21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev respublikadagi inflatsiya darajasi haqida ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, 2020 yilda inflatsiya darajasi 2019 yildagiga nisbatan 4,1 foizga pasaygan bo‘lsa-da, oziq-ovqat mahsulotlarida inflatsiya darajasi 15,3 foizni tashkil etgan. Buning asosiy sababi pandemiya tufayli mahsulot sotish, yetkazib berish va logistika omillari taklifining kamayishiga olib kelgani bilan izohlangan.
Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, 2 million so‘mdan kam daromad topadigan aholining qariyb 60-70 foiz daromadi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga sarflanadi. Bu raqamlar inflatsiya darajasini oddiy aholining kundalik turmushiga sezilarli ta'sir ko‘rsatganligini anglatadi.
O‘z navbatida ishlab chiqarishda karantin sabab muammolar kuzatilishi oziq-ovqatlar va xizmat ko‘rsatish sohalarida talab jihatdan ham inflatsiyaga ta'sir ko‘rsatganligi ta'kidlandi.
«2021 yilda inflatsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan fundamental omillar yo‘q, ammo ayrim tovarning bir martalik narxlari oshishi kuzatilishi mumkin», – dedi Behzod Hamrayev.
Shuningdek, 2021 yil uchun inflatsiya darajasi 9-10 foiz bo‘lishi prognoz qilindi. Inflatsiyani kamaytirish maqsadida Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda choralar ko‘rilishi haqida ma'lumot berildi.
2020 yil davomida iste'mol bozoridagi inflatsiyaning o‘sish darajasi 11,1 foiz bo‘lganligi ma'lum qilingandi.
Markaziy bank raisi bosh regulyatorning 2021 yildagi asosiy maqsadi inflyatsion targetlash siyosatini davom ettirish hamda inflatsiya ko‘rsatkichini 10 foizdan oshirmaslikdan iboratligini ta'kidlagandi.