Avvalroq joriy yil 15-31 yanvar kunlari «PIK Industriya» AJ va «Texstroy» MChJ qurilish korxonalari vakillari Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni tanlov asosida suhbatdan o‘tkazishni rejalashtirgani haqida xabarlar berilgan edi.
Xabarlarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri aholisi uchun sinovlar Samarqand shahridagi Transport kolleji binosida 25-31 yanvar kunlari o‘tkazilishi ma'lum qilingan edi. Ammo grafikdan 2 kun kechikib boshlangan bu tanlovga Sirdaryo viloyati fuqarolari yuborilmagan.
Sirdaryo viloyatidan yo‘llangan murojaatda yozilishicha, Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar viloyat tashqi migratsiya boshqarmasiga murojaat qilganida, boshqarma xodimlari ularni Samarqandga borishdan qaytargan va birida sinovlar qoldirilganini, yana birida keyinroq Sirdaryo viloyatining o‘zida o‘tkazilishini bildirgan. Yana bir safar esa Rossiya qurilish korxonalari Farg‘ona va Urganchda ko‘p odam olgani uchun Sirdaryo viloyatidan Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni sinovdn o‘tkazishga ehtiyoj qolmagani aytilgan.
Masalaga oydinlik kiritish uchun avval Tashqi migratsiya agentligining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Isroilov bilan bog‘landik. Uning aytishicha, viloyat huquqni himoya qilish organlari sinov boshlanishidan avval Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni Samarqandga yubormaslikni so‘ragan. Buning sababini ular Samarqandga ko‘p odam borsa, karantin qoidalariga ham zid bo‘lishini va tashkilotchilar borganlarning barchasini sinovdan o‘tkazib ulgura olmasligi mumkinligi bilan izohlagan.
«Hali aniq sanasini aytishmadi, ammo 3 yoki 4 fevral kuni sinovlar o‘zimizning viloyatda bo‘lar ekan. Ammo bizga hali aniq sanani aytishmadi. Shu uchun fuqarolarni qaytaryapmiz. Aks holda avtobuslargacha gaplashib qo‘ygan edik», dedi Sirojiddin Isroilov.
Shundan so‘ng, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sinov o‘tkazilishi haqidagi xabarlarda ko‘rsatilgan +99871 202-33-55 raqamiga qo‘ng‘iroq qildik. Savollarimizga javob bergan 5-raqamli operator (u o‘zini shunday deb tanishtirdi) Rossiya qurilish korxonalari tomonidan Farg‘ona va Urganchda o‘tkazgan sinovlarga mo‘ljaldagidan ancha ko‘p odam kelgani, shu sababli sinovlar ortga surilganini ma'lum qildi.
Uning aytishicha, Samarqandda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan sinovlar 2 kun kechikib boshlangan. Shu bois sinovlar 31 yanvar emas, 5 fevralgacha davom ettirilishi belgilangan. U Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklar sinovdan o‘tish uchun Samarqandga yuborilmaganini tasdiqlab, 3 fevral kuni Samarqandda kun davomida faqat Sirdaryo viloyatidan bo‘lgan talabgorlar sinovdan o‘tkazilishini ma'lum qildi.
Oradan biroz o‘tib, agentlikning Sirdaryo viloyati boshqarmasi nega bu haqda ma'lumotlarga ega emasligini aniqlash uchun Tashqi migratsiya agentligiga qayta qo‘ng‘iroq qilganimizda bu safar boshqa operator javob berdi. U ham Farg‘ona va Urganchda sinovga ko‘p odam kelganini va grafik buzilganini tasdiqladi. Uning aytishicha, Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklardan o‘z texnikasi borlarning Samarqandga borishiga to‘sqinlik qilinmagan. Faqat shaxsiy avtotransporti yo‘qlar Samarqandga borib kelishda yo‘lkira sarflamasligi va birinchi kun sinovdan o‘tishga ulgurmasa, yotoq topishda muammolarga duch kelmasligi uchun, ularga sinovlarni 3 fevralda Sirdaryo viloyatining o‘zida o‘tkazish belgilangan.
Shu joyda har ikkala operatorning sirdaryoliklar uchun sinovlar qayerda bo‘lib o‘tishi haqida ikki xil javob berishi, buning ustiga agentlikning Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i aniq ma'lumotlarga ega emasligi juda ajablanarli holat.
Shundan so‘ng, Kun.uz muxbirlari holatga yanada oydinlik kiritish maqsadida Samarqand shahrida sinovlar bo‘lib o‘tishi belgilangan Spitamen shohko‘chasi 270-manzilda joylashgan Samarqand transport kolleji binosiga bordi. Ammo u yerda hech kim yo‘q edi. Qorovulning aytishicha, manzil o‘zgargan va sinovlar shaharning Mirzo Bedil ko‘chasidagi 18-A manzilda joylashgan Samarqand avtomobilsozlik kollejiga ko‘chirilgan. Transport kollejiga kelganlar, ikkita kollejning orasi uncha uzoq emas, avtomobilsozlik kollejiga yuborilgan.
Samarqand avtomobilsozlik kollejida savollarimizga Tashqi migratsiya agentligining tashkiliy ishga joylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Azamatjon Matlyubov javob berdi. U manzil o‘zgarganini izohlar ekan, Samarqanddagi asosiy ko‘chalardan biri bo‘lgan Spitamen shohko‘chasi tirband bo‘lib ketishining oldini olish uchun, sinovlar Mirzo Bedil ko‘chasidagi kollejga ko‘chirilganini ma'lum qildi.
Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklarning sinovga qo‘yilmagani haqidagi savolga A.Matlyubov, Sirdaryo viloyatidan o‘z shaxsiy mashinasida keladiganlar uchun hech qanday cheklov bo‘lmaganini, faqat shaxsiy mashinasi yo‘qlar yo‘lkira sarflamasligi uchun sinovga yuborilmaganini, ular uchun 5 fevralgacha Sirdaryo viloyatining o‘zida sinovlar tashkil etilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qildi. Shundan so‘ng, A.Matlyubov bugun sinovda qatnashganlarning viloyatlar kesimidagi ma'lumotlarini ko‘rsatdi, unda bir qancha sirdaryoliklar ham bor edi.
«Sinovlar 31 yanvar kuni tugashi kerak edi. Ammo Farg‘ona va Urganchda mo‘ljaldagidan ham ko‘p odam kelgani grafikni 2 kunga kechiktirdi. Shu sababli xohlovchilarning barchasiga imkoniyat berish uchun sinovlar 5 fevralgacha davom ettirilishi belgilandi. Farg‘ona va Urganchda ko‘rdik, juda ko‘p odam keldi. Tabiiyki, ayrimlar karantin qoidalariga ham amal qilmadi. Shu sababli, Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklar uchun 5 fevralgacha Sirdaryo viloyatining o‘zida sinov o‘tkazilishi rejalashtirilayapti. Ammo o‘z ulovida Samarqandga kelganlar ham qaytarilmaydi», dedi A.Matlyubov.
Tashqi migratsiya agentligining telegramdagi rasmiy kanalida ham, saytida ham na Samarqandda sinovlar o‘tkaziladigan manzil o‘zgargani, na grafik ikki kunga kechikkani va na 3 fevral kuni Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklar uchun viloyatning o‘zida sinov o‘tkazilishi haqida ma'lumot topa olmadik.
Qolaversa, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bergan operatorlarning gapi, A.Matlubovning so‘zlariga mos kelmayapti. Ulardan biri sirdaryoliklar 3 fevralda Samarqandda sinovdan o‘tadi degan bo‘lsa, ikkinchisi 3 fevralda Sirdaryo viloyatida o‘tadi dedi. Matlyubov esa faqat rejalashtirayapti degan gap bilan cheklandi. Qisqasi Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan sirdaryoliklar uchun sinov qachon, qayerda bo‘lib o‘tishi hozircha aniqmas. Mana shu o‘rinda nega agentlikning Sirdaryo viloyat boshqarmasidagilar aniq ma'lumotlarga ega emasligi oydinlashadi.
Bundan tashqari, karantin qoidalari amal qilayotgan paytda Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan talabgorlar ko‘p bo‘lishi inobatga olinmay, 9 ta hudud aholisi uchun sinovlar faqat Samarqandda o‘tkazilishi ham tushunarsiz. Axir, Samarqandga Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan odamlar ko‘p kelgani uchun baribir qaysidir viloyatlarda alohida sinov tashkil qilinyapti-ku! Nega boshidan shunaqa qilinmagan? O‘ylaymizki, Tashqi migratsiya agentligi keyingi sinovlarda barchasini inobatga oladi.