Jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lash muddati hisobot yilining 1 dekabrigacha belgilanadi. Bunda soliqning miqdori to‘lov kuniga belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Davlat soliq qo‘mitasining axborotiga ko‘ra, jismoniy shaxslarga mehnat staji hisoblanishi uchun yiliga kamida bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashning yangi tartibi belgilangan.
Ta'kidlanishicha, soliq to‘lanishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) ixtiyoriy tartibda:
- o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar;
- mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan fuqarolar, shuningdek, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan savdo uylarida, vakolatxonalarda (shu jumladan, yuridik shaxs tashkil etmasdan), tashkilotlarda ishlayotgan fuqarolar;
b) majburiy tartibda:
- «Usta-shogird» maktablari o‘quvchilari tomonidan, ular yigirma besh yoshga to‘lguniga qadar ishlagan davrida;
- dehqon xo‘jaliklari, shuningdek, maydoni to‘rt sotixdan kam bo‘lmagan dehqon xo‘jaligida, tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yoki ushbu maydonda qoramol yoxud ellik boshdan kam bo‘lmagan xonaki parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar. Bunda, dehqon xo‘jaligi rahbari soliqni majburiy tartibda to‘laydi, boshqa a'zolari va ko‘rsatilgan jismoniy shaxslar esa ixtiyoriy asosda to‘laydi.
Ushbu toifadagi jismoniy shaxlar uchun soliq to‘lash muddati hisobot yilining 1 dekabrigacha belgilangan. Bunda, soliqning miqdori to‘lov kuniga belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanganligi haqida ma'lumot berilgandi.
Avvalroq, taksichilarni ham o‘zini o‘zi band qiluvchilar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ish olib borilayotganligi ma'lum qilingandi.