Markaziy bank 15 fevraldan boshlab, valuta kursidagi o‘zgarishni har kuni e'lon qiladi

Iqtisodiyot 17:10 / 29.01.2021 9294

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan 2021 yil 9 yanvarda ichki valuta bozorida valuta oldi-sotdi operatsiyalarining amalga oshirilishini yanada takomillashtirish borasida qaror qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021 yilning 15 fevralidan boshlab, ichki valuta bozorida amalga oshiriladigan valuta oldi-sotdi savdolari bo‘yicha quyidagilar joriy etiladi:

  • O‘zbekiston respublika valuta birjasida savdo sessiyalari amaldagi «fiksing» (belgilash, qiymatni o‘rnatish) usulidan «koll auksion» va ikki tomonlama uzluksiz auksion «metching» (talabga ko‘ra taklifning paydo bo‘lishi) savdo usullariga o‘tkazilishi;
  • valuta birjasida valuta oldi-sotdisi bo‘yicha savdo sessiyalarining soat 10.00 dan 15.00 gacha «Onlayn platforma» orqali amalga oshirilishi;
  • valuta birjasida valuta oldi-sotdisi bo‘yicha hisob-kitoblarning hozirda mavjud T+0 (bugungi ish kuni) shaklidan T+1 (keyingi ish kuni) shakliga o‘tkazilishi;
  • tijorat banklarining valuta birjasi savdolarida mijozlar nomidan ishtirok etish amaliyotidan voz kechgan holda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar bilan valuta operatsiyalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri valuta pozitsiyasi orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, qarorga muvofiq, Markaziy bankning valuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun chet el valutalarining so‘mga nisbatan rasmiy kurslari kunlik belgilanadi va har bank ish kuni soat 16:00da Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e'lon qilib boriladi.

Shu bilan birga, qarorda valuta bozorini rivojlantirishning keyingi bosqichlarida valuta operatsiyalari bo‘yicha savdo ishtirokchilarining umume'tirof etilgan eng namunali amaliyotlarni o‘z ichiga olgan «Etika kodeksi»ning qabul qilinishi hamda tijorat banklarining «market-meykerlar» sifatida ishtirokini yo‘lga qo‘yish maqsadida ularga beriladigan imtiyoz va majburiyatlarni o‘zida aks ettiruvchi «Market-meykerlik faoliyati to‘g‘risida»gi me'yoriy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur qaror bilan «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan valuta intervensiyalari strategiyasi» tasdiqlandi. Strategiyada Markaziy bankning valuta intervensiyalari tamoyillari, shakllari hamda intervensiyalarni amalga oshirishning maqsad va vazifalari qayd etildi.

6 yanvar kuni o‘tkazilgan Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev xorijiy valuta kurslarining almashinuv qiymati bo‘yicha ma'lumotlar bosh regulyator tomonidan har kuni e'lon qilinishini aytgandi.

Hamroyevning ta'kidlashicha, Markaziy bank tomonidan shu yil amalga oshirilishi maqsad qilingan asosiy rejalardan biri – milliy valutaning chet el valutasiga qaramligini kamaytirish va inflatsiya darajasining 10 foizdan oshib ketmasligini ta'minlashdir. Shuningdek, tadbirkorlar tijorat banklaridan onlayn tarzda buyurtma berib to‘g‘ridan to‘g‘ri valuta xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

«Markaziy bank valuta bozorini erkinlashtirish borasida 2017 yilda dastlabki qadamlarni qo‘ygan edi. Prezidentning murojaatnomasida uni yangi bosqichga ko‘tarish oldimizga vazifa qilib qo‘yildi. Ya'ni, tadbirkorlar uchun valuta xaridi yanada osonlashishi kerak», – degandi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov.

Prezident murojaatnomasida joriy yilda narx-navo o‘sishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va hukumatning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta'kidlangandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil uchun inflatsiya darajasi 11,1 foizni tashkil etgani haqida xabar berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: