundan tashqari, «Samarqand Darvoza»da «Carrefour» ochilishi haqidagi xabarni tarqatish «Makro» huquqlarini poymol etadi», – deya fikr bildirdi supermarketlar tarmog‘i vakili.
Kun.uz’ga ma'lum bo‘lishicha, supermarket tarmoqlari vakillarida «SD Mall» bilan munosabatlarni sudga qadar hal etish imkoniyati bo‘lmadi. Shu tufayli, «Darvoza Savdo» MChJ sudga ariza kiritishga majbur bo‘ldi.
«Ish sud tartibida hal etilguncha, binodagi joy «Darvoza Savdo» MChJ huquqiy foydalanishida ekanligiga qaramay, savdo zali va omborxona energiya ta'minotidan uzib qo‘yildi», – deydi «Darvoza Savdo» MChJ vakili.
Kun.uz «Samarqand Darvoza» savdo-ko‘ngilochar markazi ma'muriyati bilan bog‘lanib, holatga aniqlik kiritishga harakat qildi. «SD Mall» ushbu masala yuzasidan hozircha munosabat bildirmadi.
Ma'lumot uchun, «Samarqand Darvoza» savdo-ko‘ngilochar markazi 2013 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, markaz faoliyatining ilk kunlaridanoq uning savdo zalida «Makro» supermarketi ish boshlagan.
«Samarqand darvoza» kimga tegishli?
O‘zbekistondagi yirik ko‘ngilochar va savdo markazlariga sarmoya kiritgan «O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi» haqida ma'lumotlar yetarli emas.
Avval, «Samarqand Darvoza» savdo-ko‘ngilochar markazi The Tower Mall management group’ga tegishli bo‘lgan. 2019 yili ushbu markaz «O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi» MChJga sotilgan. Uning ta'sischiligida tashkil etilgan «SD Mall» MChJ savdo markazini boshqaradi.
«O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi»ning «SD Mall» MChJ ustav fondidagi ulushi 82 foizni tashkil etadi. Jamiyatning 18 foizi Azizxo‘ja Abbosxo‘jayevga tegishli bo‘lib, u mamlakatdagi yirik farmatsevtik kompaniyalardan biri – «Grand Pharm Trade» MChJ ta'sischisi (ustav fonddagi ulushi 60 foiz) sifatida tanish sanaladi.
«Samarqand darvoza»da katta ulushga ega «O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi» O‘zbekistonda 2010 yili 17 fevralda davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, uning ta'sischilari O‘mon sultonligi davlat bosh zaxira jamg‘armasi (75 foiz) hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (25 foiz) hisoblanadi.
Ushbu kompaniya O‘zbekistondagi «Polifleks» MChJ, «Prime Ceramics» QK MChJ, «Bektemir metall konstruksiyalari» MChJ, «Binket Group» MChJ, «Magic Fruit» MChJ, «Temiryo‘l-sug‘urta» MChJ, «Uzbek Leasing International A.O.» AJ, «Universal Logistics Services» va «Real Estate Investment» kompaniyalari ustav fondida ma'lum ulushga ega.
Alisher Ro‘zioxunov