2020 yilda aholining umumiy daromadlari haqida ma'lumot berildi

Iqtisodiyot 21:27 / 26.01.2021 4709

Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yilning yanvar-dekabr oylaridagi aholining umumiy daromadlari haqida ma'lumot berdi.

Qo‘mita axborotiga ko‘ra, 2020 yil davomida aholining umumiy daromadlari 405,1 trillion so‘mni tashkil qilgan. Aholi daromadlarining nominal o‘sish sur'ati 15,9 foiz, mos ravishda aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur'ati 2,6 foiz ekanligi qayd etilgan.

Nominal daromadlar, masalan, ishchining muayyan vaqt davomida (oyda, yilda) oladigan daromadi hisoblanadi. Real daromadlar esa nominal daromadlar xarid quvvatining o‘zgarishini ifodalaydi, ya'ni olingan daromadga qancha miqdordagi tovar va xizmatlarni xarid qilish mumkinligini ko‘rsatadi.

Real daromad nominal daromad hajmini iste'mol narxlari indeksi (inflatsiya darajasi)ga bo‘lish orqali aniqlanadi. Shuning uchun, aholi daromadlarini yillar va hududlar bo‘yicha taqqoslaganda nominal daromaddan emas, real daromaddan foydalaniladi.

Bundan tashqari, aholi jon boshiga umumiy daromadlari 11 million 700 ming so‘mni tashkil qilgan. Mos ravishda aholi jon boshiga umumiy daromadlarining nominal o‘sish sur'ati 13,7 foizni, real o‘sish sur'ati 0,7 foiz ekanligi qayd etilgan.

2020 yilning yanvar-dekabr oylarida aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi Toshkent shahrida, Navoiy, Buxoro, Toshkent, Xorazm viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatilgan. Shu o‘rinda aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi eng quyi ko‘rsatkichlari Farg‘ona, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan.

Ta'kidlanishicha, aholi umumiy daromadlarining 69,3 foizini mehnat faoliyatidan olingan daromadlar, 25,5 foizini transfertlardan olingan daromadlar, 3 foizini mol-mulkdan olingan daromadlar, 2,2 foizini shaxsiy iste'mol uchun o‘zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan olingan daromadlar tashkil qilgan.

Avvalroq 2020 yilda respublika yalpi ichki mahsuloti (YaIM)ning o‘sish sur'ati 1,6 foizni tashkil qilganligi ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: